Yevropa mamlakatlarida yurtimizda yetishtirilgan sarhil meva sabzavotlarlarga bo‘lgan ta'lab yildan yilga ortib bormoqda.
Eksport xajmini oshirish orqali mahsulotlarimiz uchun ushbu mintaqa bozorlari ana'naviy bo‘lib qolishida “O‘zdavkarantin” ispeksiyasi tomonidan bir qator amaliy ishlar olib borilyapti.
Jumladan, ushbu yo‘nalishda inspeksiya va O‘zbekiston Respublikasining Londondagi elchixonasi bilan hamkorlikda, Buyuk Britaniyaga o‘zbek qishloq xo‘jaligi mahsulotlari eksportini kengaytirish rejalashtirilgan.
Joriy yilning 19-avgustida "O‘zdavkarantin" inspeksiyasi vakillari, Buyuk Britaniya atrof-muhit, oziq-ovqat va qishloq xo‘jaligi vazirligi (DEFRA) o‘rtasida videokonferensiya o‘tkazildi. Unda fitosanitariya sohasida o‘zaro manfaatli hamkorlik masalalari muhokama qilindi.
Videokonferensiya doirasida O‘zbekiston qishloq xo‘jalik mahsulotlarini Buyuk Britaniya bozoriga olib kirish uchun qo‘shimcha fitosanitariya ruxsatnomalarini berish va inspeksiyaning ilmiy salohiyatini mustahkamlash bo‘yicha muzokaralar olib borildi.
Britaniya tomoni O‘zbekistonda fitosanitariya sohasida olib borilayotgan islohotlarni mamnuniyat bilan qabul qildi. Xususan, so‘nggi yillarda erishilgan natijalarga to‘xtalib, O‘zbekistonning Xalqaro o‘simliklarni himoya qilish konvensiyasiga qo‘shilishi, xalqaro standartlar uyg‘unlashtirilgani va bu orqali O‘zbekistonda o‘simliklar karantin tizimini yangi bosqichga ko‘tarilganini ta'kidladi.
Shuningdek, britaniyaliklar O‘zbekistonda qo‘llaniladigan fitosanitariya choralari bo‘yicha taqdim etilgan ma'lumotlarni o‘rganish natijalariga ko‘ra anor, gilos, olxo‘ri, nektarin, shoftoli, xurmo, olma, nok, uzum, limon, achchiq qalampir va pomidor singari jami 12 ta mahsulotni Buyuk Britaniyaga eksport qilish imkoniyati to‘g‘risida ma'lumot berdi.
Shu bilan birga, O‘zbekistondan mahsulotlarni olib kirishda eksport qiluvchi, britaniyaning bog‘dorchilik inspeksiyasi (REASN) veb-saytida quyidagi havola orqali ro‘yxatdan o‘tishi kerak bo‘ladi.
http://ehmipeach.defra.gov.uk/Default.aspx?Module=Register
Ma'lumki, Buyuk Britaniyaning ilmiy bazasi eng rivojlanganlardan biri bo‘lib, buning tasdig‘i sifatida "CAVI" informasion portalini keltirishimiz mumkin. U ilmiy nashrlar, tadqiqotlar, kommunikasiyalarga ixtisoslashgan notijorat tashkilot hisoblanadi. Shuningdek "CAVI" xalqaro fitosanitariya tadqiqotlari va ishlanmalariga ega eng katta bibliografik ma'lumotlar bazasidir.
Muzokaralar yakunida “O‘zdavkarantin” inspeksiyasi ilmiy fitosanitariya sohasida yanada batafsilroq rejani tayyorlashi va uni Britaniya tomoniga ko‘rib chiqish uchun yuborishi kelishib olindi.
Bundan tashqari, Respublikamiz mintaqalarida laboratoriya diagnostikalarini tashkil etish uchun grantlar ajratilishi masalalari ham muhokama qilindi.
Manba: O‘zbekiston Respublikasi O‘simliklar karantini va himoyasi agentligi