Kuni kecha Rossiya Federatsiyasining Moskva shahrida tashkil qilingan professional boks kechasida hamyurtimiz Ravshan Mahamadjonov ulkan muvaffaqiyatga erishdi. Yosh bokschimiz WBC YOUTH kamari uchun kechgan jangda ukrainalik Voldomir Gordienkoga qarshi ringga ko‘tarilib, raqibini mag‘lubiyatga uchratdi.
Ta'kidlash joiz, WBC YOUTH professional boksda ishtirok etayotgan 23 yoshgacha bo‘lgan charm qo‘lqop ustalari uchun jahon chempionlik kamari hisoblanadi. Reglamentga ko‘ra, chempionlik jangi 8 raundga mo‘ljallangan edi va unda Mahamadjonov yaqqol ustunlik namoyish qildi.
Hamyurtimiz ushbu g‘alabadan so‘ng bugun Toshkentga qaytib keldi. Bokschimizni kutib olish marosimida MOQ nomidan Bosh kotib Oybek Kasimov, Jismoniy tarbiya va sport vazirining birinchi o‘rinbosari Ravshan Irmatov, O‘zbekiston professional boks federatsiyasi vakillari, sportchimizning yaqinlari va muxlislar ishtirok etdi.
Ma'lumot uchun, Ravshan Mahamadjonov 1999-yil Toshkentda tavallud topgan. 2017-yildan professional boksga kirib kelgan. Yosh bokschimiz shu paytgacha 10 ta jang o‘tkazgan bo‘lib, ularning barchasida g‘alaba qozongan. O‘zbekiston Milliy olimpiya qo‘mitasi Ravshan Mamajonovning kelgusi faoliyatida ham ulkan muvaffaqiyatlar tilab qoladi.
Manba: O‘zbekiston Milliy Olimpiya qo‘mitasi