Navoiy viloyatida investisiya, sanoat va eksport faoliyatini kuchaytirish chora-tadbirlari ishlab chiqildi
Joriy yilning 7-sentabr kuni O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazirining o‘rinbosari S.Umurzakov rahbarligida hamda vazirliklar, idoralar, sanoat birlashmalari, tijorat banklari va mahalliy hokimliklar rahbarlaridan iborat eksport va investisiyalarni rivojlantirish masalalari bo‘yicha Hukumat komissiyasi Navoiy viloyatining sanoat korxonalarini va investisiyaviy loyihalarini inventarizasiyadan o‘tkazish hamda viloyatning iqtisodiy salohiyatini yuksaltirish bo‘yicha olib borilgan ishlar yakunlarini sarhisob qildi.
2-7 sentabr kunlari joylarga chiqqan holda Komissiya a'zolari tomonidan viloyatda olib borilgan ishlar davomida 3083 ta sanoat korxonasining faoliyati o‘rganildi va natijada 460 ta korxona hozirgi vaqtda foydalanishga topshirilmaganligi, faoliyatini to‘xtatganligi yoki vaqtincha to‘xtatib qo‘yganligi hamda ishlab chiqarish hajmi yoki byudjetga soliq tushumlarini kamaytirganligi aniqlandi. Tadbirkorlar va investisiya loyihalari tashabbuskorlari bilan olib borilgan manzilli ishlar natijasida yer uchastkalarini ajratish, aylanma mablag‘larni to‘ldirish va texnologik uskunalar sotib olish uchun kredit resurslarini olish, muhandislik kommunal tarmoqlarga ulanish, zarur ruxsatnomalar va lisenziyalarni, xalqaro sertifikatlarni rasmiylashtirish, oldindan to‘langan qo‘shilgan qiymat solig‘i summalarini qaytarish kabi hamda xorijiy mijozlarning yo‘qligi, debitor qarzlar va boshqa omillar mavjudligi aniqlandi.
Tarmoq idora va birlashmalari, tijorat banklari va mahalliy hokimiyat organlarining mas'ul rahbarlari tomonidan mazkur sanoat korxonalari faoliyatini qayta tiklashda amaliy yordam ko‘rsatish bo‘yicha tezkor chora-tadbirlar amalga oshirildi.
10,6 trln so‘mlik 699 ta sanoat loyihasini qamrab oluvchi hududiy investisiya dasturi qayta ko‘rib chiqildi: har bir loyiha ishlab chiqarish quvvati, eksport salohiyati, rentabellik, qoplash muddati, shuningdek, ijtimoiy-iqtisodiy samara berish kabi mezonlarga muvofiq baholandi.
Sanoat korxonalari o‘rtasidagi kooperasion aloqalarni rivojlantirish yo‘nalishida katta ishlar olib borildi: viloyatning tuman va shaharlardagi xom ashyo zahiralarining salohiyati va mavjud ishlab chiqarish quvvatlarini o‘rganish yakunlari bo‘yicha 21 ta sanoat sektorlarida ilmiy-ishlab chiqarish klasterlarini yaratish bo‘yicha 34 ta investisiya loyihalari shakllantirildi. Karmana, Navbahor va Xatirchi tumanlarida 5 ta to‘qimachilik-trikotaj klasterlari, Navoiy va Zarafshon shaharlarida, shuningdek, Nurota, Qiziltepa va Karmana tumanlarida 9 ta qurilish materiallarini ishlab chiqarish sohasida klasterlar yaratiladi. Shu bilan birga, ishlab chiqarilayotgan mahsulotlar sifatini xalqaro standartlarga muvofiqligini ta'minlashga alohida e'tibor qaratildi, buning uchun “Uzstandart” Agentligi tomonidan bir qator sinov laboratoriyalari yaratiladi va tashkil etilayotgan klasterlarda faoliyat ko‘rsatadigan sifat nazorati bo‘yicha mutaxassislar uchun o‘quv kurslari tashkil etiladi.
Navoiy viloyati importining tahlili asosida hududiy mahalliylashtirish dasturiga ichki bozorda eng ko‘p talabga ega bo‘lgan tovar va mahsulotlar importining o‘rnini bosishga qaratilgan qo‘shimcha 34 ta yangi loyihalarni amalga oshirilishi rejalashtirildi. Ular orasida - kimyoviy moddalar, polimer materiallar, sanoat dastgohlari va qurilmalari, rezinotexnik buyumlar, maxsus uskunalar uchun butlovchi qismlar, elektr jihozlari va boshqa mahsulotlar bor. Yangi loyihalarni hisobga olganda 2021 yil yakuni bo‘yicha mahalliylashtirish dasturiga muvofiq barcha 39 ta loyihaning amalga oshirilishi sanoat mahsulotlari ishlab chiqarilishini 396,1 mlrd so‘mga oshirish va 1200 taga yaqin yangi ish o‘rinlarini yaratish imkonini beradi.
“Navoiy” erkin iqtisodiy zonasi faoliyatini samaradorligini oshirish bo‘yicha chora-tadbirlar ishlab chiqilgan bo‘lib, uning hududida hozirgi kunga qadar qiymati 206,7 mln dollarlik 42 ta loyiha amalga oshirildi, buning hisobiga 2,5 mingta yangi ish o‘rinlari yaratildi. 2020-2021 yillarda ushbu zona hududida qariyb 5 mingta yangi ish o‘rinlari yaratish bilan umumiy qiymati 487,4 mln dollarlik 53 ta loyihani amalga oshirish rejalashtirilgan.
Bundan tashqari, viloyatning 3 ta kichik sanoat zonalarida 2020-yil oxiriga qadar umumiy qiymati 296 mlrd so‘m bo‘lgan 27 ta investisiya loyihalarini amalga oshirish rejalashtirildi, buning hisobiga 1,4 mingta yangi ish o‘rinlari yaratiladi.
Kichik sanoat zonalarining investisiya jozibadorligini ta'minlash hamda mavjud va yangi tashkil etilayotgan sanoat korxonalarining barqaror ishlashi uchun zarur shart-sharoitlarni yaratish uchun joriy yil oxiriga qadar muhandislik infratuzilmasi va kommunikasiyalarini mustahkamlash va rivojlantirish bo‘yicha bir qator chora-tadbirlar amalga oshiriladi.
Hukumat komissiyasining Navoiy viloyatiga tashrifi davomida ishlab chiqilgan amaliy choralar ko‘rilgani sababli viloyatda sanoat mahsulotlarini ishlab chiqarish hajmini oshirish uchun qo‘shimcha zaxiralari aniqlandi. Shu bilan birga, pandemiyaning iqtisodiyotga salbiy ta'siri omiliga qaramay, joriy yilning oxiriga qadar viloyat sanoatining o‘sishi 106 foizni, eksport hajmi esa 145,4 mln dollarni tashkil etadi. Sanoat korxonalarining faoliyati tiklanishi natijasida viloyatda 7,5 mingta ish o‘rinlari, investisiyaviy loyihalarning amalga oshirilishi natijasida esa 15,7 ming ish o‘rinlari yaratiladi. Viloyat sanoat korxonalarining davlat byudjetiga tushumlarining hajmi 961,8 mlrd so‘m miqdorida bo‘lishi ta'minlanadi, bu prognozning 111,1 foizini tashkil etadi.
Ishlab chiqilgan amaliy chora-tadbirlarning sifatli va o‘z vaqtida bajarilishini muntazam ravishda nazorat qilish Bosh prokuratura tomonidan olib boriladi. Har oyda amalga oshirilayotgan ishlarning borishi Hukumat komissiyasining alohida yig‘ilishlarida ko‘rib chiqiladi.
Manba: O‘zbekiston Respublikasi investitsiyalar, sanoat va savdo vazirligi