Jizzax viloyatidagi umumta'lim maktablarining 2020-2021 o‘quv yiliga tayyorgarlik jarayonlarini o‘rganayotgan Respublika ishchi guruhi o‘z faoliyatini Do‘stlik tumanida davom ettirdi.
Ta'kidlash lozimki, pandemiya sharoitida umumta'lim maskanlarida o‘quv jarayonlarini boshlash bo‘yicha ota-onalar o‘rtasida o‘tkazilgan so‘rovnoma natijalariga ko‘ra Do‘stlik tumanidagi 85,3 foiz ota-ona ta'limni an'anaviy, 14,7 foizi esa onlayn shaklda tashkil etishni yoqlab ovoz bergan.
Shu bois ayni paytda tumandagi mavjud 20 ta umumta'lim maktabida o‘quv jarayonlarini pandemiya sharoitida tashkil etish borasida zarur ishlar amalga oshirilmoqda.
Jumladan, ta'lim muassasalaridagi mavjud o‘quv xonalari, izolyasiya va tibbiyot xonalarini antiseptik vositalar, xlor eritmasi va pirometr bilan ta'minlash, o‘quvchilar va pedagog-xodimlarning sog‘ligini himoyalash maqsadida barcha tashkiliy choralar ko‘rilgan.
Ishchi guruh a'zolari tumandagi 1-, 2-, 5-, 12-, 14-, 18-, 20-umumta'lim maktablarida bu borada amalga oshirilgan ishlar bilan yaqindan tanisharkanpandemiya sharoitida o‘quv jarayonlarini sanitariya talablariga qat'iy rioya qilgan holda tashkil etish, anteseptik vositalardan to‘g‘ri va oqilona foydalanish bo‘yicha o‘qituvchilarga zarur tavsiyalar berdi.
Shuningdek, ishchi guruh mahalla fuqarolar yig‘inlari xodimlari bilan birgalikda tumandagi 12- va 20-umumta'lim maktablarida onlayn ta'lim olish istagini bildirgan o‘quvchilarning oilalarida ham bo‘lib, ularga uyda tahsil olishlari uchun yaratilgan sharoitlarni atroflicha o‘rgandi.
Bundan tashqari, Mahalla va oilani qo‘llab-quvvatlash vazirligi va viloyat boshqarmasi mas'ul xodimlari hamda mutasaddi tashkilotlar vakillari bilan hamkorlikda Do‘stlik tumanidagi Alisher Navoiy va G‘afur G‘ulom nomli mahallalarda “Ayollar daftari”ga kiritilgan ishsiz xotin-qizlarning muammolari ijobiy hal etilishiga ko‘maklashildi.
Jumladan, 11 nafar xotin-qizlarga kredit olishda amaliy yordam ko‘rsatildi, 22 nafariga tuman Aholi bandligiga ko‘maklashish markazi tomonidan hududdagi korxona va tashkilotlardagi bo‘sh ish o‘rinlari taklif etildi.
Shuningdek, 2 nafar ishsiz xotin-qizning xohish-istaklari inobatga olinib, ularga o‘rta maxsus ta'lim muassasalarida o‘qish taklif etildi.
O‘zbekiston Respublikasi Mahalla va oilani qo‘llab-quvvatlash vazirligining telegramdagi rasmiy sahifasi