Yurtimizdagi umumtaʼlim maktablarida joriy yilning 14-sentabridan boshlab anʼanaviy hamda masofaviy darslar boshlanadi.
5-sentabr kuni Buxoro shahridagi 1-umumtaʼlim maktabida namunaviy sinov darslari boʻlib oʻtdi. Respublika maxsus komissiyasi va Xalq taʼlimi vazirligi tomonidan tavsiya etilgan shaklda boshlangʻich hamda yuqori sinf oʻquvchilari uchun sinov darslari tashkil qilindi.
Ushbu maktabda 2 ming nafardan ortiq oʻquvchi tahsil oladi. Muassasada bu yil gibrid shaklda oʻquvchiga taʼlim beriladi. Oʻquvchilarning 548 nafari masofaviy bilim olishadi.
Buxoro shahridagi mavjud 42 ta umumtaʼlim maktablari direktorlari ushbu sinov darslarini kuzatishdi.
Oʻquvchilarning ijtimoiy masofa saqlashiga alohida eʼtibor qilindi. Ularning tana harorati oʻlchanib, maktab hududiga alohida eshiklardan kiritildi. Boshlangʻich sinf oʻquvchilari sinf rahbarlari tomonidan maktabning asosiy darvozasi oldida kutib olindi.
Yangi oʻquv yilining ilk darslarida oʻqituvchilar pandemiya sharoitida maktabda amal qilinishi zarur boʻlgan talablar bilan batafsil tanishtirildi.
Maktabda oʻqituvchilar koronavirusga test topshirishgan, endi grippga qarshi emlaniladi.
Zarif Komilov
Manba: O'zA