O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali
Ertaklar olamiga sayohat: “Bukhara Desert Oasis & SPA” tematik maskanining ochilish marosimi bo‘lib o‘tdi
2020-09-04 | Turizm
Buxoro viloyatining Romitan tumanida “Bukhara Desert Oasis & SPA” tematik sayyohlik maskanining rasmiy ochilish marosimi o‘tkazildi. Tantanali tadbir O‘zbekiston Respublikasi Turizmni rivojlantirish davlat qo‘mitasi, Buxoro viloyati hokimligi hamkorligida tashkil etildi. Turizmni rivojlantirish davlat qo‘mitasi raisi o‘rinbosari Ulug‘bek Azamov Bosh vazir o‘rinbosari, Turizmni rivojlantirish davlat qo‘mitasi raisi Aziz Abduhakimovning tabrik so‘zlarini o‘qib eshittirdi.
“Bugun yurtimizda turizm sohasini pandemiya sharoitiga moslashtirgan holda rivojlantirishning dolzarb choralari ko‘rilmoqda. Bu borada Respublika maxsus komissiyasining 12 avgustdagi qaroriga muvofiq, 15 avgustdan boshlab avtotransport vositalari harakati, mahalliy avia va temir yo‘l qatnoviga ruxsat berilib, sanatoriylar, pansionatlar, bolalar oromgohlari, mehmonxonalar, mehmon uylari, plyajlar, xostellar va boshqa dam olish maskanlari faoliyati tiklangani sayyohlik uchun keng imkoniyatlar eshigini ochmoqda. Qisqa muddatda foydalanishga topshirilayotgan ushbu obyekt tez fursatda mahalliy va xorijiy mehmonlarning sevimli joyiga aylanib ulguradi”, - deya barchani yangi tematik maskanning ochilishi bilan qutladi Ulug‘bek Azamov.
Tadbirda qatnashgan Buxoro viloyati hokimi o‘rinbosari Botir Shahriyorov ushbu loyiha hech bir sayyohni befarq qoldirmasligini taʼkidladi: “Buxoroda turizmni rivojlantirish bo‘yicha 2017 yil 19 mayda Prezidentimizning alohida qarorlari qabul qilingan. Shu qaror doirasida belgilangan vazifalar orasida Buxoroning nafaqat tarixiy qismida, balki qishloq joylari va cho‘l hududlarida ham turistik obyektlarni barpo etishni yo‘lga qo‘yishga eʼtibor qaratilgan. Mana bugun shu vazifalar ijrosiga guvoh bo‘lyapmiz. Bu – yangi yo‘nalish, yangi turistik mahsulot desak, mubolag‘a bo‘lmaydi. Bu kabi obyektlar ilgari bo‘lmagan va ishonchimiz komilki, u har bir mehmonning ko‘nglidan joy oladi”.
Ochilish marosimida shuningdek, Buxoro viloyati hokimi vazifasini vaqtincha bajaruvchi Farhod Umarov, Innovatsion turizm klasteri g‘oya muallifi Tuyg‘un Boboyev, art direktori Nargiza Marzaulukova, “Safari Vogue” MCHJ rahbari, innovatsion turizm klasteri ijrochi direktori Nasriddin Fayziyev va boshqa mutasaddi rahbarlar qatnashdi. Bundan tashqari, tadbir doirasida Turizmni rivojlantirish davlat qo'mitasi tomonidan OAV vakillari uchun info-tur tashkil etildi. Marosim doirasida maʼlum qilinishicha, Buxoro viloyatida bugunga qadar jami 8550 o‘ringa ega 366 joylashtirish vositasi, 121 sayyohlik kompaniyasi va 125 ta sayyohlar tashrif buyuruvchi obyektlar faoliyat yuritib kelmoqda. “Bukhara Desert Oasis & SPA” shular qatorida eng sayohatbop maskanlardan biriga aylanishi kutilmoqda. “Bukhara Desert Oasis & SPA” majmuasi ushbu hududning 10 gektar maydonini egallagan bo‘lib, qo‘shimcha 30 gektar maydonda agro-eko bog‘lar va issiqxonalar barpo etilgan. Obyektning birinchi bosqichida - 500 nafar, keyingi bosqichlarida esa bir vaqtning o‘zida 1000 nafardan ortiq dam oluvchi va sayyohlarni qabul qilish imkoniyati yaratiladi.
Eʼtiborlisi, bu tematik dam olish maskani mahalliy aholini 100dan ortiq yangi ish o‘rni bilan taʼminlaydi. Shuningdek, sayyohlik obyektida o‘rta asrlardagi Buxoroning tarixiy manzaralari - Varaxsha terassasi, Sardoba, karvonsaroy majmuasi, plyaj, hozirda 80 o‘ringa mo‘ljallangan o‘tovlar, milliy va Yevropa taomlari restoranlari, tibbiyot burchagi, sog‘lomlashtirish maskani, sport o‘yingohi, ot sporti maydoni, avtoturargoh, kvadratsikllar, ot va tuyalarda sayohat, elektromobil, jip kabi turli qo‘shimcha xizmatlarni ham o‘z ichiga oladi. Ushbu ertaknamo maskanga tashrif buyuruvchilar uchun ochiq tabiat qo‘ynida ajoyib teatrlashtirilgan tomoshalar va ko‘ngilochar shou dasturlari namoyishi yo‘lga qo‘yilgan bo‘lib, bu mehmonlarning xotirasida bir umrga muhrlanib qolishi shubhasiz. Tahlillarga ko‘ra, 2019 yilda Buxoroga tashrif buyurgan sayyohlar oqimi qariyb 3,5 baravarga oshgan. Birgina xorijiy turistlardan viloyat iqtisodiyotiga 130 mln. dollardan ziyod tushum kuzatilgan, bu esa 4 yil avvalgi ko‘rsatkichga (25 mln.doll.) nisbatan 5 baravarga ko‘p demakdir.
Shunday ekan, serdaromad turizm rivojida zarur infratuzilma barpo etilishi, yangi turistik yo‘nalish va xizmat turlarining ko‘payishi muhimdir. Shu bois Buxorodagi joylashtirish vositalari ham uch marotabaga ortib, ayni paytda jami 366 ta, shundan 151 ta mehmonxona, 36 ta hostel, 179 ta oilaviy mehmon uylari faoliyat yuritmoqda. Nafaqat Buxoroning tarixiy qismi, balki qishloq tumanlari va cho‘l hududlarida ham turizm rivoji avj olmoqda.
Xususan, Buxoro yaqinidagi To‘dako‘l suv havzasi qirg‘og‘ida yaqinda ish boshlagan “Plyaj turizmi” maskani, Qoraqir, Og‘itma, Sho‘rko‘l, Zikri, Devxona, Xadicha ko‘llari bo‘yida turizm obyektlari tashkil etilgani, “Jayron” ekoturizm qo‘riqxonasi, Olot tuzli suv havzasi va qum barxanlari atrofida turistik xizmatlar kirib kelishi bunga yorqin misol bo‘ladi. Bularning bari O‘zbekistonda turizm turlarini yana-da rivojlantirish, mahalliy va xorijiy sayyohlar oqimini oshirish barobarida mahalliy aholini qo‘shimcha ishchi o‘rinlari bilan taʼminlash va shu orqali ularning turmush farovonligini oshirish imkonini beradi.
Manba: O‘zbekiston Respublikasi Turizm va madaniy meros vazirligi