O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali

Arxiv
2024
Kalendar

Voqealar

Du Se Ch Pa Ju Sh Ya
Portalda yangilik
  • Sen –qudrat manbai, saodat maskani, jonajon O‘zbekistonim! Batafsil>>>
  • Ommaviy savdolar orqali sotilishi belgilangan davlat mulki obyektlari Batafsil>>>
  • "Davlat organlari ijtimoiy tarmoqlarda" sahifasi Batafsil>>>
  • Jonajon O‘zbekistonim, mangu bo‘l omon! Batafsil>>>
  • “Ochiq byudjet” sahifasi Batafsil>>>

Eksporterlar uchun yangi imkoniyat

2020-09-03 | Iqtisodiyot

O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2020 yil 25 avgustdagi 512-sonli qarori bilan Eksport qiluvchilar garov sifatida sug‘urta xizmatlaridan foydalanganda, sug‘urta mukofoti uchun to‘lov xarajatlarini kompensasiya qilish tartibi to‘g‘risidagi Nizom tasdiqlandi.

EKSPORT FAOLIYATIDA SUG‘URTA XIZMATLARIDAN FOYDALANGANDA SUG‘URTA MUKOFOTINI TO‘LASH TARTIBI

Mazkur Nizomga muvofiq garov sifatida sug‘urta xizmatlaridan foydalangan eksport qiluvchilarga sug‘urta mukofoti uchun to‘lov xarajatlari O‘zbekiston Respublikasi Investisiyalar va tashqi savdo vazirligi huzuridagi Eksportni rag‘batlantirish agentligi tomonidan davlat byudjetidan ajratiladigan subsidiya mablag‘lari hisobidan kompensasiya qilib berilishi belgilab qo‘yildi.

Bunda mazkur qaror bilan joriy qilinayotgan tartibga muvofiq eksport va eksportoldi moliyalashtirish shartnomalariga asosan garov sifatida sug‘urta xizmatlaridan foydalanilganda, sug‘urtalovchilarga to‘lab berilgan yoki to‘lab beriladigan sug‘urta mukofotlari 100 foiz kompensasiya qilib beriladi.

Bu esa eksporterlar uchun eksport shartnomalarini amalga oshirishda to‘lovlarni sug‘urta qilishda davlat tomonidan sug‘urta uchun sarflanadigan harajatlarni qoplash orqali eksport qilish imkoniyatlarini kengaytirishga yanada keng shart-sharoitlarni yaratib berilishini ta'minlaydi.

SUG‘URTA MUKOFOTINI TO‘LASH SHARTLARI

Buning uchun sug‘urta qildiruvchi, ya'ni eksporter Eksportni rag‘batlantirish agentligi tomonidan garov sifatida sug‘urta xizmatlari bo‘yicha sug‘urta mukofotini qoplab berish uchun quyidagi shartlarga rioya qilishi lozim:

  • sug‘urta shartnomasi bo‘yicha sug‘urta mukofoti sug‘urtalovchiga sug‘urta qildiruvchi tomonidan to‘langan bo‘lishi (sug‘urta mukofoti sug‘urtalovchiga to‘g‘ridan-to‘g‘ri qoplab beriladigan holatlar bundan mustasno); 
  • eksport shartnomalari (invoyslar) Tashqi savdo operatsiyalarining yagona axborot tizimida ro‘yxatdan o‘tkazilgan bo‘lishi (bitta invoys bo‘yicha 5 ming AQSh dollarigacha tovarlarni (xizmatlarni) eksport qilish holatlaridan tashqari), eksportoldi moliyalashtirish shartnomasi bo‘yicha sug‘urta amalga oshirilishi holatlari bundan mustasno;
  • avval olingan kompensasiya bo‘yicha sug‘urta shartnomasi muddatidan avval bekor qilingan bo‘lsa, sug‘urta qildiruvchi tomonidan kompensasiyaning tegishli qismi qaytarilgan bo‘lishi;
  • tadbirkorlik xavfini sug‘urta qilish shartnomasi bo‘yicha faqat sug‘urta qildiruvchining o‘z tadbirkorlik xavfi va moliyalovchi shaxs foydasiga sug‘urtalanishi;
  • sug‘urta shartnomasining turi Nizomda keltirilgan hamda O‘zbekiston Respublikasining Fuqarolik kodeksi va sug‘urta faoliyati to‘g‘risidagi qonun hujjatlari bilan belgilangan shartlarga mos kelishi shart.

KOMPENSASIYA OLISHGA TALAB ETILADIGAN HUJJATLAR

Kompensasiya olish uchun sug‘uratlovchi yoki sug‘urta qildiruvchi tomonidan Eksportni rag‘batlantirish agentligiga quyidagi hujjatlar taqdim etilishi lozim:

  • belgilangan shakldagi ariza; 
  • eksport shartnomasi (invoys) yoki eksportoldi shartnomasi va (yoki) vositachilik shartnomasi nusxasi;
  • sug‘urta mukofoti xarajatini tasdiqlovchi hujjatlar - sug‘urta polisining nusxasi, to‘lov amalga oshirilganligi to‘g‘risida bank ma'lumotnomasi (sug‘urta mukofoti sug‘urtalovchiga to‘g‘ridan-to‘g‘ri qoplab beriladigan hollar bundan mustasno).

Bunda arizalarni ko‘rib chiqish uchun eksporterlardan to‘lov undirilmaydi. Taqdim etilgan hujjatlar Eksportni rag‘batlantirish agentligi tomonidan 7 ish kuni davomida ko‘rib chiqilib, natijasi bo‘yicha Agentlik tomonidan kopensasiya berish to‘g‘risida eksporterga xulosa taqdim etiladi.

SUG‘URTA MUKOFOTI BO‘YICHA KOMPENSASIYАNI QOPLAB BERISH

Eksportni rag‘batlantirish agentligi sug‘urta mukofotini qoplab berish yuzasidan xulosa qabul qilingandan keyin har hafta yakuni bo‘yicha keyingi haftaning birinchi ish kunida subsidiya mablag‘larini ajratish uchun O‘zbekiston Respublikasi Moliya vazirligiga buyurtmanoma taqdim etadi.

O‘zbekiston Respublikasi Moliya vazirligi taqdim etilgan buyurtmanomaga muvofiq uch ish kuni davomida kompensasiya mablag‘larini Eksportni rag‘batlantirish agentligining hisobvarag‘iga o‘tkazib beradi.

Eksportni rag‘batlantirish agentligi hisobvarag‘iga subsidiya mablag‘lari kelib tushgan kundan boshlab bir ish kuni davomida sug‘urta mukofot puli uchun kompensasiya mablag‘larini sug‘urta qildiruvchi yoki sug‘urtalovchining tijorat banklaridagi hisob-varag‘iga o‘tkazib beradi. 

Xorijiy valyutada tuzilgan eksport va eksportoldi moliyalashtirish shartnomalariga asosan garov sifatida sug‘urta xizmatlaridan foydalanilganda, sug‘urta qildiruvchilar tomonidan sug‘urtalovchilarga to‘lab berilgan sug‘urta mukofoti xarajatlari uchun kompensasiya to‘lab beriladi.

Xorijiy valyutada to‘lov amalga oshirilgan sug‘urta mukofoti xarajatlari uchun kompensasiya milliy valyutada amalga oshiriladi. Xorijiy valyutada to‘lov amalga oshirilgan sug‘urta mukofoti xarajatining milliy valyutadagi qiymati sug‘urta qildiruvchi tomonidan sug‘urta mukofoti xarajatlari uchun to‘lov amalga oshirilgan kundagi O‘zbekiston Respublikasi Markaziy banki tomonidan belgilangan tegishli valyuta kursiga asosan hisoblanadi.

Manba: O`zbekiston Respublkasi Savdo sanoat Palatasi

Поделиться