O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali
“O‘zbekistonda mavsumiy ishchilarni adolatli ishga yollash” o‘quv-treninglar natijalari
2020-09-03 | Jamiyat
Xalqaro mehnat me’yorlarini belgilab qo‘yishda Xalqaro mehnat tashkilotining konvensiya va tavsiyalari alohida ahamiyatga ega.
Shundan kelib chiqib, XMT erkin, adolatli va xavfsiz mehnatni tashkil qilish, bir ishchining mehnati qadrli degan tamoyillarni ilgari suradi.
Xalqaro mehnat tashkilotining Sharqiy Yevropa va Markaziy Osiyo davlatlari bo‘yicha Byurosi ekspertlari hamda Bandlik va mehnat munosabatlari markaziy apparati ishtirokida “O‘zbekistonda mavsumiy ishchilarni adolatli ishga yollash” mavzusida 24-avgustdan 2-sentabrga qadar Farg‘ona, Jizzax, Buxoro va Xorazm viloyatlarida tashkil etilgan videokonferensaloqa shaklidagi o‘quv-trening mashg‘ulotlarida ushbu tamoyillar to‘g‘risida batafsil ma’lumot berildi.
Shu bilan birga tadbirga, mazkur treninglarni o‘tkazish bo‘yicha Odam savdosi va majburiy mehnatga qarshi kurashish komissiyasi raisi Narbayeva Tanzila Kamalovna tomonidan tasdiqlangan reja jadvalga muvofiq respublikamiz bo‘ylab davlat tashkilotlari rahbarlari, fermer xo‘jaliklari va paxta to‘qimachilik klasterlari rahbarlari, adliya organlari xodimlari, Davlat mehnat inspeksiyasi xodimlari, Kasaba uyushmalari Federasiyasi vakillarini jalb qilindi.
Mazkur o‘quv-trening mashg‘ulotlarini Adolatli ishga yollash assosiasiyasi prezidenti va ijrosi direktori Sharon Ueksman hamda Bandlik va mehnat munosabatlari vazirining o‘rinbosari Nodir Yakubov ochib berdi.
Tadbirda majburiy mehnatning oldini olish, ya’ni paxta yig‘im-terimi ishlarini faqatgina paxta-to‘qimachilik klasterlari hamda fermer xo‘jaliklari tomonidan joylardagi jamoat tashkilotlari ko‘magi asosida amalga oshirilishini ta’minlash, ushbu ishlarga mahalliy ijro hokimiyati vakillari aralashuvining oldini olishga alohida e’tibor qaratildi.
Ta’kidlash joizki, O‘zbekiston Respublikasi XMTga a’zo davlatlar qatoriga qo‘shilgan, bugungi kungacha ushbu tashkilotning 17 konvensiyasiya va 1 ta protokol ratifisikasiya qilgan. Xususan, Majburiy mehnat to‘g‘risida, Qirq soatlik ish haftasi haqida, Bayram kunlariga haq to‘lash haqida, Birlashmalar erkinligi va kasaba uyushmalariga birlashish huquqini himoya qilish to‘g‘risida, Birlashish erkinligi haqidagi, Bajarilgan mehnat uchun bir xil maosh to‘lovi haqidagi, Onalikni himoya qilish haqidagi, Majburiy mehnatni yo‘qotish to‘g‘risidagi, Diskriminasiya haqidagi, Bandlik siyosati haqidagi, Mehnatkashlarning vakillari haqidagi, Kollektiv shartnomalar haqidagi, Ishga olishda minimal yosh haqidagi, Bolalar mehnatining eng yomon shakllarini taqiqlash va zudlik bilan choralar ko‘rish haqidagi konvensiyalar shular jumlasidandir.
O‘quv-trening mashg‘ulotlari ishtirokchilari yig‘im-terim mavsumida klaster xo‘jaliklarida ishchilarni qonuniy yollash bo‘yicha o‘zlarini qiziqtirgan savollariga javob olishdi hamda tadbir so‘nggida ishtirokchilarga maxsus sertifikatlar topshirildi.
Manba: O‘zbekiston Respublikasi kambag‘allikni qisqartirish va bandlik vazirligi