O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali
Yaponiya Tashqi ishlar vazirligi maxsus vakili bilan muzokaralar to‘g‘risida
2020-09-03 | Siyosat
2020-yil 3-sentabr kuni O‘zbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vaziri o‘rinbosari Furqat Sidikov videokonferensaloqa shaklida Yaponiya Tashqi ishlar vazirligining Yevropa ishlari bo‘yicha byurosi Bosh direktori o‘rinbosari, Markaziy Osiyo bo‘yicha Maxsus vakili Shuichi Tokuda bilan muzokaralar o‘tkazdi.
Uchrashuv chog‘ida siyosiy, savdo-iqtisodiy, investitsiya, madaniy-gumanitar va boshqa sohalardagi O‘zbekiston-Yaponiya munosabatlarining hozirgi holati va rivojlanish istiqbollari muhokama qilindi.
O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning 2019-yil dekabr oyidagi Yaponiyaga rasmiy tashrifi ikki mamlakat o‘rtasidagi strategik sheriklikni yanada mustahkamlashga kuchli turtki bergani qayd etildi. Shu jihatdan oliy darajada erishilgan kelishuvlarni amalga oshirishni ta’minlashning muhimligi ta’kidlandi.
Tomonlar turli darajadagi bo‘lajak tadbirlar jadvalini ko‘rib chiqdilar. Jumladan, Iqtisodiy hamkorlik bo‘yicha O‘zbekiston-Yaponiya va Yaponiya-O‘zbekiston qo‘mitalari majlisini hamda ikki davlat tashqi siyosat idoralari o‘rtasidagi siyosiy maslahatlashuvlarning navbatdagi raundini o‘tkazish borasida fikr almashildi.
Koronavirus pandemiyasi sharoitida ikki tomonlama hamkorlikning yuqori sur’atini saqlab qolish masalalariga alohida e’tibor qaratildi. Investitsiya loyihalarini amalga oshirishni davom ettirish maqsadida o‘zaro almashinuvlar va tashriflarni qayta tiklashning xavfsiz mexanizmlarini birgalikda ishlab chiqish taklif etildi.
Xalqaro tashkilotlar va tuzilmalar doirasidagi O‘zbekiston-Yaponiya aloqalarining dolzarb masalalari ham muhokama qilindi.
Manba: O’zbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligi