O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali

Arxiv
2024
Kalendar

Voqealar

Du Se Ch Pa Ju Sh Ya
Portalda yangilik
  • Sen –qudrat manbai, saodat maskani, jonajon O‘zbekistonim! Batafsil>>>
  • Ommaviy savdolar orqali sotilishi belgilangan davlat mulki obyektlari Batafsil>>>
  • "Davlat organlari ijtimoiy tarmoqlarda" sahifasi Batafsil>>>
  • Jonajon O‘zbekistonim, mangu bo‘l omon! Batafsil>>>
  • “Ochiq byudjet” sahifasi Batafsil>>>

Hind ekspertlari: Oʻzbekiston Prezidentining samarali tashqi siyosati mintaqa xalqlari farovonligiga xizmat qilmoqda

2020-09-02 | Siyosat

Mamlakatimizning Dehlidagi elchixonasi tomonidan Hindistonning “Tillotoma Foundation” ilmiy tadbirlar tashkil etishga ixtisoslashgan tashkiloti bilan hamkorlikda Vatanimiz mustaqilligining 29 yilligiga bagʻishlangan “Yangi Oʻzbekiston rivojlanish strategiyasi” mavzusida vebinar oʻtkazildi.

Vebinar avvalida diplomatik vakolatxona rahbari Dilshod Ahatov Oʻzbekistonning istiqlolga erishish tarixi, mustaqil rivojlanish yoʻli va soʻnggi yillarda olib borilayotgan keng qamrovli islohotlar, pandemiya sharoitida mamlakat iqtisodiy salohiyatini oshirish va tadbirkorlarni qoʻllab-quvvatlash borasida koʻrilayotgan chora-tadbirlar haqida soʻzladi.
 
Tadbir ishtirokchilariga mamlakatimiz tashqi siyosatining ustuvor yoʻnalishlari, Oʻzbekiston bilan Hindiston oʻrtasidagi munosabatlarning bugungi holati va istiqbollari haqida batafsil maʼlumot taqdim etildi.
 
“Tillotoma Foundation” tashkiloti direktori Soxam Das Oʻzbekiston mustaqillikning dastlabki kunlaridanoq Hindiston bilan doʻstona munosabatlar oʻrnatgani, ikki mamlakat hududida birinchilardan boʻlib diplomatik vakolatxonalar ochilgani va oliy darajali oʻzaro tashriflar yoʻlga qoʻyilganini taʼkidladi. S.Das, shuningdek, bugungi kunda amalga oshirilayotgan keng koʻlamli oʻzgarishlar natijasida Oʻzbekiston xorijiy davlatlar, jumladan, Hindiston investorlari uchun istiqbolli manzilga aylangani, chet el sarmoyalari hajmi oʻsishi aholi farovonligi oshishiga xizmat qilayotganini qayd etdi.
 
Hindistonning yirik tadqiqot markazlaridan biri “Vivekananda International Foundation”ning Markaziy Osiyo masalalari boʻyicha mutaxassisi Pravesh Gupta Oʻzbekiston mintaqaviy tashqi siyosatining ustuvor yoʻnalishlari xususida soʻz yuritdi. Ekspert fikriga koʻra, soʻnggi yillarda Oʻzbekiston rahbariyati tomonidan ilgari surilgan qator dolzarb tashabbuslar va amaliy qadamlar natijasida mintaqada oʻzaro ishonch va doʻstlik muhiti shakllandi.
 
P.Gupta Oʻzbekistonning Afgʻoniston boʻyicha tashqi siyosatini ijobiy baholab, soʻnggi yillarda oʻzaro munosabatlar har tomonlama rivojlangani, Oʻzbekistonning afgʻon muammosini hal etishga qaratilgan barcha xalqaro platformalardagi faol ishtirokini alohida qayd etdi. “2018-yil mart oyida oʻtkazilgan Afgʻoniston boʻyicha yuqori darajadagi Toshkent xalqaro konferensiyasi ushbu mamlakatda tinchlikka erishish yoʻlida muhim burilish yasadi”, – deya taʼkidladi hind tahlilchisi.
 
P.Gupta soʻzi yakunida Oʻzbekiston rahbariyati tomonidan Markaziy Osiyo mamlakatlari bilan barcha sohalarda oʻzaro doʻstlik va yaxshi qoʻshnichilik aloqalarini mustahkamlashga yoʻnaltirilgan samarali tashqi siyosat mintaqa iqtisodiyotining barqaror oʻsishi va barcha xalqlar farovonligini taʼminlashga xizmat qilayotganini qayd etdi.
 
Sharda universitetining xalqaro aloqalar boʻyicha vitse-prezidenti Ashok Daryani mamlakatimizda faoliyat yuritayotgan oliy oʻquv yurtining vakili sifatida Oʻzbekistonda xorijiy investorlar uchun yaratilgan imkoniyatlar boʻyicha oʻz fikrlarini bildirdi. U olib borilayotgan qeng qamrovli islohotlar qatori taʼlim sohasidagi oʻzgarishlarga toʻxtalib, Andijonda Sharda universiteti filialini ochish jarayonida mamlakatimiz tomonidan koʻrsatilgan amaliy koʻmak, iliq va samimiy munosabat hamda xorijiy investorlar faoliyatiga nisbatan joylardagi xayrihoxlik tufayli filial samarali ish boshlaganini qayd etdi.
 
Hindiston sanoat konfederatsiyasi hududiy departamenti direktori Manish Moxan Oʻzbekiston bilan Hindiston oʻrtasida savdo-iqtisodiy, madaniy-maʼrifiy va ijtimoiy sohalarda Buyuk ipak yoʻli va hatto undan avvalgi davrlardayoq aloqalar oʻrnatilgani, ushbu munosabatlar Oʻzbekiston mustaqillikka erishganidan soʻng yana-da kengayib borayotganini qayd etdi.
 
Hindistonda qayta tiklanadigan energiya tarmogʻi, xususan, quyosh va shamol energiyalaridan foydalanish boʻyicha olib borilayotgan ishlarni eʼtiborga olib, M.Moxan Hindiston sanoat konfederatsiyasi ushbu yoʻnalishlarda oʻzbekistonlik tadbirkorlar bilan yaqindan hamkorlik oʻrnatishga tayyorligini bildirdi.
 
U oʻz soʻzida Oʻzbekiston bilan Hindiston oʻrtasida investitsiya sohasida keng koʻlamli hamkorlik imkoniyatlari mavjudligi hamda savdo-sotiqni faollashtirish mexanizmini yaratish zarurligini taʼkidlab, bu borada samarali kelishuvlarga erishish uchun har ikki mamlakat tadbirkorlarini yaqindan hamkorlikda ishlashga chorladi.
 
Tadbir yakunida Oʻzbekistonning “Havas” estrada guruhi va Hindistonning Assam shtati sanʼatkorlari ijrosidagi konsert dasturi vebinar ishtirokchilarida unutilmas taassurot qoldirdi.

Manba: O'zA

Поделиться