O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali
O‘zbekiston Respublikasining Mustaqilligi kuni munosabati bilan xorijiy davlatlar rahbarlari va taniqli arboblaridan qutlovlar
2020-09-02 | Siyosat
O‘zbekiston Respublikasi mustaqilligining 29 yilligi munosabati bilan Prezident Shavkat Mirziyoyev nomiga xorijiy davlatlar va hukumatlar, nufuzli xalqaro tashkilotlar rahbarlari, taniqli davlat, jamoat va din arboblaridan samimiy qutlovlar kelib tushdi.
Ularda O‘zbekistonning davlat va jamiyat qurilishida erishgan muvaffaqiyatlari, mamlakatning barqaror taraqqiyotini ta’minlash va aholi turmush darajasini oshirish, respublikamizning xalqaro maydondagi nufuzini mustahkamlashga qaratilgan keng miqyosli ijtimoiy-iqtisodiy islohotlar natijalari e’tirof etilgan.
Maktublarda davlatimiz rahbari va O‘zbekistonning ko‘p millatli xalqiga farovonlik, tinchlik-osoyishtalik va ravnaq tilaklari izhor etilib, xalqaro hamjamiyat oldida turgan umumiy global xatarlar tez fursatda yengib o‘tilishiga ishonch bildirilgan.
******
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti
Shavkat Mirziyoyev Janobi Oliylariga
Janobi Oliylari!
Mustaqillik kuni munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasi xalqiga samimiy tabriklarimni izhor etishga ijozat bergaysiz.
Birlashgan Millatlar Tashkilotining har bir a’zosi o‘zining betakror madaniyati va tarixiga ega, ularning xilma-xilligi BMT va dunyoni boyitmoqda. Mamlakatingiz Birlashgan Millatlar Tashkiloti faoliyatida xalqaro kun tartibidagi barcha masalalar borasida ishtirok etishi juda ham muhim.
Joriy yilda, Barqaror taraqqiyot sohasidagi maqsadlarga erishish bo‘yicha harakatlarning birinchi o‘n yilligida, barchaning manfaatiga xizmat qiladigan adolatli globallashuvni barpo etishda umumiy maqsadlarimizni kuchaytirishimiz lozim.
Dunyoni barcha uchun yanada tinch, adolatli va barqaror qilishga intilar ekanmiz, bu boradagi barcha sa’y-harakatlarda O‘zbekiston Respublikasining hissasi va ko‘magidan umidvorman.
Janobi Oliylari, Sizga bo‘lgan eng yuksak ehtiromimni qabul qilgaysiz.
Antoniu Guterrish
Birlashgan Millatlar Tashkiloti Bosh kotibi
******
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti
Shavkat Miromonovich Mirziyoyev Janobi Oliylariga
Muhtaram Shavkat Miromonovich!
O‘zbekiston Respublikasining milliy bayrami - Mustaqillik kuni munosabati bilan samimiy tabriklarimni qabul qilgaysiz.
O‘zbekistonning ijtimoiy va iqtisodiy sohalarda erishgan muvaffaqiyatlari barchaga ma’lum. Mamlakatingiz jahon maydonida e’tirof etilgan obro‘-e’tibor qozongan, xalqaro kun tartibidagi dolzarb masalalarni hal etishda muhim o‘rin tutadi.
Rossiya-O‘zbekiston munosabatlari strategik sheriklik va ittifoqchilik ruhida rivojlanib bormoqda. Ishonchim komil, birgalikdagi sa’y-harakatlar bilan ko‘p qirrali ikki tomonlama munosabalarni do‘st xalqlarimiz farovonligi yo‘lida yanada rivojlantiramiz.
Sizga, muhtaram Shavkat Miromonovich, sihat-salomatlik va davlat rahbari sifatidagi faoliyatingizda ulkan zafarlar, O‘zbekistonning barcha fuqarolariga esa baxt-saodat va farovonlik tilayman.
Hurmat bilan,
Vladimir Putin
Rossiya Federatsiyasi Prezidenti
******
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti
Shavkat Mirziyoyev Janobi Oliylariga
Hurmatli Prezident Janoblari!
Xitoy Xalq Respublikasi hukumati va xalqi nomidan, shaxsan o‘z nomimdan Sizni va Siz orqali birodar O‘zbekiston xalqini davlat mustaqilligining 29 yilligi munosabati bilan samimiy tabriklashga ijozat bergaysiz.
Keyingi yillar O‘zbekistonda Sizning zabardast rahbarligingizda turli yo‘nalishlarda islohotlar amalga oshirildi, davlat qurilishi sohasida katta muvaffaqiyatlarga erishildi. Xitoy bundan chin yurakdan mamnun. Koronavirus infektsiyasi tarqalganidan so‘ng O‘zbekiston ushbu epidemiyaga qarshi kurashishda jipslashdi. O‘zbekiston xalqi bunda albatta g‘alaba qozonishiga qat’iy ishonaman.
Joriy yilning may oyida telefon orqali do‘stona ruhda muloqot qildik, koronavirusga qarshi umumiy kurashimiz va ikki tomonlama hamkorlikni mustahkamlash bo‘yicha muhim kelishuvlarga erishdik.
Xitoy-O‘zbekiston munosabatlarini rivojlantirishga katta e’tibor qaratmoqdaman hamda o‘rtamizdagi namunali ishchan munosabatlarimiz va shaxsiy do‘stlikni yuksak qadrlayman.
Siz bilan birgalikda Xitoy-O‘zbekiston har tomonlama strategik sheriklik munosabatlarini mamlakatlarimiz va xalqlarimiz farovonligi yo‘lida rivojlantirishda yangi natijalarga erishish uchun harakat qilishga tayyorman.
Do‘st O‘zbekistonga ravnaq va kuch-qudrat, uning xalqiga esa baxt-saodat va farovonlik tilayman.
Si Szinpin
Xitoy Xalq Respublikasi Raisi
******
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti
Shavkat Mirziyoyev Janobi Oliylariga
Muhtaram Prezident Janoblari!
Amerika xalqi nomidan Ciz va O‘zbekiston xalqini mamlakatingiz mustaqilligining 29 yilligi bilan tabriklayman. Amerika Qo‘shma Shtatlari davlatingiz suvereniteti, mustaqilligi va hududiy yaxlitligini qo‘llab-quvvatlashda sizga yelkadoshdir.
O‘tgan yil ichida, hatto global xatarlarga qaramay, yanada chuqurlashgan keng miqyosli hamkorligimizni yuqori baholayman. Markaziy Osiyo mamlakatlari o‘rtasidagi aloqalarni mustahkamlash hamda Afg‘oniston bilan hamkorlik va rishtalarni yaxshilash bo‘yicha tashabbusingizni olqishlayman. Shuningdek, men katta maqsadlarni ko‘zlovchi islohotlar dasturingizni yuqori qadrlayman, u to‘liq amalga oshgach, O‘zbekiston xalqi va umuman mintaqaning yanada ochiq va farovon kelajagini ta’minlaydi.
Amerika Qo‘shma Shtatlari ushbu tashabbuslarda va COVID-19 ga qarshi kurashda sherigingiz ekanidan faxrlanadi. Kelgusi yilda hamkorligimizning yanada samarali natijalariga umid qilib qolaman.
Hurmat bilan,
Donald Tramp
Amerika Qo‘shma Shtatlari Prezidenti
******
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti
Shavkat Mirziyoyev Janobi Oliylariga
Muhtaram Shavkat Miromonovich!
O‘zbekiston Respublikasining milliy bayrami - Mustaqillik kuni munosabati bilan samimiy tabriklarimni qabul qilgaysiz.
Tarixan qisqa davrda mamlakatingiz katta yutuqlarga erishdi - u nafaqat Markaziy Osiyoda, balki xalqaro maydonda ham faol ishtirokchiga aylandi.
Qardosh O‘zbekistonga farovonlik va jadal taraqqiyot, o‘zbek xalqi Siz rahbarligingizda porloq kelajakka erishishini chin yurakdan tilayman.
Sizning mintaqamiz davlatlari o‘rtasida sheriklik va hamkorlikni, shu jumladan Markaziy Osiyo davlatlari rahbarlarining maslahat uchrashuvlari doirasida mustahkamlashdagi sa’y-harakatlaringizni alohida ta’kidlamoqchiman.
Men mamlakatlarimiz o‘rtasidagi ko‘p asrlik an’anaviy hamkorlik asosida shakllangan strategik sheriklik bundan buyon ham rivojlanib borishiga ishonaman.
Fursatdan foydalanib, muhtaram Shavkat Miromonovich, Sizga mustahkam sog‘lik va ulkan muvaffaqiyatlar, qardosh O‘zbekiston xalqiga esa tinchlik va farovonlik tilaymiz.
Samimiyat ila,
Nursulton Nazarboyev
Qozog‘iston Respublikasining Birinchi Prezidenti Elboshi
******
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti
Shavkat Mirziyoyev Janobi Oliylariga
Muhtaram Shavkat Miromonovich!
O‘zbekiston Respublikasining Mustaqillik bayrami munosabati bilan samimiy tabriklarimni qabul qilgaysiz.
Sizning kuchli va ehtiromga sazovor rahbarligingizda O‘zbekiston barqaror rivojlanishni ta’minlashga, xalqaro maydondagi mavqeini mustahkamlashga xizmat qilayotgan keng miqyosli, uzoq istiqbolga mo‘ljallangan islohotlarni ishonch bilan amalga oshirmoqda.
Qozog‘iston O‘zbekiston erishgan yutuqlardan chin dildan xursand hamda mamlakatlarimiz o‘rtasidagi birodarlik rishtalari va har tomonlama hamkorlikni yanada mustahkamlashga katta ahamiyat beradi.
Ishonchim komil, ikki davlat o‘rtasidagi o‘zaro munosabatlarning barcha masalalari bo‘yicha o‘zaro ishonchga asoslangan faol muloqotimiz bundan buyon ham Qozog‘iston-O‘zbekiston do‘stlik, yaxshi qo‘shnichilik va strategik sheriklik munosabatlarini izchil rivojlantirish uchun mustahkam asos bo‘lib xizmat qiladi.
Sizga, muhtaram Shavkat Miromonovich, davlat rahbari sifatidagi faoliyatingizda yangi muvaffaqiyatlar, qardosh O‘zbekiston xalqiga esa farovonlik va ravnaq tilayman!
Hurmat bilan,
Qasim-Jomart Toqayev
Qozog‘iston Respublikasi Prezidenti
******
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti
Shavkat Mirziyoyev Janobi Oliylariga
Hurmatli Shavkat Miromonovich!
Qadrli birodarim!
Turkmaniston xalqi va Hukumati nomidan va shaxsan o‘z nomimdan Sizni va Siz orqali butun O‘zbekiston Respublikasi xalqini mamlakatingiz Mustaqillik kuni munosabati bilan samimiy qutlash va eng yaxshi tilaklarimni izhor etish sharafiga muyassarman.
Mustaqillik yillarida qardosh O‘zbekiston o‘z davlatchiligini mustahkamlash, xalq farovonligini yaxshilash va xalqaro maydondagi nufuzini oshirishda sezilarli yutuqlarga erishdi.
Mamlakatingizning barqaror ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanishi tanlangan yo‘l naqadar samaradorli ekanining yaqqol tasdig‘idir.
Shuni alohida ta’kidlashni istardimki, Turkmaniston O‘zbekiston Respublikasi bilan yildan yilga yangi mazmun bilan boyib borayotgan munosabatlarni samimiy qadrlaydi. Muloqotimizga xos bo‘lgan iliqlik va o‘zaro ishonch bundan buyon ham ikki qardosh xalq manfaati yo‘lida strategik sheriklikni mustahkamlash va rivojlantirishga xizmat qilishiga ishonaman.
Ushbu yoqimli fursatdan foydalanib, Sizga, muhtaram Shavkat Miromonovich, sihat-salomatlik va baxt-saodat, O‘zbekiston xalqiga esa tinchlik, farovonlik va ravnaq tilayman.
Chuqur hurmat bilan,
Gurbanguli Berdimuhamedov
Turkmaniston Prezidenti
******
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti
Shavkat Mirziyoyev Janobi Oliylariga
Hurmatli Shavkat Miromonovich,
Sizni va barcha yurtdoshlaringizni milliy bayram - Mustaqillik kuni bilan chin yurakdan qutlayman.
Shunday muhim kunda Sizga mustahkam sog‘lik, baxt-saodat, ishlaringizda yangi zafarlar, qardosh o‘zbek xalqiga esa abadiy tinchlik, farovonlik va ravnaq tilayman.
Mustaqillik yillarida O‘zbekiston davlatchilikni barpo etishning katta yo‘lini bosib o‘tdi va ijtimoiy-iqtisodiy taraqqiyotda, xalq farovonligi o‘sishini ta’minlashda va o‘zining xalqaro obro‘sini oshirishda salmoqli yutuqlarga erishdi. Ayniqsa, Sizning, muhtaram Shavkat Miromonovich, rahbarligingizda bugun mamlakatning ichki va tashqi siyosatida amalga oshirilayotgan o‘zgarishlar tahsinga sazovor.
Tojikiston-O‘zbekiston do‘stlik va ko‘p qirrali hamkorlik munosabatlarini izchil mustahkamlash va kengaytirish har doim Tojikiston tashqi siyosatining eng muhim yo‘nalishi bo‘lgan va shunday bo‘lib qolmoqda.
Keyingi yillarda tomonlarning birgalikdagi sa’y-harakatlari bilan Tojikiston va O‘zbekiston o‘rtasidagi samarali davlatlararo hamkorlik umumiy manfaatlarning barcha sohalarida izchil rivojlanib borayotganini ta’kidlashdan mamnunman.
Ishonchim komil, ko‘p asrlik do‘stlik, yaxshi qo‘shnichilik, o‘zaro hurmat va ishonch an’analariga asoslanib, biz qardosh xalqlarimiz manfaatlari, mintaqamizda tinchlik, barqarorlik va konstruktiv hamkorlikni yanada rivojlantirish yo‘lida ikki mamlakat o‘rtasidagi strategik sheriklik munosabatlarini har tomonlama mustahkamlashda davom etamiz.
Chuqur hurmat bilan,
Emomali Rahmon
Tojikiston Respublikasi Prezidenti
******
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti
Shavkat Mirziyoyev Janobi Oliylariga
Hurmatli Shavkat Miromonovich!
Qirg‘iz Respublikasi xalqi nomidan va shaxsan o‘z nomimdan Sizni va butun O‘zbekiston Respublikasi xalqini Mustaqillik kuni bilan samimiy muborakbod etaman.
Sizning rahbarligingizda O‘zbekistonning mintaqada va butun dunyodagi mavqei sezilarli darajada mustahkamlanganini, mamlakatda amalga oshirilgan keng ko‘lamli islohotlar ijobiy natijalar berayotganini ta’kidlamoqchiman.
Ishonchim komilki, sizning ko‘magingiz bilan o‘zaro manfaatli hamkorlik va strategik sheriklik tamoyillariga asoslangan do‘stlik va yaxshi qo‘shnichilik munosabatlari bundan buyon ham ikki xalqning yorqin kelajagi yo‘lida izchil rivojlanib boradi.
Hurmatli Shavkat Miromonovich, Sizga va oilangizga sihat-salomatlik, baxt-saodat, ishlaringizda muvaffaqiyatlar, qardosh O‘zbekiston xalqiga esa tinchlik-osoyishtalik va ravnaq tilayman!
Hurmat bilan,
Sooronbay Jeenbekov
Qirg‘iz Respublikasi Prezidenti
******
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti
Shavkat Mirziyoyev Janobi Oliylariga
Muhtaram Prezident, hurmatli qardoshim!
O‘zbekiston Respublikasining Mustaqillik bayrami munosabati bilan Siz Janobi Oliylarini va Siz orqali butun o‘zbek xalqini xalqim va shaxsan o‘z nomimdan eng samimiy tuyg‘ularim ila muborakbod etaman.
29 yilligini qutlayotgan do‘st va qardosh o‘lka - O‘zbekiston Respublikasining mustaqilligi biz uchun buyuk quvonch va baxtiyorlik manbaidir.
Turkiya Respublikasi O‘zbekistonning va o‘zbek qardoshlarining yonida bo‘lishda davom etadi.
Bu yil fevral oyida Strategik hamkorlik Oliy kengashi birinchi yig‘ilishi va Prezident Devoni qoshidagi kutubxonaning ochilish marosimiga ishtirok etish uchun yurtimizga amalga oshirgan tashrifingizning go‘zal taassurotlari hamon yodimizda.
Strategik sheriklik darajasiga yetgan munosabatlarimizda kuzatilayotgan o‘zgarishlarni e’tiborga olganda, erishilgan jadallik sur’atlari saqlanishi va davom ettirilishi katta ahamiyatga ega.
Bu borada Qurbon hayiti munosabati bilan yuborgan tabrik maktubingizda Strategik hamkorlik Oliy kengashining keyingi yig‘ilishini o‘tkazish uchun O‘zbekistonga taklifingizni mamnuniyat bilan oldim. Kelgusida diplomatik kanallar orqali belgilanadigan maqbul sanada O‘zbekistonga tashrif buyurishdan g‘oyat baxtiyor bo‘laman.
Fursatdan foydalanib Siz Janobi Oliylariga sihat-salomatlik, baxt-saodat, do‘st va qardosh o‘zbek xalqiga omonlik tilaklarimni yo‘llayman.
Rejep Tayyip Erdog‘an
Turkiya Respublikasi Prezidenti
******
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti
Shavkat Mirziyoyev Janobi Oliylariga
Muhtaram Shavkat Miromonovich,
Sizga va butun O‘zbekiston xalqiga O‘zbekiston Respublikasi mustaqilligining 29 yillik bayrami munosabati bilan eng samimiy tabriklarimni izhor etishga ijozat bergaysiz.
O‘tgan yili O‘zbekistonga tashrifim davomida alohida strategik sheriklik darajasiga ko‘tarilgan mamlakatlarimiz o‘rtasidagi munosabatlar yanada faol rivojlanib borishiga umid qilaman.
Ayni paytda butun dunyo COVID-19 pandemiyasi bilan bog‘liq murakkab davrni boshidan kechirmoqda. Umid qilamanki, mamlakatlarimiz yaqin hamkorlik orqali koronavirusni aql-zakovat bilan yengib, ikki tomonlama aloqalarni yangi, yuqori darajaga ko‘taradi.
Hurmatli Shavkat Miromonovich, Sizga mustahkam sog‘lik va muvaffaqiyatlar, shuningdek, O‘zbekiston Respublikasiga cheksiz farovonlik tilayman.
Hurmat bilan,
Mun Chje In
Koreya Respublikasi Prezidenti
******
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti
Shavkat Mirziyoyev Janobi Oliylariga
Prezident Janoblari!
Sizga va mamlakatingiz fuqarolariga O‘zbekiston Respublikasining Mustaqillik kuni munosabati bilan samimiy tabriklarimni yo‘llayman.
O‘tgan yilgi o‘zaro tashriflarimizdan buyon O‘zbekiston va Germaniya o‘rtasidagi munosabatlar mustahkamlanib borayotgani juda quvonarlidir.
Barchamiz uchun jiddiy muammoga aylangan COVID-19 pandemiyasi inqiroz sharoitida ishonch va sheriklik naqadar muhimligini namoyish etmoqda.
Ayni shu paytda Siz boshlagan islohotlar va modernizatsiya jarayonlari ko‘rinarli natijalarni bermoqda. Sizga ushbu yo‘lni muvaffaqiyatli davom ettirishingizni tilayman va Germaniya bu borada O‘zbekistonni qo‘llab-quvvatlashda davom etishga tayyorligini bildiraman.
Sizga eng ezgu tilaklar, O‘zbekiston xalqiga esa erkinlik, xavfsizlik va farovonlik sharoitida tinch kelajakni tilayman.
Frank-Valter Shtaynmayer
Germaniya Federativ Respublikasi Prezidenti
******
Shuningdek, quyidagilar o‘z tabriklarini yo‘llagan:
NARUXITO - Yaponiya Imperatori
Ram Nath KOVIND - Hindiston Prezidenti
Ashraf G‘ANI - Afg‘oniston Prezidenti
Ilhom ALIYEV - Ozarbayjon Prezidenti
Aleksandr LUKAShENKO - Belarus Prezidenti
Igor DODON - Moldova Prezidenti
Vladimir ZELENSKIY - Ukraina Prezidenti
YeLIZAVETA II - Buyuk Britaniya va Shimoliy Irlandiya Qirolichasi
FILIPP - Belgiyaliklar Qiroli
FELIPE VI - Ispaniya Qiroli
VILLEM-ALEKSANDR - Niderlandiya Qiroli
KARL XVI GUSTAF - Shvetsiya Qiroli
Aleksandr Van der BELLEN - Avstriya Prezidenti
Rumen RADEV - Bolgariya Prezidenti
Yanosh ADER - Vengriya Prezidenti
Serjo MATTARELLA - Italiya Prezidenti
Egils LEVITS - Latviya Prezidenti
Andjey DUDA - Polshi Prezidenti
Zuzana ChAPUTOVA - Slovakiya Prezidenti
Milosh ZEMAN - Chexiya Prezidenti
Simonetta SOMMARUGA - Shveytsariya Prezidenti
FRANTSISK - Rim-katolik cherkovi rahbari
Xalifa bin Zoid OL NAHAYoN - BAA Prezidenti
Abdulfattoh AS-SISI - Misr Prezidenti
Hasan RUHONIY - Eron Prezidenti
Imron XON - Pokiston Bosh vaziri
Haysam bin TORIQ - O‘mon Sultoni
Joko VIDODO - Indoneziya Prezidenti
Sulton Abdulloh Ri’yatuddin Al-Mustafo BILLOH - Malayziya Podshohi
Halima YaQUB - Singapur Prezidenti
Rodrigo DUTERTE - Filippin Prezidenti
Mahmud ABBOS - Falastin Prezidenti
Abdul HAMID - Bangladesh Prezidenti
Shayxa HASINA - Bangladesh Bosh vaziri
Abdulmajid TABBUN - Jazoir Prezidenti
Bunnyang VORAChIT - Laos Prezidenti
Xose Daniel ORTEGA SAAVEDRA - Nikaragua Prezidenti
Muhammad bin Zoid OL NAHAYoN - BAA Qurolli kuchlari Oliy bosh qo‘mondoni o‘rinbosari, Abu-Dabi Amirligi valiahdi
Muhammad bin Roshid OL MAKTUM - BAA Vitse-prezidenti, Bosh vaziri, Dubay amirligi hokimi
Syuy DUN’YuY - Oziq-ovqat va qishloq xo‘jaligi tashkiloti (FAO) bosh direktori
Zurab POLOLIKAShVILI - Jahon sayyohlik tashkiloti bosh kotibi
Kunio MIKURIYa - Jahon bojxona tashkiloti bosh kotibi
Salim AL-MALIK - Ta’lim, fan va madaniyat masalalari bo‘yicha Islom tashkiloti (AYSESKO) bosh direktori
Jilber UNGBO - Qishloq xo‘jaligini rivojlantirish xalqaro jamg‘armasi prezidenti
Bag‘dat AMREYEV - Turkiy tilli davlatlar hamkorlik kengashi Bosh kotibi
Sergey LEBEDEV - Mustaqil Davlatlar Hamdo‘stligi Ijroiya qo‘mitasi raisi - Ijrochi kotibi
Manba: O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining rasmiy veb-sayti