O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali
Qishloq xo‘jaligi vazirligi resurstejamkor texnologiyalarni qo‘llashda xorijiy hamkorlarni jalb etmoqchi
2020-08-31 | Iqtisodiyot
O‘zbekiston Qishloq xo‘jaligi vaziri Jamshid Xodjayev boshchiligida qishloq xo‘jaligida zamonaviy suvtejamkor yomg‘irlatib sug‘orish texnologiyalarini joriy qilish yo‘nalishida Avstriya Respublikasi Eksport-kredit agentligi (OeKB) va suvtejamkor texnologiyalarni ishlab chiqaruvchi “BAUER”m.b.H” kompaniyasi vakillari bilan videokonferentsiya shaklidagi uchrashuvi bo‘lib o‘tdi.
Onlayn uchrashuvda Avstriya Respublikasining Eksport-kredit agentligining (OeKB) vakili Verena Macher-Valduga (Verena Macher-Valduga), Avstriyaning “BAUER”m.b.H” kompaniyasi ijrochi direktori Otto Roiss (Otto Roiss) va kompaniyaning moliyaviy ishlar bo‘yicha menejeri Andreas Shitter (Andreas Schitter) ishtirok etib, Agentlik tomonidan O‘zbekiston uchun taklif etilayotgan imtiyozli moliyaviy dasturi doirasida respublikamiz qishloq xo‘jaligi ekin maydonlarida zamonaviy yomg‘irlatib sug‘orish texnologiyalarini joriy etish loyihasi muhokama qilindi.
Vazir Jamshid Xodjayev o‘z nutqida O‘zbekiston qishloq xo‘jaligida amalga oshirilayotgan islohotlar natijasi o‘laroq, qabul qilingan uzoq muddatli Strategiya hamda yer va suv resurslaridan samarali foydalanish kontseptsiyasining ahamiyati to‘g‘risida qisqacha ma’lumot berib o‘tib, mazkur moliyaviy dastur doirasida amalga oshirilishi rejalashtirilayotgan loyihaning shartlari, muddatlari va natijalari xususida aniq tadbirlar tartibini o‘zida ifoda etuvchi “yo‘l xarita”ni shakllantirish va tasdiqlashni taklif etdi.
Xususan loyiha doirasida mahalliy olimlarimiz va fermerlarimizni kompaniya mahsulotlaridan samarali foydalanish va yuqori hosildorlikka erishish masalalariga bag‘ishlangan o‘quv-treninglarini muntazam o‘tkazib borish, sohada qo‘llanilayotgan xalqaro ilg‘or tajribalarni joriy etish kabi masalalarni inobatga olish alohida ta’kidlandi.
Avstriya tomoni bunday takliflarni qo‘llab quvvatlash bilan birga o‘zi uchun O‘zbekistonni geografik nuqtai nazaridan yangi hamkorlik yo‘nalishi ekanini ta’kidlab, bunday loyihalar amalga oshirilgan boshqa davlatlarda yig‘ilgan boy tajribalar bilan o‘rtoqlashishga tayyorligini ma’lum qildi.
Manba: O‘zbekiston Respublikasi Qishloq xo‘jaligi vazirligi