O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali
Sirdaryo viloyatining Oqoltin, Mirzaobod va Sardoba tumanlarida investitsiya loyihalarini amalga oshirish masalalari o‘rganildi
2020-08-31 | Iqtisodiyot
Joriy yilning 30-avgust kuni O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazirining o‘rinbosari S.Umurzakov boshchiligidagi hamda vazirliklar, idoralar, tarmoq birlashmalari va tijorat banklari rahbarlaridan iborat bo‘lgan ishchi guruh Sirdaryo viloyatining Oqoltin, Mirzaobod va Sardoba tumanlarida investitsiya loyihalarini amalga oshirish bilan bog‘liq masalalarni joylarga chiqqan holda o‘rganib chiqdi.
Joylarga chiqish davomida loyihalarni sifatli va o‘z vaqtida amalga oshirishga to‘sqinlik qilayotgan muammolar ko‘rib chiqildi va ularni hal qilish bo‘yicha aniq muddatlar va ijrochilar belgilangan holda chora-tadbirlar ishlab chiqildi. Shuningdek, ishga tushirish bosqichida bo‘lgan ob'yektlarning holati o‘rganilib, ularning barqaror ishlashini ta’minlash bo‘yicha ko‘rsatmalar berildi.
Ishchi guruh rahbariyati bir qator loyihalarning borishi bilan bevosita tanishdi. Xususan, Sardoba tumanida paxta-to‘qimachilik qayta ishlash zavodi va logistika markazidan tashkil topgan “Indorama Agro” paxta-to‘qimachilik klasteriga tashrif buyurildi. Ayni paytda 13 gektar maydonga ega zavod hududida qurilish-tiklash ishlari olib borilib, texnologik uskunalarini o‘rnatish va ishga tushirish ishlari amalga oshirilmoqda. Logistika markazi joylashadigan maydonda hududni tayyorlash ishlari yakunlanib, temir-beton va metall konstruktsiyalarni o‘rnatish ishlari olib borilmoqda. Korxonada 120 ga yaqin mutaxassis-muhandislar ishlaydi va maxsus texnikadan foydalanilmoqda. Ushbu loyihani amalga oshirish yiliga 35,2 mlrd so‘mlik mahsulotni ishlab chiqarish va 250 yangi ish o‘rinlarini yaratish imkonini beradi. Shuningdek, 60 mln dollar miqdorida to‘g‘ridan-to‘g‘ri xorijiy investitsiyalarni jalb etish rejalashtirilgan.
Boshqalar qatorida Sardoba tumanida joylashgan “Sardoba Oqsaroy Textile” tikuv-trikotaj mahsulotlari ishlab chiqarish korxonasiga ham tashrif buyurildi. Loyihaning umumiy qiymati 35,3 mlrd so‘m bo‘lgani bilan uning yillik ishlab chiqarish unumdorligi 1,4 mln dona tayyor mahsulotni tashkil etadi va ish o‘rinlarining soni 500 dan oshadi. Mazkur loyiha joriy yilning sentyabr oyida ishga tushirilishi rejalashtirilgan.
Mirzaobod tumanida joriy yilning iyun oyida barpo etilishi boshlangan “Mirzaobod Limonchilik Clasteri” korxonasida ham hozirgi kunda qurilish ishlari yakunlanib, issiqxona uskunalarini o‘rnatish va bir vaqtning o‘zida muhandislik kommunikatsiyalariga ulanish ishlari faol olib borilmoqda. Umumiy qiymati 30,3 mlrd so‘mlik issiqxona majmuasi yiliga 2 mln donadan ortiq tayyor mahsulot yetishtirish imkonini beradi. Majmua 2500 kvadrat metr maydonga ega issiqxonalarga bo‘lingan bo‘lib, ular kooperatsiya tamoyillari asosida mahalliy aholiga foydalanishga beriladi: mahalliy aholi ekinlarni yetishtirish bilan shug‘ullanadi, korxona esa mahsulot buyurtmachisi bo‘lib, hosil o‘rim-yig‘imini amalga oshiradi. Ushbu majmua ham joriy yilning sentyabr oyida foydalanishga topshiriladi.
Bu korxonalar Sardoba suv ombori to‘g‘oni o‘pirilishi oqibatlaridan zarar ko‘rgan aholi uchun mo‘ljallab qurilayotgan uylarning yaqin atrofida joylashgan va birinchi navbatda ushbu aholi vakillarini, shu jumladan kasanachilik asosida ish bilan ta’minlashga yo‘naltirilgan.
Ushbu va boshqa joylarda loyiha tashabbuskorlari bilan to‘g‘ridan-to‘g‘ri muloqot qilish orqali yuzaga kelayotgan masalalar, shuningdek, tadbirkorlar tomonidan tashkil etilayotgan korxonalar faoliyatini takomillashtirish, chiqarilayotgan mahsulotlar raqobatbardoshligini oshirish, istiqbolli eksport bozorlariga chiqish va mahalliy aholi bandligini ta’minlash mexanizmlari bo‘yicha ularning takliflari va g‘oyalari o‘rganildi.
Ish safari yakunlari bo‘yicha vazirliklar, idoralar, tijorat banklari va mahalliy hokimiyat organlarining mas’ul rahbarlariga kuchlarni birlashtirish va loyihalar implementatsiyasi jarayonining doimiy monitoringini olib borish hamda tashabbuskorlarini har tomonlama qo‘llab-quvvatlash orqali ushbu tumanlarda investitsiya loyihalarini amalga oshirilishini jadallashtirish doirasida ishlarni muvofiqlashtirish bo‘yicha aniq ko‘rsatmalar berildi.
Manba: O‘zbekiston Respublikasi investitsiyalar, sanoat va savdo vazirligi