O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali
Prezident jamoatchilik bilan birgalikda shahar aylanmoqda
2020-08-29 | Siyosat
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev davlat va jamoat tashkilotlari vakillari, mehnat faxriylari hamrohligida Toshkent shahridagi bunyodkorlik bilan tanishmoqda. Yangi transport ob'yektlari, yo‘llar, korxonalar ishga tushirilishi kutilmoqda.
Birinchi manzil Toshkent metropolitenining Yunusobod yo‘nalishi bo‘ldi. Davlatimiz rahbari “Bodomzor” bekatidan yangi “Turkiston” bekatigacha poyezdda borib, amalga oshirilgan ishlarni ko‘zdan kechirdi.
- Bu yo‘l hamma narsani tezlashtiradi. Harakatni ham, iqtisodiyotni ham, hayotni ham, - dedi Shavkat Mirziyoyev.
Ushbu metro yo‘nalishining ikkinchi bosqichi qurilishi Prezidentning 2016-yil 7-noyabrdagi qaroriga muvofiq boshlangan edi. Shavkat Mirziyoyev bu yerga bir necha bor kelib, ishning borishi bilan tanishgandi.
Loyihaning umumiy qiymati 103,8 million dollar bo‘lib, qariyb 3 kilometr metro yo‘li hamda “Yunusobod” va “Turkiston” bekatlari barpo etilgan.
Davlatimiz rahbari mazkur bunyodkorlik ishlarining tarixini yodga oldi.
- Bu yo‘lni qurish oson bo‘lgani yo‘q, - dedi Prezident. - Mablag‘ topib, chet eldan mutaxassislar olib kelib, loyihani sinchiklab ko‘rib chiqdik. Ikki yil davomida qurilish bo‘ldi. Eng muhimi, bu transport arzon, xavfsiz, qulay.
Mutaxassislar qurilish jarayoni va sifati haqida ma’lumot berdi. Yo‘lning 850 metr qismi yerosti suv ko‘p joyga to‘g‘ri kelgan. Shuning uchun ilgari buni amalga oshirish imkoni bo‘lmagan. Yangi loyihada Germaniya texnologiyasi qo‘llanilib, suvli joydan temir-beton tyubing qo‘yish orqali o‘tilgan.
Yana bir ahamiyatli tomoni, metropolitenning Yunusobod yo‘nalishi to‘liq bo‘lmagani uchun rentabelligi yuqori emasdi. Bugungi kunda Yunusobod tumanida 340 mingdan ziyod aholi yashaydi. Metro yo‘li uzaytirilib, yangi bekatlar qurilgani odamlarga katta qulaylik yaratdi.
Bu transport tarmog‘i iqtisodiyot va ekologiya jihatidan ulkan ahamiyatga ega. Xususan, mazkur ikki bekat orqali kuniga 7,5 ming yo‘lovchiga xizmat ko‘rsatiladi. Natijada avtobuslar yo‘nalishi optimallashib, avtomobillar tirbandligi kamayadi. Yiliga 5,3 ming tonna zararli gaz atmosferaga chiqishining oldi olinadi.
Umuman aytganda, Toshkent metropolitenidan kuniga 240 ming yo‘lovchi foydalanadi. Jami 21 kilometrdan iborat uchta yangi - Yunusobod, Sergeli va Qo‘yliq yo‘nalishlari qurilishi natijasida yana 150 mingdan ziyod kishi qamrab olinishi rejalashtirilgan.
Manba: O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining rasmiy veb-sayti