O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali
Masofaviy ta’limdagi xalqaro hamkorlik
2020-08-28 | Madaniyat
Ozarbayjon davlat madaniyat va san’at universiteti rahbariyati taklifiga binoan, O‘zbekiston davlat san’at va madaniyat instituti ishtirokida “Ijodiy oliy ta’lim muassasalarida masofaviy o‘qitishdagi dolzarb muammolar” mavzusida vebinar bo‘lib o‘tdi.
Mazkur xalqaro onlayn anjumanda O‘zbekiston davlat san’at va madaniyat instituti rektori, filologiya fanlari doktori, professor Ibrohim Yo‘ldoshev,O‘zbekiston davlat san’at va madaniyat instituti professori, san’atshunoslik fanlari nomzodi, Mustaqil Davlatlar Hamdo‘stligi tashkilotining madaniyat va san’at ta’limi bo‘yicha Jamoatchilik Kengashi a’zosi Temur Rashidov, institutning professor-o‘qituvchilari o‘z ma’ruzalari bilan qatnashdi. Uchrashuvda ta’lim tizimidagi ijodiy jarayonlarga innovatsion usullar va zamonaviy texnologiyalarni joriy qilish orqali uning sifatini yanada oshirish, ta’lim jarayonlarini takomillashtirish singari qator dolzarb masalalar borasida fikr-mulohazalar bildirildi.
O‘zbekiston, Ozarbayjon, Rossiya, Qozog‘iston, Tojikiston singari 10 ga yaqin davlatlarning oliy o‘quv yurtlari hamkorligida o‘tkazilgan xalqaro anjuman doirasida bugungi epidemiologik vaziyatda o‘zaro tajriba almashish orqali samaradorlikka erishish kabi jihatlar ham muhokama qilindi. Hozirgi pandemiya sharoitida tizimga zamonaviy texnologiyalarni joriy etish, masofaviy dars o‘tishda yangicha yondashuv xalqaro amaliyotga integratsiyalashuvda muhim o‘rin tutadi. Uchrashuvda kelgusida ham shu kabi onlayn trening, xalqaro seminarlarni tashkil etishga kelishib olindi.
Manba: O‘zbekiston Respublikasi Madaniyat va turizm vazirligi