O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali
Adliya vazirligi: Litsenziyalar qisqarishi tufayli tadbirkorlarning 40 milliard so‘m mablag‘i tejaladi
2020-08-27 | Jamiyat
Davlatimiz rahbari boshchiligida joriy 17 fevral kuni bo‘lib o‘tgan yig‘ilishda inson sog‘ligiga va jamiyatga ziyon yetkazmaydigan faoliyat turlarini litsenziyalashdan chiqarib tashlanishi va ruxsat berish tartib-taomillarini soddalashtirish lozimligi ta’kidlangan edi.
Joriy yil 24-avgust kuni shu kabi munosabatlarni takomillashtirishga qaratilgan muhim hujjat “Litsenziyalash va ruxsat berish tartib-taomillarini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida” Prezident Farmoni qabul qilindi.
Farmonda belgingan muhim vazifalar va qonunchilikka kiritilayotgan o‘zgartirishlar bo‘yicha jori yil 25 avgust kuni AOKA anjumanlar zalida Adliya vazirligi mas’ul xodimlari ishtirokida matbuot anjumani bo‘lib o‘tdi.
Matbuot anjumani boshlanishida, Adliya vazirligi mas’ul xodimlari tomonidan ushbu Farmon qabul qilinishining maqsad va vazifalariga qisqacha to‘xtalib o‘tildi.
Shundan so‘ng Adliya vazirligi mas’ul xodimlari Farmon asosida qanday yangi tartiblar o‘rnatilayotganligi bo‘yicha tushuntirish berishdi.
Birinchidan, Farmonga asosan 200 ga yaqin belgilangan byurokratik jarayonlar qisqartirildi. Xususan sohaga ilk marotaba xabardor qilish tartibi alohida institut sifatida joriy etilmoqda. Ya’ni 17 ta litsenziyalanadigan faoliyat yo‘nalishlari va 14 turdagi ruxsatnomalar xabardor qilish mexanizmiga o‘tkazilmoqda. (Misol uchun: maktabdan tashqari ta’lim, lombard, veterinariya davolash).
Ikkinchidan, 70 ta litsenziyalanadigan faoliyat yo‘nalishlari va 35 ta ruxsatnomalarni bekor qilinadi yoki muqobil shakllarga o‘tkaziladi. Natijada tadbirkorlik sub'yektlarining yiliga qariyb
40 mlrd. so‘m mablag‘lari iqtisod qilinib, ularning o‘z ixtiyorida qoldirilmoqda.
Uchinchidan, litsenziyalash, ruxsat berish va xabardor qilish jarayonlari to‘liq elektronlashtiriladi. Ya’ni “Litsenziya” axborot tizimi ishlab chiqilib barcha litsenziya, ruxsatnoma va xabarnomalarni yagona portal orqali hujjat topshirish, ko‘rib chiqish va uni berish amaliyoti yo‘lga qo‘yiladi Bu esa korruptsion holatlarning yuzaga kelishini cheklaydi.
To‘rtinchidan, Farmon bilan 115 ta litsenziya va ruxsat berish xususiyatiga ega hujjatlarni olish tartib-taomillarini yanada qisqartirish va soddalashtirishga qaratilgan chora-tadbirlarni amalga oshirish belgilanmoqda hamda 14 turdagi faoliyatlar bo‘yicha hujjatlarni rasmiylashtirish muddatlari qisqartirilmoqda.
Beshinchidan, vakolatli organlar tashabbusi bilan litsenziya va ruxsatnomalarni tugatish va bekor qilish endilikda faqat sud tartibida amalga oshiriladi.
Oltinchidan, sohaga samarali jamoatchilik nazorati mexanizmlari joriy etilmoqda. Ya’ni fuqarolar biror-bir shaxslarning muayyan faoliyat bilan litsenziyasiz, ruxsatnomasiz yoki xabarnoma yubormasdan shug‘ullanayotganligi bo‘yicha xabar berishsa, huquqbuzarlik o‘z tasdig‘ini topgan taqdirda undirilgan jarimaning 10 foizi miqdorida pul mukofoti bilan rag‘batlantiriladi.
Shuningdek, matbuot anjumanida Adliya vazirligi mas’ul xodimlari tomonidan tadbirkorlar va jurnalistlarning savollariga javoblar berildi.
Manba: O’zbekiston Respublikasi Adliya vazirligi