O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali

Arxiv
2024
Kalendar

Voqealar

Du Se Ch Pa Ju Sh Ya
Portalda yangilik
  • Sen –qudrat manbai, saodat maskani, jonajon O‘zbekistonim! Batafsil>>>
  • Ommaviy savdolar orqali sotilishi belgilangan davlat mulki obyektlari Batafsil>>>
  • "Davlat organlari ijtimoiy tarmoqlarda" sahifasi Batafsil>>>
  • Jonajon O‘zbekistonim, mangu bo‘l omon! Batafsil>>>
  • “Ochiq byudjet” sahifasi Batafsil>>>

“Mehr-saxovat” koʻkrak nishoni bilan mukofotlash toʻgʻrisida

2020-08-27 | Hujjatlar

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining farmoni

Bugungi kunda butun insoniyat qatori koʻp millatli xalqimiz ham koronavirus pandemiyasi oqibatida yuz bergan ogʻir sinov va qiyinchiliklarga qarshi sabot-matonat bilan kurash olib bormoqda.

Ushbu ulkan ofatning mamlakatimiz hayotiga salbiy taʼsirini yumshatish, fuqarolar salomatligini asrash, ularni ijtimoiy himoya qilish boʻyicha davlatimiz va jamiyatimiz tomonidan oʻz vaqtida koʻrilgan chora-tadbirlar samarasini bermoqda. Mana shunday murakkab va tahlikali vaziyatda mard va jasur, olijanob xalqimiz yana-da jipslashib, oʻzaro yordam, mehr-oqibat, hamjihatlik va ahillik kabi yuksak insoniy fazilatlar sohibi ekanini yana bir bor amalda namoyon etmoqda.

Global pandemiya hamda turli tabiiy ofat va favqulodda holatlarga qarshi kurashish, ularning oqibatlarini bartaraf etish, aholining ijtimoiy himoyaga muhtoj qatlamlarini har tomonlama qoʻllab-quvvatlash, bu boradagi ishlarni umumxalq harakati darajasiga koʻtarishga katta hissa qoʻshgan, jamiyatimizda tinchlik-osoyishtalik, doʻstlik va totuvlik muhitini mustahkamlashda faol ishtirok etayotgan, begʻaraz homiylik yordami hamda ezgu ishlari bilan barchaga oʻrnak boʻlayotgan yurtdoshlarimizni munosib taqdirlash maqsadida:

1. Sogʻliqni saqlash sohasining jonkuyar vakillari, saxovatli tadbirkorlar, davlat va jamoat tashkilotlarining fidoyi xodimlari hamda boshqa tashabbuskor va faol fuqarolar “Mehr-saxovat” koʻkrak nishoni bilan mukofotlansin.

2. Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi “Mehr-saxovat”
koʻkrak nishoni bilan taqdirlash boʻyicha vazirliklar, idoralar, xoʻjalik boshqaruvi organlari, jamoat birlashmalari va boshqa respublika tashkilotlari hamda Qoraqalpogʻiston Respublikasi Joʻqorgʻi Kengesi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari tomonidan taqdim etilgan roʻyxatlarni koʻrib chiqsin va tasdiqlasin.

3. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi, Oʻzbekiston Milliy axborot agentligi, Oʻzbekiston Milliy teleradiokompaniyasi va boshqa ommaviy axborot vositalariga “Mehr-saxovat” koʻkrak nishonlarini topshirishga bagʻishlangan tadbirlarni keng yoritish tavsiya etilsin.

4. Mazkur Farmonning ijrosini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri A.N.Aripov va Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi rahbari Z.Sh.Nizomiddinov zimmasiga yuklansin.

 

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti                                                                                            Sh.MIRZIYOYEV

Toshkent shahri, 2020-yil 26-avgust

Manba: O'zA

Поделиться