O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali
Korrupsiyaning oldini olishga bagʼishlangan yigʼilish oʼtkazildi
2020-08-26 | Jamiyat
25-avgust kuni Innovatsion rivojlanish vazirligida korrupsiyaning oldini olish va unga qarshi kurashish sohasida amalga oshirilayotgan ishlarga bagʼishlangan yigʼilish oʼtkazildi. Innovatsion rivojlanish vaziri Ibrohim Аbdurahmonov vazirlik va uning tizimidagi tashkilotlarda korruptsiya holatlariga yoʼl qoʼyilishini oldini olish, korrupsion elementlarning har qanday koʼrinishiga qarshi keskin kurashish, uni profilaktika qilish boʼyicha chora-tadbirlar va amalga oshiriladigan ishlar haqida soʼzladi.
Soʼnggi yillarda mamlakatimizda korrupsiyaning oldini olish va unga qarshi kurashish, davlat va jamiyat qurilishining barcha sohalarida korrupsiogen omillarga chek qoʼyishga qaratilgan keng koʼlamli islohotlar izchil amalga oshirilmoqda. Xususan, Innovatsion rivojlanish vazirligi tizimida soha zimmasidagi vazifa va funksiyalardan kelib chiqib, yuzaga kelishi mumkin boʼlgan korrupsion xavf-xatarlarni baholash tizimini takomillashtirish hamda sohada halollik standartlarini joriy etish boʼyicha tegishli ishlar amalga oshirilmoqda.
Oʼtgan yillar davomida vazirlik doirasida korrupsiyaga qarshi kurashish va uning oldini olish boʼyicha qator ishlar olib borildi. Vazirlik va uning tizimidagi tashkilotlar xodimlariga haq toʼlash tizimi qayta koʼrib chiqilishi, vazirlik faoliyati haqida keng jamoatchilikka muhim axborotlarning berib borilishi, ilmiy faoliyatga oid davlat dasturlari doirasida oʼtkaziladigan tanlovlarga loyihalarning elektron tarzda qabul qilinishi shular jumlasidandir. Yigʼilishlarning videokuzatuv kameralari orqali yozib borilishi, ish faoliyatining uzluksiz monitoring qilinishi ham korrupsiyaning oldini olishiga xizmat qiladi.
Yigʼilishda qabul qilingan hujjatlar, xodimlar oʼrtasida tushuntirishlar va targʼibot tadbirlariga qaramasdan sohada korrupsion elementlarni bartaraf etish, ochiqlik va shaffoflik prinsiplarini taʼminlashda ayrim kamchiliklarga yoʼl qoʼyilayotgani alohida taʼkidlandi. Shu bilan birga, korrupsiyaga qarshi kurashish samaradorligini tubdan oshirish boʼyicha belgilangan vazifalar, sohada korrupsiya holatlarining sabab va shart-sharoitlarini aniqlash, ularni bartaraf etishning taʼsirchan tizimini yaratish bugungi kunning dolzarb vazifasi ekanligi qayd etildi.
Yaqin kunlarda tashkil etilgan Oʼzbekiston Respublikasi Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi bilan hamkorlikda sohaning barcha tizimlarida korrupsiyaga qarshi kurashish boʼyicha seminar-trening va oʼrganishlar oʼtkazilishi lozimligi alohida taʼkidlandi. Yigʼilish davomida vazir oʼrinbosarlari, boshqarma va boʼlim boshliqlari hamda tizim tashkilotlari rahbarlarining kun tartibidagi masalalar yuzasidan fikr-mulohazalari tinglandi.
Manba: O‘zbekiston Respublikasi Innovatsion rivojlanish agentligi