O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali
IT-Park AQShda oʻz vakolatxonasini roʻyxatdan oʻtkazdi
2020-08-26 | Texnologiyalar
Vakolatxona IT-Park rezidentlari xizmati va mahsulotlarini xalqaro bozorlarda ilgari surish, startap loyihalariga xorijiy investitsiyalarni jalb qilish, mahalliy kompaniyalar va frilanserlar tomonidan taqdim etiladigan xizmatlarning autsorslarini koʻpaytirish maqsadida ochilgan.
IT-Parkning aynan AQSH hududida ochishdan maqsad — milliy mahsulot va xizmatlarimizni AQSH bozoriga olib chiqish uchun qulay shart-sharoitni yaratishdan iboratdir. Vakillik AQSHda yurtimiz kompaniyalari xizmat va mahsulotlari ommabopligini oshirish, reklama ishlarini olib borish, buyurtmalar topish, IT-Park rezidentlari va AQShlik buyurtmachilar oʻrtasidagi shartnomalar imzolanishini ragʻbatlantirishni oʻziga vazifa qilib olgan.
Bundan tashqari, vakillik ikki taraf uchun kafolat vazifasini oʻtaydi – buyurtmachi uchun bajarilgan ish sifati, bajaruvchi uchun esa, taqdim etilgan xizmatga yarasha haq toʻlanishini taʼminlaydi. Buning uchun jahon standartlariga mos keluvchi sugʻurta va kafillik tizimlari tatbiq etiladi.
Shuni taʼkidlash joizki, bir qator IT-Park rezidentlari AQSH, Yevropa va MDH davlatlari bozoriga allaqachon moslashib ulgurishgan. Shu oʻrinda, 2020-yil birinchi yarim yillikda rezidentlar tomonidan amalga oshirilgan eksport hajmi 6 million dollardan oshgan.
Vakolatxonaning yana bir oʻziga xos jihati, AQSh IT bozori bilan yaqindan tanish boʻlgan, AQSH AT sektori va ishga aloqador munosabatlar borasida yaxshi tajribaga ega boʻlgan, AQSH hududida istiqomat qiluvchi shaxs (AQSH fuqarosi yoki hamyurtlarimiz) tanlov asosida vakil etib tayinlanadi.
Shuni taʼkidlash lozimki, IT-Parkning AQSh dagi vakolatxonasi xorijiy AT buyurtmalarni jalb qilish yoʻlidagi birinchi qadam boʻladi. Kelgusida Avstraliya, Yaponiya, Birlashgan Arab Amirliklari va Yevropa Ittifoqi davlatlari kabi mamlakatlarda bunday vakolatxonalar ochilishi rejalashtirilgan.
Manba: O‘zbekiston Respublikasi Raqamli texnologiyalar vazirligi