O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali
Respublikada «Bo‘sh ish o‘rinlari» mehnat yarmarkalari orqali aholi ish bilan ta’minlandi
2020-08-26 | Jamiyat
Ishsizlik – dunyoning global muammolaridan biridir. Mazkur masalaning yechimi doim dunyo jamoatchiligining diqqat markazida bo‘lib kelgan. Shu jumladan Hukumat, xususan, O‘zbekiston Respublikasi Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi tomonidan ham aholi bandligini ta’minlash muhim vazifalardan biri sifatida qaraladi.
Ishsizlikka qarshi kurashishda turlicha yondashuvlar mavjud. Shulardan biri mehnat yarmarkalariga aholini jalb qilish orqali ularning bandligini ta’minlashdir.
Qayd etish joizki, insoniyatga xavf solib kelayotgan pandemiya sababli joriy etilgan karantin va cheklovlar ishsizlik darajasining oshishiga olib keldi. Biroq shu sharoitda yangi ish o‘rinlarini yaratish yurtimizda amalga oshirilayotgan islohotlarning amaliy ijrosini ko‘rsatadi.
O‘tgan davr mobaynida respublika bo‘yicha 447 ta «Bo‘sh ish o‘rinlari» mehnat yarmarkalari tashkil etildi. Bo‘sh ish o‘rinlari yarmarkalarida 17 633 ta korxona va tashkilotlar o‘zlarida mavjud 146 858 ta vakant ish o‘rinlari bilan ishtirok etdi. Mazkur yarmarkalarda 44 652 nafar fuqarolar, xususan, 23 141 nafar yoshlar, 20 691 nafar ayollar 9 438 nafar ta’lim muassasalari bitiruvchilari, 133 nafar nogironligi bo‘lgan shaxslar, shuningdek jazoni o‘tash muassasalaridan jazoni o‘tab qaytganlardan 352 ta, 2 315 nafar chet eldan qaytgan yoki ketish istagini bildirgan fuqarolar qatnashdi.
O‘tkazilgan yarmarkalar orqali 12 597 nafar fuqarolarga doimiy ishga joylashish, 2486 nafar fuqarolarga jamoat ishlariga qatnashish, 841 nafar fuqarolarga kasbga tayyorlashga yo‘naltirish uchun yo‘llanmalar taqdim etildi. Shuningdek, 28 728 nafar fuqarolarga bandlik va mehnat munosabatlariga oid maslahatlar berildi. Undan tashqari jazoni o‘tab qaytgan 57 nafar fuqaro ishga joylashtirildi.
Aholi bandligini ta’minlash va daromadini oshirish orqali oiladagi sharoitni yaxshilash, undan tashqari, tadbirkorlikka jalb etish yuzasidan vazirlik tomonidan tizimli ishlar davom ettirib kelinmoqda.
Manba: O‘zbekiston Respublikasi kambag‘allikni qisqartirish va bandlik vazirligi