O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali
“Bojxona auditi” – yashirin iqtisodiyotni qisqartirish va oldini olishga xizmat qiladi
2020-08-26 | Iqtisodiyot
Davlat bojxona qoʻmitasi tomonidan mamlakatda iqtisodiy xavfsizlikni taʼminlash, kontrabanda predmetlarining noqonuniy aylanmasiga qarshi kurash yoʻnalishida amalga oshirilayotgan chora-tadbirlar yuzasidan matbuot anjumani oʻtkazildi.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligida boʻlib oʻtgan anjumanda taʼkidlanishicha, joriy yilning oʻtgan davrida kontrabanda va bojxona qonunbuzilishiga qarshi kurashish yoʻnalishida 5 mingdan ortiq huquqbuzarlik holati fosh etilgan. Natijada, 154,6 milliard soʻmlik mahsulotlar ashyoviy dalil sifatida olib qoʻyilgan. Qonun buzilishi holatlari boʻyicha jami 102,2 milliard soʻmlik qoʻshimcha bojxona toʻlovlari hisoblanib, undirishga qaratilgan.
– Aniqlangan holatlar yuzasidan 265 jinoyat ishi qoʻzgʻatilib, tergov organlariga yuborilgan boʻlsa, 4 ming 517 holatda huquqbuzarlarga nisbatan maʼmuriy ish yuritilgan, – dedi Davlat bojxona qoʻmitasi boshqarma boshligʻi Farhod Olimjonov. – Shu bilan birga, hisobot davrida 31,1 kilogramm va 2 ming 140 tup giyohvandlik vositasi, 19 dona qurol, 57 dona oʻq, 239,8 ming dona psixotrop tabletka, 10 milliard soʻmlik tibbiyot buyumlari va dori vositalari, 31,7 kilogramm tilla va kumush mahsulotlari, qimmatbaho metallar va toshlar, 24,4 milliard soʻmlik tamaki mahsulotlari, 1,5 milliard soʻmlik noqonuniy valyuta qimmatliklarining noqonuniy olib oʻtilishi va ichki hududdagi yashirin aylanmasining oldi olindi.
Chegara hududlari orqali respublika hududiga noqonuniy olib kirilgan mahsulotlarni vaqtincha saqlashga moʻljallangan “yama”larni aniqlash borasida amalga oshirilgan tadbirlar davomida 85 holatda 7,9 milliard soʻmlik noqonuniy mahsulotlar fosh etildi.
Mamlakat ichki hududida tegishli tartibda roʻyxatdan oʻtmasdan, sifati kafolatlanmagan qoʻlbola mahsulotlar ishlab chiqarishga moʻljallangan yashirin sexlar faoliyatiga chek qoʻyish maqsadida olib borilgan tezkor tadbirlar natijasida 5 holatda 419,1 million soʻmlik mahsulotlar ashyoviy dalil sifatida olib qoʻyildi.
Mazkur yoʻnalishdagi ishlarni amalga oshirishda sohada axborot-kommunikatsiya texnologiyalaridan unumli foydalanish, “raqamli bojxona” tamoyili asosida bojxona postlari faoliyatini raqamlashtirishga alohida eʼtibor qaratiladi.
Bu esa tovar va transport vositalarining yalpi bojxona nazoratidan oʻtkazishdan voz kechgan holda bojxona qonunbuzilishlarini aniqlash samaradorligini oshirishga olib keladi. Eng muhimi, bu jarayonlarda inson omili sezilarli ravishda qisqaradi.
Anjumanda 2021-yil 1-yanvardan eʼtiboran joriy etiladigan “Bojxona auditi” axborot tizimi yuzasidan ham soʻz yuritildi. Mazkur tizimning ishga tushirilishi “yashirin iqtisodiyot”ni qisqartirish va tadbirkorlarga qulaylik yaratishda muhim ahamiyatga ega.
Maʼlumki, bojxona xizmati organlariga bojxona nazorati shakli sifatida mahsulotlar chiqarib yuborilgandan keyin tashqi iqtisodiy faoliyat ishtirokchisi ishini baholash hamda ularning mahsulotlar va transport vositalari chiqarib yuborilgandan keyingi hisobini tekshirishni nazarda tutuvchi bojxona auditini amalga oshirish vazifasi yuklandi.
Endilikda erkin muomalaga chiqarilgan mahsulotlar doirasida bojxona nazoratidan keyingi tekshiruvni amalga oshirish uchun “Bojxona auditi” avtomatlashtirilgan axborot tizimi ishlab chiqiladi va joriy etiladi.
Taʼkidlash joizki, bojxona auditi AQSH, Rossiya, Kanada, Yaponiya, Xitoy, Janubiy Koreya va Gʻarbiy Yevropa mamlakatlari bojxona tizimi amaliyotida keng qoʻllanilib kelinmoqda.
Bojxona tizimida ham mazkur amaliyotning joriy etilishi natijasida yuklarni yalpi bojxona nazoratidan oʻtkazishga asoslangan tekshirishlardan butkul voz kechiladi. Yaʼni, “Xavfni boshqarish” avtomatlashtirilgan axborot tizimi orqali “koʻk yoʻlak”ka yoʻnaltirilgan hamda shartli ravishda erkin muomalaga chiqarilgan mahsulotlar ustidan samarali nazorat amalga oshiriladi.
Oʻz oʻrnida mahsulotlar chiqarib yuborilganidan keyin, xavf prinsiplari doirasida ularni kompleks tekshirish imkoniyatining mavjudligi, mahsulotlarni bojxona chegarasiga kirib kelishi va bojxona rasmiylashtiruvidan oʻtkazish jarayonidagi nazorat tadbirlarini qisqartirishga olib keladi.
Endilikda tadbirkor tomonidan import qilingan mahsulotlar avtomatlashtirilgan dastur orqali rasmiylashtirilib, inson aralashuvisiz qisqa fursatda chiqarib yuboriladi. Keyinchalik “Bojxona auditi” dasturi tahlil usullari orqali xavf obyektini tanlab olib, tekshirib koʻrish yuzasidan topshiriq beradi.
Bu esa halol tadbirkorlarga keng imkoniyatlar berib, mahsulotlarning bojxona nazorati va rasmiylashtiruviga sarflanadigan vaqtni qisqartiradi. Aksincha, qonunchilik talablarini buzishga uringan tadbirkorlik subyektlariga nisbatan toʻlaqonli bojxona nazoratini nazarda tutadi. Bu esa oʻz oʻrnida “yashirin iqtisodiyot”ni qisqartirish va oldini olishga xizmat qiladi.
Xurshid QODIROV, OʻzA
Manba: O'zA