O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali
Viloyat hokimi Hisor tog‘ tizmalari etagida joylashgan chegara qishloqda bo‘ldi Viloyat hokimi Hisor tog‘ tizmalari etagida joylashgan chegara qishloqda bo‘ldi
2020-08-25 | Jamiyat
Shahrisabz tumanining qo‘shni Tojikiston Respublikasi bilan chegaradosh qismida joylashgan Ko‘l qishlog‘i Hojiak va Hazrati Sulton tog‘lari o‘rtasida joylashgan bo‘lib, ilgari ko‘l bo‘lgan. Qishloq nomi shuning uchun ham Ko‘l deb nomlangan.
Viloyat sektor rahbarlari, viloyat DXX, Miliiy gvardiya, Favqulotda vaziyatlar boshqarmasi, Bojxona boshqarmasi, Jinoyat ishlari bo‘yicha viloyat sudi, Xalq qabulxonasi rahbarlari ushbu chegara qishloq aholisi bilan uchrashib, ularni qiynab kelayotgan asosiy muammolar bilan qiziqdi.
- Eng asosiy muammo qish oylarida shahar markaziga yetkazadigan yo‘l va tibbiy xizmat ko‘rsatish ekanini oldindan OAVlarda ham o‘qib, tegishli rejalarni tuzib olganman. Yaqinda Ko‘l va Kitob tumanidagi Shut qishloqlari uchun yo‘l tanlamas tez yordam mashinalari olib kelmoqdamiz. Bundan tashqari yana qanday muammolaringiz bor?, - deya yuzlandi xalqona ohangda viloyat hokimi.
Qishloq ahli tibbiyot, taʼlim va qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini yetishtirishga doir bir qator muammo va takliflarini berdi. Barcha muammo va takliflar bajarilishini viloyat rahbari o‘z nazoratiga oladigan bo‘ldi.
Shundan so‘ng qishloqdan 18 kilometr uzoqlikda joylashgan Hazrati Sulton ziyoratgohiga ham borilib, Yaratgandan Xalqimiz va dunyo xalqlarini koronavirus balosidan asrash, har bir soha rivoji hamda Xalqimiz roziligi yo‘lida odilona siyosat olib borayotgan Yurtboshimizga kuch-quvvat, sihat-salomatlik so‘raldi.
Shuningdek, rahbarlar harbiy xizmatchilar uchun qurilayotgan xizmat uylari bilan tanishdi. Chegara postlari va harbiy qismlarda bo‘lib, mard o‘g‘lonlarimizni mustaqilligimizning 29 yilligi bilan tabriklab, sovg‘a-salomlar ulashdi.
Aholi tomonidan chegarachilarga, shuningdek, yaqinda qishloqqa kelib bir qator muammolarini hal qilib bergan DXX raisi Abdusalom Azizovga minnatdorchilik bildirildi.
Maʼlumot o‘rnida, o‘tgan yilgi qish mavsumidagi qiyinchiliklar takrorlanmasligi uchun qishloqqa buldozer olib berilgan bo‘lsa, alohida mablag‘ ajratilib, oziq-ovqat mahsulotlari ham yetkazib berildi. Mahallada qurilishi boshlangan mahalla binosi yonida xalq kutubxonasi qurilishi ham qish mavsumiga qadar oxiriga yetkaziladi. Ushbu kutubxonaga aholi talabidan kelib chiqib, hokimlik xisobidan qo‘shimcha 10 million so‘mlik tojik tilidagi badiiy asarlar to‘plami olib kelinadi.
Shuningdek, kartoshkachilikni rivojlantirish maqsadida hozir ekiladigan 60 gektarni 3000 gektargacha ko‘paytirish uchun suv keltirish bo‘yicha loyiha tashkilotlari ishni boshlaydi va bu orqali qishloq aholisi daromadlari oshadi, ishsizlik bo‘lmaydi.
Ahror Sodiqov,
Qashqadaryo viloyati hokimligi
Axborot xizmati rahbari
Manba: Qashqadaryo viloyati hоkimligi