O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali
Gid va ekskursiyachilarga malaka guvohnomalarini berish tartibi to‘g‘risidagi nizom tasdiqlandi
2020-08-25 | Turizm
"Gidlar (gid-tarjimonlar), ekskursiyachilar va hamroh-yo‘riqchilarga malaka guvohnomalarini berish tartibi to‘g‘risida nizom" tasdiqlandi. Vazirlar Mahkamasining 2020-yil 10-iyuldagi "O‘zbekiston Respublikasida turizm sanoatini tiklash va rivojlantirish uchun qulay shart-sharoitlarni yaratish chora-tadbirlari to‘g‘risida" 433-sonli qarorida shu haqida maʼlum qilingan.
Ushbu Nizom, gidlar (gid-tarjimonlar), ekskursiyachi va hamroh-yo‘riqchilar uchun malaka imtihonini o‘tkazish hamda malaka sertifikati va beyjiklarini berish tartibini belgilaydi.
Nizomda malaka sertifikati va beyjiklarini olishni istagan daʼvogarlar uchun malaka talablari, shuningdek muayyan toifani berish tartibi belgilab qo‘yilgan. Malakaviy imtihon ikki bosqichda o‘tkaziladi:
1. Maxsus avtomatlashtirilgan tizim yordamida test o‘tkazish. Maxsus avtomatlashtirilgan tizim nomzod uchun test topshiriqlarini takrorlash imkoniyatini istisno qiladi va test tugashi bilanoq uning natijalarini namoyish etadi;
2. Og‘zaki, namoyish shaklida. Namoyish imtihoni birinchi marta malaka imtihonida ishtirok etayotgan nomzodlarning ekskursiya ko‘nikmalari va materiallarni bilish darajasini baholash maqsadida o‘tkaziladi.
Gidlar (gid-tarjimonlar), ekskursiyachilar va hamroh-yo‘riqchilar malakasini xolisona baholash uchun malaka komissiyasiga O‘zbekiston Respublikasi Turizmni rivojlantirish davlat qo‘mitasi, Turizmni rivojlantirish institutining masʼul xodimlari, tarix, arxitektura, dinshunoslik, tilshunoslik sohasidagi oliy o‘quv yurtlari va ilmiy muassasalar vakillari hamda turizm sohasi subyektlari, shuningdek oliy toifali gidlar (gid-tarjimonlar), ekskursiyachi va hamroh-yo‘riqchilar jalb etiladi.
Malaka imtihonini o‘tkazish hamda malaka guvohnomasi va beyjigini berishga doir butun ishlab chiqarish jarayonlarini amalga oshirish uchun Turizmni rivojlantirish instituti masʼul organ hisoblanadi.
Nizomda malaka sertifikatini berishni rad etish, bekor qilish va to‘xtatish shartlari aniq belgilab qo‘yilgan. Shu bilan birga, talabgor malaka imtihoni natijalaridan norozi bo‘lgan taqdirda, unga apellyatsiya berish shartlari ham ko‘zda tutilgan.
Mazkur Nizom talablariga rioya etilishini nazorat qilish O‘zbekiston Respublikasi Turizmni rivojlantirish davlat qo‘mitasi tomonidan amalga oshiriladi. Nizom talablarini buzganlikda aybdor deb topilgan shaxslar Qonun hujjatlariga muvofiq javobgarlikka tortiladi.
Manba: O‘zbekiston Respublikasi Turizm va madaniy meros vazirligi