O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali
Buyuk Britaniyaning O'zbekistondagi elchisi bilan uchrashuv bo'lib o'tdi
2020-08-25 | Iqtisodiyot
Joriy yilning 24-avgust sanasida Bosh vazir o'rinbosari - Iqtisodiy taraqqiyot va kambag'allikni qisqartirish vaziri Jamshid Qo'chqorov raisligida Buyuk Britaniyaning O‘zbekistondagi favqulodda va muxtor elchisi Tim Torlot bilan videokonferensiya shaklidagi uchrashuv bo'lib o'tdi. Unda O'zbekiston Respublikasi Moliya vaziri - Timur Ishmetov, O'zbekiston Respublikasi Bandlik va mehnat munosabatlari vaziri - Nozim Xusanov, O'zbekiston Respublikasi Davlat statistika qo'mitasi raisi Bahodir Begalov, shuningdek boshqa mutasaddi idoralar vakillari ishtirok etdilar.
Uchrashuv avvalida Tim Torlot O'zbekistondagi iqtisodiy vaziyat, shuningdek, koronavirus pandemiyasi oqibatlarini yumshatish bo'yicha mamlakat hukumati tomonidan ko'rilayotgan chora-tadbirlar bilan tanishtirildi. O'zbekiston tomoni hamkorlik, texnik ko'mak hamda Britaniya tajribasi eng dolzarb bo'lgan sohalar yuzasidan to'xtalib o'tdi. Idoralararo institutsional faoliyatni rivojlantirish va iqtisodiy siyosatni amalga oshirish ustuvor yo'nalishlar sifatida qayd etildi. Mamlakatda moliyaviy hisobotning xalqaro standartlarini (MHXS) keng joriy qilish, ular bo'yicha va o'quv professional auditorlarni imtixondan o'tkazish tizimlarini tashkil qilish va sertifikatlar taqdim etish sohasida hamkorlik qilish masalasiga ham alohida e'tibor qaratildi.
Davlat xaridlari sohasidagi islohotlar va budjet tashkilotlari xaridlarining maksimal darajada oshkoraligini ta'minlashga qaratilgan jarayonlar ham qayd etildi. Tomonlar o'zaro fikr almashish va Britaniya hukumatining soliq ma'muriyatchiligi borasidagi tajribasini ko'rib chiqishga qiziqish bildirdilar. Ishtirokchilar inson kapitalini rivojlantirish, xususan, tadbirkorlik ta'limi va davlat tomonidan, shu jumladan ayollar va yoshlarni qo'llab-quvvatlash, mehnat bozorini rivojlantirish va rasmiy sektorni kengaytirish, shuningdek, ichki migratsiyaning rivojlanish omili bo'lib xizmat qiluvchi urbanizatsiya jarayoni kabi sohalardagi hamkorlikning muhimligi to'g'risida kelishib oldilar. Buyuk Britaniya bilan hamkorlik qilishning muhim jihati sifatida O'zbekiston Respublikasida statistikaning rivojlanishiga texnik ko'mak ko'rsatilishi ta'kidlandi.
O'z navbatida Timoti Torlot pandemiyadan rivojlanish ko'rsatkichkarini tiklagan holda barqaror iqtisodiyotni shakllantirish, xususan, yashil iqtisodiyotni kengaytirishni qo'llab-quvvatlashga yo'naltirilgan tegishli yordam ko'rsatish yuzasidan hamkorlik va fikr almashishning muhimligini ta'kidladi.
Yig'ilish so'ngida, tomonlar bunday muloqotlarni muntazam ravishda o'tkazishga kelishib oldilar.
Manba: O‘zbеkistоn Rеspublikаsi Mоliya vаzirligi