O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali
Oʼzbekiston va Xitoy: innovatsion hamkorlikning yangi bosqichi
2020-08-24 | Innovatsiya
Oʼzbekiston Respublikasi innovatsion rivojlanish vaziri Ibrohim Аbdurahmonov Xitoy Xalq Respublikasining Favqulodda va Muxtor elchisi Szyan Yan xonim bilan onlayn shaklda muzokara oʼtkazdi.
Innovatsion rivojlanish vazirligi davlat boshqaruvi va Oʼzbekiston iqtisodiyotining real sektoriga innovatsiyalarni joriy etish boʼyicha vakolatli organ sifatida Xitoy bilan ilmiy-texnik hamkorlikni rivojlantirish va kengaytirish boʼyicha faol ish olib bormoqda. Oʼz navbatida, ikki tomonlama ilmiy-texnik hamkorlik Oʼzbekiston Respublikasi Hukumati va Xitoy Xalq Respublikasi Hukumati oʼrtasida 2019-yil 1-noyabrda fan va texnika sohasidagi hamkorlik toʼgʼrisidagi Bitim doirasida amalga oshirilmoqda.
XXR Fan va texnologiyalar vazirligi bilan imzolangan kelishuvlar doirasida 2019-yil 17-sentabrda tanlov eʼlon qilindi. Unga 61 loyiha qabul qilinib, shundan 55 tasi texnik ekspertizadan oʼtdi. Oʼzbekiston va Xitoy tomonidan maʼqullangan 20 ta eng yaxshi loyiha umumiy qiymati 20 milliard soʼmga moliyalashtiriladi.
2019-yil 1-noyabrda imzolangan Fan va texnologiyalar sohasidagi hamkorlik toʼgʼrisidagi Bitimga muvofiq, Innovatsion rivojlanish vazirligi ushbu bitimni amalga oshirish uchun dastur loyihasini ishlab chiqdi. U xitoylik sheriklar bilan fan, energetika, biotexnologiya, qishloq xoʼjaligi, tibbiyot va boshqa sohalarda hamkorlikni rivojlantirishga qaratilgan 11 yoʼnalishni oʼz ichiga oladi. Innovatsion rivojlanish vaziri boshchiligidagi Oʼzbekiston delegatsiyasining tashrifi 2020 yilning birinchi choragida rejalashtirilgan edi. Epidemiologik vaziyatni hisobga olib, ushbu tashrifni tashkil etish masalasi nomaʼlum muddatga qoldirildi, ammo elchi karantin cheklovlari olib tashlanishi bilan, Xitoy tomoni darhol Oʼzbekiston delegatsiyasini qabul qilishga tayyorligini taʼkidladi.
Muzokaralarda shuningdek Innovatsion rivojlanish vazirligi huzuridagi Ilgʼor texnologiyalar markazining direktori Shahlo Turdikulova ishtirok etdi. U oʼzbekistonlik olimlar tomonidan koronavirus infektsiyasini aniqlash uchun ishlab chiqilgan va ushbu markazning ishlab chiqarish uchastkasida chiqarilishi yoʼlga qoʼyilgan koronavirus infektsiyasini aniqlaydigan test-tizimi haqida gapirdi. Koronavirus infektsiyasiga qarshi vaktsinani ishlab chiqishda xitoylik va oʼzbekistonlik olimlarning hamkorlik qilish imkoniyatlari muhokama qilindi. Sh.Turdikulova shuningdek, joriy yilning iyun oyida ITM va Xitoy Fanlar akademiyasining Shinjon fizika va kimyoviy texnologiya instituti oʼrtasida "Biotexnologiya va yangi materiallar" oʼzbek-xitoy qoʼshma laboratoriyasini tashkil etish toʼgʼrisida oʼzaro anglashuv memorandumi imzolanganini aytib oʼtdi.
I. Аbdurahmonov, shuningdek, Xitoy Xalq Respublikasi va Oʼzbekiston Respublikasi oʼrtasida innovatsion texnoparklar sohasida hamkorlik kengayib borayotganini taʼkidladi. Shu oʼrinda, Navoiy viloyatida dori-darmonlarni sintez qilish boʼyicha Oʼzbekiston-Xitoy tibbiy texnoparkini yaratish boʼyicha investitsiya loyihasini amalga oshirish boʼyicha ishlarni tezlashtirishga kelishib olindi.
Szyan Yan xonim, oʼz navbatida, fan va texnologiyalar sohasidagi hamkorlik toʼgʼrisidagi Bitimni amalga oshirish doirasida har tomonlama yordam koʼrsatishga tayyorligini maʼlum qildi.
Manba: O‘zbekiston Respublikasi Innovatsion rivojlanish agentligi