O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali
Karim Kamolov qabri ziyorat qilindi
2020-08-23 | Siyosat
Buxoro eli og‘ir judolikka uchradi. Viloyat hokimi vazifasini bajaruvchi, davlat va jamoat arbobi Karim Jamolovich Kamolov 22-avgust kuni 65 yoshida vafot etdi. Marhum Buxoro shahridagi «Hazrati Imom» qabristoniga dafn etildi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 23-avgust kuni bu yerga tashrif buyurib, Karim Kamolov qabrini ziyorat qildi. Marhum haqiga Qur’on tilovat qilindi.
O‘zining 47 yillik faoliyati davomida Karim Kamolov chinakam rahbarlik qobiliyati, insoniy fazilatlari bilan ulkan hurmat qozongani, Buxoroning har tomonlama rivojlanishi va obod bo‘lishiga katta hissa qo‘shgani ta’kidlandi.
Karim Kamolov 1955-yil Buxoro shahrida tug‘ilgan. Buxoro oziq-ovqat va yengil sanoat texnologiyasi institutini bitirib, mehnat faoliyatini qurilish sohasida boshlagan. 1994-2007-yillarda Buxoro shahri hokimi sifatida samarali mehnat qilgan. Mazkur davrda bu yerda mislsiz bunyodkorlik ishlari amalga oshirilib, iqtisodiy-ijtimoiy sohalar izchil rivojlandi. Shaharning 2500 yilligi keng nishonlandi, xalqaro festivallar muvaffaqiyatli o‘tkazildi. Qadimiy obidalar obod qilinib, turizm infratuzilmasi yaxshilandi.
Karim Jamolovichning boy bilim va tajribasi 2007-2017-yillarda «20-trest» mas’uliyati cheklangan jamiyat raisi bo‘lib ishlagan paytlarida qo‘l keldi.
Oxirgi yillarda viloyatda yuz berayotgan keng miqyosli o‘zgarishlar ham Karim Kamolov sermahsul faoliyati bilan bog‘liq bo‘ldi. U 2017-yildan Buxoro shahri hokimi, 2020-yil fevraldan Buxoro viloyati hokimi vazifasini bajaruvchi sifatida mamlakatimizdagi islohotlarni amalga oshirishda fidokorona mehnat qildi. Xalq deputatlari viloyat va shahar kengashlari a’zolari qatorida hududning iqtisodiy-ijtimoiy taraqqiyotiga xizmat qiladigan muhim qarorlarni ishlab chiqishga ham hissa qo‘shdi.
Karim Kamolovning davlatimiz va xalqimiz oldidagi buyuk xizmatlari munosib taqdirlanib, u «Do‘stlik», «Mehnat shuhrati» ordenlari bilan mukofotlangan edi.
Manba: O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining rasmiy veb-sayti