O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali
Moskvada elektron tijorat, ko‘rgazma faoliyati va mehnat migratsiyasi sohasida hamkorlikni rivojlantirish masalalari muhokama qilindi
2020-08-22 | Iqtisodiyot
Joriy yilning 21-avgust kuni O‘zbekiston Respublikasi hukumat delegatsiyasining Rossiya Federatsiyasiga tashrifi chog‘ida Moskva shahrida yirik Rossiya kompaniyalari rahbarlari, xususan, “Wildberries” elektron tijorat portalining asoschisi va bosh direktori T.Bakalchuk, “NIPIGAZ” kompaniyalari guruhining direktorlar Kengashi Raisi va “Sibur” kompaniyasi bosh direktori M.Karisalov bilan muzokaralar o‘tkazildi.
Shuningdek, “XXYuK” Xalq xo‘jaligi yutuqlari ko‘rgazmasi majmuasi bosh direktori S.Shogurov bilan uchrashuv va “O‘zbekiston Respublikasi ko‘rgazma madaniy markazi” ko‘rgazmalar markazi hududiga tashrif tashkil etildi.
“Wildberries” kompaniyasi rahbariyati bilan uchrashuvda O‘zbekistonda yirik onlayn savdo maydonchasi va ulgurji-taqsimot markazlarini yaratish loyihasi doirasida joriy hamkorlik masalalari muhokama qilindi.
Ma’lumot uchun: “Wildberries” - Rossiya va MDH mamlakatlarida elektron tijorat sohasidagi eng yirik kompaniyalaridan biri. 2019-yilda kompaniya Rossiyaning eng yirik riteyleri sifatida e’tirof etildi. Kompaniya veb-saytida 30 dan ortiq turli brendlardagi mahsulotlar taqdim etilgan va saytga kuniga o‘rtacha 6 million mijozlar kiradi. Shuni hisobiga kuniga 750 ming buyurtmalar qabul qilinadi. “Wildberries” Belarus, Qozog‘iston, Qirg‘iziston va Armanistonda muvaffaqiyatli faoliyat yuritadi. 2020-yilning yanvar oyida kompaniya Polsha va Slovakiyada savdo qilishni yo‘lga qo‘yib, Yevropa Ittifoqi bozorida faoliyatini boshladi. Bugungi kunda o‘zbekistonlik 100 ga yaqin ishlab chiqaruvchi “Wildberries” portalidan foydalanmoqda.
Qayd etilishicha, O‘zbekistonda elektron tijorat sohasi ulkan salohiyatga ega: onlayn savdo bozorining hajmi qariyb 12-15 milliard dollarni tashkil etishi mumkin. Shu bilan birga, so‘nggi yillarda ushbu sektorda ijobiy o‘zgarishlar kuzatilmoqda: 2019-yilda O‘zbekistonda elektron tranzaktsiyalarning umumiy summasi 344,3 mln dollarni tashkil etdi va mamlakat YaIM dagi elektron tijorat ulushining yillik o‘sishi 30%ga baholanmoqda.
Uchrashuv yakunida mazkur loyihani muvaffaqiyatli amalga oshirishga qaratilgan yaqin hamkorlikni yo‘lga qo‘yish bo‘yicha kelishuvga erishildi.
“NIPIGAZ” xoldingi va “Sibur” kompaniyasi rahbariyati bilan uchrashuv Rossiyaning yirik korporatsiyalari bilan samarali hamkorlik o‘rnatish orqali mehnat migratsiyasi sohasini tizimlashtirish bo‘yicha hamkorlik qilish imkoniyatlarini batafsil ko‘rib chiqishning imkonini berdi.
Rossiya Federatsiyasida istiqomat qiluvchi O‘zbekiston fuqarolari orasidan kadrlarni tartibli ravishda tanlash va mutaxassislikka tayyorlash mexanizmlarini birgalikda ishlab chiqish, shuningdek, ularni keyinchalik Rossiya kompaniyalari tomonidan amalga oshirilayotgan sanoat va infratuzilma loyihalari doirasida ishga joylashtirish bo‘yicha kelishuvga erishildi. Shuningdek, Rossiya tomoni ushbu yo‘nalishda hamkorlik qilish uchun Rossiya qurilish va sanoat korxonalari orasidan yangi sheriklarni topishda yordam berishga tayyorligini bildirdi.
“XXYuK” ko‘rgazma majmuasiga amalga oshirilgan tashrif doirasida 66-chi “O‘zbekiston” pavilonida ta’mirlash-restavratsiya qilish ishlarining borishi ko‘rib chiqildi va ob'yektni o‘z vaqtida foydalanishga topshirilishini ta’minlash bo‘yicha amaliy choralar muhokama qilindi.
Shu nuqtai nazardan, Mintaqalararo hamkorlikning II Forumi, “Made in Uzbekistan” Milliy ko‘rgazmasi, Mediaforum va Ta’lim forumini tashkil etish masalalari ham ko‘rib chiqildi.
Amalga oshirilayotgan ishlarni tezlashtirish va yuzaga kelayotgan masalalarni tezkor hal etish uchun “XXYK” kompleksi ma’muriyati hamda O‘zbekiston Respublikasi Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi qoshidagi “Interforum” DUK o‘rtasida yaqin hamkorlik qilish mexanizmini yaratish to‘g‘risida kelishuvga erishildi.
Manba: O‘zbekiston Respublikasi investitsiyalar, sanoat va savdo vazirligi