O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali
Rossiya Federatsiyasi bilan investitsiya, moliya va transport sohasida hamkorlik masalalari muhokama qilindi
2020-08-21 | Iqtisodiyot
Joriy yilning 20-avgust kuni hukumat delegatsiyasining Rossiya Federatsiyasiga tashrifi doirasida Moskva shahrida O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazirining o‘rinbosari S.Umurzakovning vazirliklar, idoralar va moliyaviy tashkilotlar rahbarlari bilan bir qator uchrashuvlari bo‘lib o‘tib, ular davomida joriy hamkorlikning dolzarb masalalari va yaqin istiqboldagi rejalar muhokama qilindi.
Xususan, Rossiya Federatsiyasi moliya vaziri A.Siluanov, Rossiya Federatsiyasi “VEB.RF” Davlat rivojlanish korporatsiyasi raisi I.Shuvalov va “Rossiya temir yo‘llari” OAJ boshqaruvi raisi - bosh direktori O.Belozerov bilan uchrashuvlar bo‘lib o‘tdi.
Rossiya Federatsiyasi moliya vaziri A.Siluanov bilan uchrashuv doirasida ishtirokchilar moliyaviy-texnik hamkorlik sohasidagi rivojlanish dinamikasi va erishilgan natijalarni ijobiy baholadilar. Pandemiya sharoitida moliyaviy barqarorlikni ta’minlash hamda har ikki mamlakat sanoat va iqtisodiyotlarining muhim sektorlarini qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha amalga oshirilayotgan chora-tadbirlar to‘g‘risida konstruktiv fikr almashildi.
Kadastr xizmati, soliq organlari va moliya tizimi salohiyatini kuchaytirish, shuningdek, Raqamli byudjet texnologiyalarini joriy etish hamda Yagona g‘azna hisobi tizimini takomillashtirish orqali O‘zbekiston moliya sektorini raqamlashtirishga yo‘naltirilgan tashabbuslarning amalga oshirilishini nazarda tutgan holda moliyaviy-texnik sohasida yaqin hamkorlikning ulkan salohiyati qayd etildi.
Uchrashuv yakunlari bo‘yicha moliya sohasidagi sheriklikni mustahkamlash bo‘yicha o‘zaro hamkorlikning asosiy yo‘nalishlarini, shuningdek, amalga oshirilishi rejalashtirilgan aniq tadbirlarni o‘z ichiga oladigan “Yo‘l xaritasi”ni ishlab chiqish to‘g‘risida kelishuvga erishildi.
Rossiya Federatsiyasi “VEB.RF” Davlat rivojlanish korporatsiyasi raisi I.Shuvalov bilan muzokaralarning kun tartibida qurilish, kon qazish sektori, qishloq xo‘jaligi, sog‘liqni saqlash va farmatsevtika sohalarida sanoat kooperatsiyasining yangi qo‘shma loyihalarini moliyalashtirish yo‘li bilan investitsiyaviy hamkorlikni kengaytirish masalalari ko‘rib chiqildi.
Ma’lumot uchun: “VEB.RF” davlat korporatsiyasi - aktivlari 51 mlrd dollar bo‘lgan Rossiyadagi eng yirik rivojlanish instituti. U infratuzilma, sanoat, ijtimoiy sohani rivojlantirishga, texnologik salohiyatni mustahkamlashga va hayot sifatini oshirishga yo‘naltirilgan keng ko‘lamli loyihalar moliyalashtirilishini amalga oshiradi.
“VEB.RF” rahbariyati bilan suhbat chog‘ida qishloq xo‘jaligi sohasida ishlab chiqilayotgan qator loyihalarni kelishishni tezlashtirish, transport va logistika sohasida davlat-xususiy sherikligi asosida loyihalarni amalga oshirish imkoniyatlarini o‘rganish, shuningdek, O‘zbekistondagi istiqbolli investitsiya loyihalarini moliyalashtirishning qo‘shimcha mexanizmlarini ishlab chiqish bo‘yicha kelgusidagi hamkorlikka tayyorlik bildirildi.
“Rossiya temir yo‘llari” OAJ boshqaruvi raisi - bosh direktori O.Belozerov bilan muzokaralar davomida xalqaro yuk tashish sohasida hamkorlikni yanada rivojlantirishning dolzarb masalalari hamda temir yo‘l transporti sohasidagi qo‘shma loyihalar muhokama qilindi.
Rivojlangan temir yo‘l qatnovlari tizimi mamlakatlar o‘rtasidagi savdo-iqtisodiy aloqalarning asosiy tarkibiy qismlaridan biri ekanligi va joriy epidemiologik vaziyatda iqtisodiy faollikni ta’minlashda muhim rol o‘ynayotganligi ta’kidlandi.
Suhbat chog‘ida temir yo‘l transporti tizimini isloh qilish, tariflarni optimallashtirish va tranzit salohiyatini oshirish sohasida tajriba almashishdan o‘zaro manfaatdorlik ta’kidlandi.
Shuningdek, xalqaro yuk tashish va mintaqalararo transport yo‘laklarini rivojlantirish sohasida hamkorlikning yangi yo‘nalishlarini ishlab chiqish bo‘yicha kelishuvga erishildi.
Manba: O‘zbekiston Respublikasi investitsiyalar, sanoat va savdo vazirligi