O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali
Adliya vaziri Korrupsiyaga qarshi kurashish milliy kengashining birinchi yig‘ilishida ishtirok etdi
2020-08-21 | Jamiyat
2020-yil 20-avgust kuni O‘zbekiston Respublikasi Korrupsiyaga qarshi kurashish milliy kengashining birinchi yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi. Videokonferensaloqa tarzida o‘tkazilgan yig‘ilishni O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati Raisi, Milliy kengash raisi Tanzila Narbayeva olib bordi.
Tadbirda adliya vaziri Ruslanbek Davletov ham Kengash a’zosi sifati ishtirok etdi va bir qator masalalarga e’tibor qaratildi. Shu jumladan, korrupsiyaga qarshi kurashishda aniq mexanizm va institutlarni joriy etish kerakligi, ushbu yo‘nalishda davlat organlari rahbarlari va xodimlarini bilim va ko‘nikmalarini oshirib borish muhimligi ta’kidlandi. Pirovard masalalari sifatida kadrlar tizimini isloh qilish va malakali kadrlarni ishga qabul qilish jarayonlarida, davlat resurslarini sarflanishda va davlat xaridlari tizimining shaffofligini ta’minlash hamda daromadlarni deklaratsiya qilish institutini O‘zbekistonda tadbiq etish sanab o‘tildi.
Adliya vazirining ta’kidlashicha, korrupsiyaning eng katta dushmani — bu ochiqlik va shaffoflikdir. Ushbu soha buyicha davlat organlari uchun alohida dastur ishlab chiqilishi va standartlar belgilanishi kerak. Shuningdek, korrupsiyaga qarshi kurashish sohasida ilmiy bazaga asoslangan, manzilli targ‘ibot olib borish muhimligi aytildi.
Yig‘ilishda ta’kidlanganidek, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2020-yil 29-iyundagi “O‘zbekiston Respublikasida korrupsiyaga qarshi kurashish tizimini takomillashtirish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi Farmoni bilan O‘zbekiston Respublikasi Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi tashkil etildi. Shu bilan birga, Korrupsiyaga qarshi kurashish bo‘yicha Respublika idoralararo komissiyasi va uning hududiy idoralararo komissiyalari O‘zbekiston Respublikasi korrupsiyaga qarshi kurashish milliy kengashi va uning hududiy kengashlari etib qayta tuzildi.
So‘nggi uch yilda mamlakatimizda korrupsiyaning oldini olish va unga qarshi kurashish, davlat va jamiyat qurilishining barcha sohalarida korrupsiogen omillarga chek qo‘yishga qaratilgan 10 dan ortiq normativ-huquqiy hujjatlar qabul qilinib, “Yo‘l xaritalari” hamda chora-tadbirlar rejalari tasdiqlandi. Qolaversa, “Korrupsiyaga qarshi kurashish to‘g‘risida”gi Qonuni bilan har bir davlat organining vazifalari aniq belgilab berildi.
Shunga qaramay, korrupsiya holatlari hali ham kuzatilayotganligi, bundan xalqimiz aziyat chekayotganligi, shu sababli O‘zbekiston Respublikasi Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligining va O‘zbekiston Respublikasi korrupsiyaga qarshi kurashish milliy kengashining faoliyatlarini to‘g‘ri yo‘lga qo‘yilishiga alohida e’tibor qaratish lozimligi ta’kidlandi.
Jumladan, Milliy Kengash nizomi loyihasini, “Korrupsiyaga qarshi kurashish bo‘yicha 2021-2025-yillarga mo‘ljallangan milliy strategiya” va “Milliy strategiya doirasida Korrupsiyaga qarshi kurashish bo‘yicha 2021-2022-yillarga mo‘ljallangan davlat dasturi” loyihalarini ishlab chiqish hamda mazkur yo‘nalishda bir qator qonunlarni takomillashtirish zarurligi ta’kidlandi.
Davlat va xo‘jalik boshqaruvi tizimida korrupsiyaga qarshi “komplayens-nazorat” tizimini joriy etish, 2021-yildan boshlab investitsiya loyihalarini amalga oshirishdan avval “korrupsiyaga qarshi ekspertiza” o‘tkazish tizimi yo‘lga qo‘yish, xalqaro ekspertlarni jalb etgan holda O‘zbekiston Respublikasining korrupsiyaga qarshi kurashish sohasida xalqaro reytinglardagi o‘rnini yaxshilash kabi kelgusi muhim rejalar muhokama qilindi.
Yig‘ilishda bugungi kunda eng muhim bo‘lgan sohalar, ya’ni sog‘liqni saqlash hamda davlat xaridlari tizimida “Korrupsiyasiz soha” loyihasini amalga oshirish taklif etildi. Shu jihatdan mazkur yo‘nalishlarda “Korrupsiyasiz soha” loyihasini tayyorlash va amalga oshirish bo‘yicha ishchi guruhlari tuzildi.
Ko‘rib chiqilgan masalalar yuzasidan tegishli qaror qabul qilindi.
Manba: O’zbekiston Respublikasi Adliya vazirligi