O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali
Rossiya Federatsiyasi iqtisodiy rivojlanish vaziri bilan uchrashuv bo‘lib o‘tdi
2020-08-21 | Iqtisodiyot
Joriy yilning 19-avgust kuni O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazirining o‘rinbosari - investitsiyalar va tashqi savdo vaziri S.Umurzakovning Moskva shahrida Rossiya Federatsiyasi iqtisodiy rivojlanish vaziri M.Reshetnikov bilan uchrashuvi bo‘lib o‘tdi.
Kun tartibi doirasida mavjud kelishuvlarni amalga oshirishning bugungi holati, uni jadallashtirish mexanizmlari, shuningdek, kelgusidagi hamkorlikning yangi yo‘nalishlari tahlil qilindi. Ikki mamlakat iqtisodiyotlarining yuqori darajada o‘zaro bog‘liqligini hisobga olgan holda tomonlar qo‘yilgan vazifalarni amalga oshirish hamda hamkorlik ko‘lamini kengaytirish uchun konstruktiv muloqotni rivojlantirish maqsadga muvofiqligini ta’kidladilar.
O‘zbekiston Respublikasi va Rossiya Federatsiyasi o‘rtasida iqtisodiy hamkorlik bo‘yicha Hukumatlararo komissiyasining joriy yil sentyabr oyiga belgilangan yig‘ilishini o‘tkazish muhimligi qayd etildi. Shu nuqtai nazardan, mavjud masalalarni o‘rganish va investitsiya, sanoat, qishloq xo‘jaligi, savdo, transport, moliyaviy va mintaqalararo hamkorlik, ilm-fan, ta’lim va madaniyat sohalarida tegishli bitimlarni tayyorlashni nihoyasiga yetkazish uchun ikki tomonlama hamkorlikning ayrim yo‘nalishlari bo‘yicha kichik komissiyalar yig‘ilishlarini videokonferensiya orqali tashkil etishga kelishib olindi.
Har ikki mamlakat hukumatlarining o‘zaro savdo hajmining barqaror o‘sishini saqlab qolishga sodiqligi ta’kidlandi va shu munosabat bilan tomonlar ikki davlat hududlari orqali to‘siqsiz yuk tashishni ta’minlashga qaratilgan amaliy chora-tadbirlarni shuningdek, savdo-sotiqni oshirish va diversifikasiya qilish imkonini beradigan tarif va notarif tartibga solish usullarini birlashtirishning istiqbolli mexanizmlarini ishlab chiqish va amalga oshirishda davom etishga kelishib oldilar.
O‘zbekistonning JSTga kirishi jarayonida Rossiya tomonidan ko‘rsatilayotgan yordam, xususan, joriy yilning iyul oyida bo‘lib o‘tgan JSTga kirishi bo‘yicha Ishchi guruhining 4-yig‘ilishi davomida amalga oshirilgan konstruktiv hamkorlik, shuningdek, «O‘zbekiston Respublikasida savdoni rivojlantirishga ko‘maklashish» loyihasi doirasida ko‘rsatilgan texnik ko‘mak yuqori baholandi.
Uchrashuv yakunida kelgusidagi hamkorlikning asosiy mo‘ljallari hamda ko‘p qirrali iqtisodiy sheriklikni kengaytirish bo‘yicha birinchi darajali vazifalar belgilab olindi.
Manba: O‘zbekiston Respublikasi investitsiyalar, sanoat va savdo vazirligi