O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali
Rossiya Federatsiyasi bilan ko‘p qirrali iqtisodiy hamkorlik va sanoat kooperatsiyasini mustahkamlash masalalari muhokama qilindi
2020-08-20 | Iqtisodiyot
Joriy yilning 19-avgust kuni O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazirining o‘rinbosari - investitsiyalar va tashqi savdo vaziri S.Umurzakov Rossiya Federatsiyasi sanoat va savdo vaziri D.Manturov bilan uchrashuv o‘tkazdi.
Tomonlar so‘nggi uch yil davomida dinamikasi barqaror o‘sishni ko‘rsatgan ikki mamlakat o‘rtasidagi strategik sheriklikning bugungi darajasiga yuqori baho berdilar. Shu bilan birga, investitsiya va savdo-iqtisodiy hamkorlikni yanada kengaytirish uchun ishga solinmagan ulkan salohiyat mavjudligi hamda uni ro‘yobga chiqarish maqsadida aniq takliflar ishlab chiqish uchun birgalikdagi ishlarni faollashtirish zarurligi ta’kidlandi.
Ta’kidlanganidek, metallurgiya, energetika, qurilish materiallari ishlab chiqarish va meva-sabzavot mahsulotlarini qayta ishlash sohalarida qator yirik loyihalar amalga oshirilmoqda.
Shu bilan birga, muloqot chog‘ida neft kimyosi, yog‘ochsozlik, to‘qimachilik va oziq-ovqat sanoati kabi yangi ustuvor yo‘nalishlarni qamrab olish evaziga sanoat kooperatsiyasi sohasidagi qo‘shma tashabbuslarni yanada qo‘llab-quvvatlash va investitsiyaviy hamkorlikni kengaytirishdan o‘zaro manfaatdorlik bildirildi.
Rossiya tomoni, shuningdek, standartlashtirish, sertifikatlashtirish va texnik reglamentlar masalalarini tartibga soluvchi huquqiy-me’yoriy asoslarni rivojlantirishga hamda maxsus o‘quv dasturlari, treninglar va seminarlar tashkil etish orqali O‘zbekistondagi tegishli idoralarining kadrlar salohiyatini yuksaltirish va institutsional rivojlantirishga qaratilgan kompleks dasturlarni amalga oshirish uchun moliyaviy-texnik jihatdan ko‘maklashish imkoniyatini ko‘rib chiqishga tayyorligini bildirdi.
Yig‘ilish yakunlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi hamda Rossiya Federatsiyasi Sanoat va savdo vazirligi o‘rtasida loyiha ofisini tashkil etish to‘g‘risida Memorandum imzolandi. Ofisning asosiy vazifalari Rossiya Federatsiyasi va O‘zbekiston Respublikasi xo‘jalik sub'yektlari o‘rtasida qo‘shma korxonalar tashkil etishga ko‘maklashishdan hamda ikki mamlakat o‘rtasidagi o‘zaro manfaatli savdo-iqtisodiy hamkorlik va sanoat kooperatsiyasining istiqbolli sohalarini aniqlashdan iborat bo‘ladi.
Manba: O‘zbekiston Respublikasi investitsiyalar, sanoat va savdo vazirligi