O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali
61 ta kasb-hunar maktablariga qabul davom etmoqda
2020-08-20 | Ta’lim
Koronavirus pandemiyasi sharoitidagi cheklovlarni inobatga olib, oʻquvchilar va ularning ota-onalari takliflaridan kelib chiqqan holda, Davlat komissiyasi majlisining 2-son bayoniga muvofiq 61 ta kasb-hunar maktabiga qabul davom etmoqda.
2020-yil 15-avgustdan 30-avgustgacha (shu kuni ham) umumtaʼlim maktablari 9-sinf bitiruvchilarining hujjatlari onlayn kasb.edu.uz platformasi orqali qabul qilinadi.
Shuningdek, 11-sinf bitiruvchilariga qulaylik yaratish maqsadida 2020-2021 oʻquv yili uchun kollej va texnikumlarga 2020-yil 25-avgustdan 25-sentyabrga qadar (25-sentyabr kuni ham) abituriyentlarning hujjatlarini onlayn qabul qilish rejalashtirilgan.
Professional taʼlim muassasalarida tashkil etilgan qabul jarayonlari boʻyicha fuqarolarga oʻzlarini qiziqtirgan barcha savollarga javob olishlari uchun Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirligida 71-246-11-92 raqamli Call-markaz tashkil etilgan.
Maʼlumot uchun, Kollejlarga umumiy oʻrta taʼlim maktablarining 11-sinf bitiruvchilari qabul qilinadi. Oʻqish 2 yilgacha boʻlgan muddatda kunduzgi, kechki va sirtqi taʼlim shakllarida davlat buyurtmasi hamda toʻlov-kontrakt asosida amalga oshiriladi.
Texnikumlar Oliy taʼlim muassasalari huzurida tashkil etilgan boʻlib, ularga ham umumiy oʻrta taʼlim maktablarining 11-sinf bitiruvchilari qabul qilinadi. Oʻqish 2 yildan kam boʻlmagan muddatda kunduzgi, kechki va sirtqi taʼlim shakllarida davlat buyurtmasi hamda toʻlov-kontrakt asosida amalga oshiriladi. Texnikumlarni muvaffaqiyatli tamomlagan bitiruvchilar oʻz sohasiga mos bakalavriat taʼlim yoʻnalishlari boʻyicha imtihonlarsiz, yakka tartibdagi suhbat orqali OTMlarda 2-kursdan oʻqishini davom ettirish huquqiga ega boʻladi.
Manba: O‘zbekiston Respublikasi Maktabgacha va maktab taʼlimi vazirligi