O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali
QQS summasi o‘rnini qoplash - umumiy qoidalar
2020-08-18 | Jamiyat
Vazirlar Mahkamasining 2020-yil 14-avgustdagi “Qo‘shilgan qiymat solig‘i hamda chet el yuridik shaxslari bilan bog‘liq soliq ma’murchiligini takomillashtirish to‘g‘risida”gi 489-sonli qarori bilan tasdiqlangan “Qo‘shilgan qiymat solig‘i summasi o‘rnini qoplash tartibi to‘g‘risida Nizom” QQS summasi o‘rnini qoplash shartlari va tartibini belgilaydi.
QQS (qo‘shilgan qiymat solig‘i)ning salbiy farq summasini qoplash, shu jumladan boshqa soliqlar bo‘yicha qarzdorlikni uzish hisobiga qoplash Soliq kodeksiga va ushbu Nizomga muvofiq amalga oshiriladi.
QQS summasi o‘rnini qoplash masalasi qoida tariqasida soliq to‘lovchi hisobga olingan joydagi davlat soliq boshqarmasi tomonidan, yirik soliq to‘lovchilar bo‘yicha esa Yirik soliq to‘lovchilar bo‘yicha hududlararo davlat soliq inspektsiyasi tomonidan ko‘rib chiqiladi va qaror qabul qilinadi.
Soliq to‘lovchi tomonidan ortiqcha to‘langan yoki undan ortiqcha undirilgan QQS summasini qaytarishga hamda chet davlat fuqarolariga QQS summasi o‘rnini qoplashga (TAX FREE) nisbatan ushbu Nizom qoidalari tatbiq etilmaydi
Qoplanishi lozim bo‘lgan QQS summasi deganda tovarlarni (xizmatlarni) realizatsiya qilishga doir operatsiyalarning soliq bazasidan hisoblab chiqarilgan QQS summasi bilan olingan tovarlar (xizmatlar) bo‘yicha hisobga olinadigan QQS summasi o‘rtasidagi salbiy farq tushuniladi.
Misol: Tadbirkor 115 so‘mlik tovar import qildi (15% QQS = 15 so‘m). Mahalliy bozorda faoliyat yuritayotgan “A” tadbirkordan ham 115 so‘mlik mahsulot xarid qildi (15% QQS = 15 so‘m). Tadbirkorning umumiy xarajati 230 so‘mni, jami to‘lagan QQS miqdori 30 so‘m tashkil etdi.
Tadbirkor ichki bozorda 184 so‘mlik tovar sotdi. (tovar qiymati 160 so‘m + 15% QQS = 24 so‘m). Hosil bo‘lgan QQS salbiy farq summasi 6 so‘m.
Tadbirkor QQS salbiy farq summasi (6 so‘m) o‘rnini qoplash (qaytarish) to‘g‘risida hisobga olingan joydagi soliq organiga shaxsiy kabineti orqali belgilangan shakldagi ariza bilan murojaat qiladi.
QQS summasi soliq to‘lovchiga soliq organining QQS summasi o‘rnini qoplash to‘g‘risidagi qarori asosida amalga oshiriladi. Bunda qoplash tezlashtirilgan tarzda 7 kundan kechiktirmay, yirik soliq to‘lovchilar, diplomatik vakolatxonalar, bank kafolatiga ega shaxslarga, eksportchi korxonalarga, mahsulot taqsimotiga oid bitim ishtirokchilariga ("0" stavka) va soliq monitoringi ishtirokchilariga qaytariladi.
Umumiy tartibda 60 kundan kechiktirmay boshqa korxonalarga qaytarilishi lozim.
Manba: O‘zbekiston Respublikasi Davlat soliq qo‘mitasi