O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali
Respublika kimyo sanoatining salohiyatidan foydalanish samaradorligini oshirish bo‘yicha birinchi darajali chora-tadbirlar belgilandi
2020-08-18 | Iqtisodiyot
O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazirining o‘rinbosari S.Umurzakov rahbarligida va “O‘zkimyosanoat” AJ rahbariyati hamda tegishli vazirliklar, idoralar va bir qator tijorat banklari ishtirokida kengaytirilgan videokonferentsiya shaklida kimyo sanoatining joriy holati va uni yanada rivojlantirishning dolzarb masalalari ko‘rib chiqildi.
Jahon bozorida yuzaga kelgan kon’yunkturani hisobga olgan holda sohani tubdan isloh qilish, ishlab chiqarish va eksportni diversifikatsiya qilish bo‘yicha olib borilayotgan faoliyatga tanqidiy baho berildi. Hozirgi vaqtda ishlab chiqarilayotgan kimyoviy mahsulotlar hajmining 76 foizi mineral o‘g‘itlardan iborat ekanligi ta’kidlandi. Shunda, Xalqaro moliya korporatsiyasi va «Boston Consulting Group» bilan hamkorlikda o‘tkazilgan tadqiqotga ko‘ra, yuqori qo‘shimcha qiymatga ega kimyoviy mahsulotlar ishlab chiqarishga urg‘u berilishi mineral o‘g‘itlar ishlab chiqarish maqsadida korxonalarga investitsiyalarni kiritishda davom etish bilan taqqoslaganda ancha yuqori iqtisodiy samaraga erishish imkoniyatini beradi.
Shu munosabat bilan mazkur sohadagi investitsiya loyihalarini tubdan qayta ko‘rib chiqish hamda ichki va tashqi bozorlarda xaridorgir mahsulot ishlab chiqaruvchi yuqori texnologiyali korxonalarni tashkil etish bo‘yicha yangi takliflar ishlab chiqish zarurligi ta’kidlandi.
Muhokama yakunida tegishli vazirlik va idoralar rahbarlariga 2020-yilning oxiriga qadar ishga tushirilishi rejalashtirilgan loyihalarning o‘z vaqtida amalga oshirilishini nazorat qilish, ustuvorlik, rentabellik, energiya samaradorligi va iqtisodiy samaradorlik mezonlaridan kelib chiqqan holda kimyo sanoatining investitsiya dasturini optimallashtirish va yuqori eksport salohiyatiga ega kimyo mahsulotlari klasterlarini tashkil etish bo‘yicha aniq takliflarni kiritish yuzasidan manzilli topshiriqlar berildi.
Ushbu chora-tadbirlarning amalga oshirilishi ishlab chiqarish va eksportni diversifikatsiya qilish, qo‘shimcha qiymatni oshirish va yangi ish o‘rinlari yaratish hisobiga kimyo tarmog‘ining salohiyatidan yanada samarali foydalanish imkoniyatini beradi.
Manba: O‘zbekiston Respublikasi investitsiyalar, sanoat va savdo vazirligi