Oliy Majlis Qonunchilik palatasi huzuridagi “Yoshlar parlamenti”ga mamlakatimizda turli sohalarda faoliyat yuritayotgan 11 mingdan ziyod yoshlar orasidan 250 nafar aʼzo saylandi. Jarayon demokratik tamoyillar asosida, erkin raqobat muhitida, qizgʻin tortishuv va bahs-munozaralar sharoitida oʻtkazildi.
17-avgust kuni “Yoshlar parlamenti” aʼzolarining Oliy Majlis Qonunchilik palatasi Spikeri hamda siyosiy partiyalar fraksiyalari rahbarlari bilan uchrashuvi oʻtkazildi.
Spiker N.Ismoilov oʻz soʻzida “Yoshlar parlamenti” ijtimoiy-iqtisodiy, siyosiy jarayonlarda yoshlarning ishtirokini taʼminlashga qaratilgan fuqarolik jamiyatining muhim tarkibiy qismiga aylanayotganini alohida taʼkidladi.
Uchrashuvda yoshlarni parlament faoliyati va qonun ijodkorligining barcha bosqichlariga jalb etish, qonun ijodkorligi faoliyati sifatini oshirish yuzasidan yangi va ustuvor yoʻnalishlarni belgilashda ularning faolligini yana-da kuchaytirish hamda yoshlarga oid davlat siyosati sohasidagi xalqaro hamkorlikni yana-da rivojlantirish masalalariga ham toʻxtalib oʻtildi.
– Yoshlar parlamenti – shunchaki oddiy tuzilma emas, balki yoshlarimizning siyosiy faolligini taʼminlashga xizmat qiladigan haqiqiy maydondir, – deydi Qonunchilik palatasi Spikeri N.Ismoilov. – Yoshlarni qoʻllab-quvvatlash, siyosiy-huquqiy bilim va koʻnikmalarini boyitish, qonun ijodkorligi jarayoniga jalb qilish, qabul qilingan qonunlarni yoshlar orasida keng targʻib qilishda, yoshlar oʻrtasida huquqbuzarlikning oldini olishda Oliy Majlisga va davlat hokimiyatining boshqa organlariga samarali yordam beradi, deb ishonamiz. Shu oʻrinda biz Yoshlar parlamenti faoliyatining natijalaridan foydalanish masalasiga oʻta jiddiy va katta masʼuliyat bilan yondashgan holda, hamkorlik qilishga tayyormiz.
Spiker 12-13-avgust kunlari boʻlib oʻtgan Inson huquqlari boʻyicha Samarqand veb-forumi “Yoshlar 2020: global hamjihatlik, barqaror taraqqiyot va inson huquqlari” mavzusidagi nufuzli xalqaro anjumanda “Yoshlar parlamenti” aʼzolarining muvaffaqiyatli ishtirokini, mazkur forumda Yoshlar parlamenti aʼzolari Prezidentimiz tomonidan BMT Bosh Assambleyasining 72-sessiyasida ilgari surilgan Yoshlar huquqlari boʻyicha konvensiyani qoʻllab-quvvatlaganliklarini alohida eʼtirof etdi.
Tadbirda “Yoshlar parlamenti” aʼzolarining Oliy Majlis Qonunchilik palatasining qoʻmitalari bilan oʻzaro aloqalarni yoʻlga qoʻyish, qonunchilik hamda parlament nazoratini amalga oshirishdagi ishtirokini taʼminlash masalalari borasida oʻzaro fikr almashildi.
Yigʻilish davomida viloyatlardan saralab olingan “Yoshlar parlamenti” aʼzolari oʻzlarini qiziqtirgan savollar va takliflari bilan faol ishtirok etdilar.
Nurillo NASRIYEV, OʻzA
Manba: O'zA