O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali
To‘dako‘l sohilida “Silk Road Family Resort” zamonaviy dam olish maskani ochildi
2020-08-17 | Turizm
O‘zbekiston Prezidentining 2020-yil 19-iyundagi 4755-sonli qarorida To‘dako‘l ko‘li hududida turistik zonani tashkil etish va rivojlantirish bo‘yicha suvda dam olish turlari va plyaj turizmini rivojlantirish, ko‘lga yo‘lovchilarni tashish uchun doimiy avtobus qatnovlarini yo‘lga qo‘yish, tadbirkorlik subyektlarini jalb qilgan holda turizm va unga yondosh infratuzilmani rivojlantirish nazarda tutilgan.
Davlat rahbari qaroriga muvofiq, Bosh vazir o‘rinbosari, Turizmni rivojlantirish davlat qo‘mitasi raisi Aziz Abduhakimov Buxoro va Navoiy viloyatlari hokimliklari bilan birgalikda joylarga chiqqan holda turizmni jadal rivojlantirishga qaratilgan islohotlarni muhokama qilib, To‘dako‘l sohilida sayyohlik dam olish maskanlarini tashkil qilishga doir tegishli tavsiyalari bilan bo‘lishgan. Mazkur islohotlar doirasida buxorolik faol tadbikorlar tomonidan To‘dako‘l suv havzasi qirg‘og‘ida zamonaviy talablarga muvofiq “Silk Road Family Resort” sayyohlik kurorti barpo etilib, sohilbo‘yi dam olish maskaniga aylantirildi.
16-avgust kuni ushbu “Silk Road Family Resort” dam olish maskanining rasmiy ochilish marosimi o‘tkazildi. Tantanali tadbir Turizmni rivojlantirish davlat qo‘mitasi, Buxoro va Navoiy viloyatlari hokimliklari hamkorligida tashkil etildi. Tadbirni Turizmni rivojlantirish davlat qo‘mitasi raisi o‘rinbosari Ulug‘bek Azamov ochib berib, yig‘ilganlarga Bosh vazir o‘rinbosari, Turizmni rivojlantirish davlat qo‘mitasi raisi Aziz Abduhakimovning tabrik so‘zlarini yetkazdi.
“Bugungi kunda yurtimizda turizm sohasini pandemiya sharoitiga moslashtirgan holda rivojlantirishning dolzarb choralari ko‘rilmoqda. Bu borada Respublika maxsus komissiyasining 12-avgustdagi qaroriga muvofiq, 15-avgustdan boshlab avtotransport vositalari harakati, mahalliy avia va temir yo‘l qatnoviga ruxsat berilib, sanatoriylar, pansionatlar, bolalar oromgohlari, mehmonxonalar, mehmon uylari, plyajlar, xostellar va boshqa dam olish maskanlari faoliyati tiklangani sayyohlik uchun keng imkoniyatlar eshigini ochmoqda. Qisqa muddatda foydalanishga topshirilayotgan ushbu obyekt O‘zbekiston Prezidentining 2019-yil mart oyida mazkur hududga amalga oshirgan tashriflari doirasida maʼqullangan loyiha bo‘lib, ikki bosqichda yo‘lga qo‘yish ko‘zda tutilgan. Bunday ajoyib loyihaning dam olish maskanlari faoliyati tiklangan hozirgi davrda yo‘lga qo‘yilishi o‘ziga xos ramziy maʼnoga ega”, - dedi u.
Ochilish marosimida shuningdek Buxoro viloyati hokimi o‘rinbosari Botir Shaxriyorov, Navoiy viloyati hokimi o‘rinbosari Kamoliddin Hasanov, Qiziltepa tumani hokimi Shabon Nabiyev va boshqa mutasaddi rahbarlar qatnashdi. Jahon andozalariga mos keluvchi ushbu dam olish maskani loyihasiga ko‘ra, qurilish jarayonlari 2022-yilda yakunlashi rejalashtirilgan. To‘dako‘l sohili bo‘yida barpo etilayotgan plyaj, dam olish va sog‘lomlashtirish maskani hamda akvaparkning umumiy loyiha qiymati 6 mln AQSH dollarini tashkil etadi.
To‘dako‘l qirg‘og‘iga tutash bo‘lgan 15,0 gektar maydonda mazkur obyektning birinchi bosqichida - 500 nafar, ikkinchi bosqichida esa 1500 nafardan ortiq sayyohni qabul qilish imkoniyati yaratiladi. Bu sayyohlik dam olish maskani ishga tushgach 150 dan ziyod yangi ish o‘rinlari yaratilishi ko‘zda tutilgan. Loyiha to‘liq quvvatda faoliyat yuritishi bilan dastlabki davrda bir oyda kamida 4,5 mlrd. so‘m, keyinchalik esa 40 mlrd. so‘mgacha daromad bo‘lishi kutilmoqda. Obyekt hududini obodonlashtirish va ko‘kalamzorlashtirish maqsadida 7 ming tup manzarali daraxtlar ekish mo‘ljallangan bo‘lib, ayni paytgacha 3 ming tupdan ortiq ko‘chatlar o‘tkazilgan va plyaj hududi bo‘ylab tabiiy chim yotqizilgan.
Shuningdek, ushbu sayyohlik obyekti plyaj, basseyn, quyosh nurida toblanish, akvapark, attraksionlar, 50 o‘ringa mo‘ljallangan mehmonxona, dam olish tapchanlari, korabl timsolidagi restoran, yozgi terassa, SPA-salon, tabiat qo‘ynidagi o‘yingoh, tibbiyot burchagi, sog‘lomlashtirish maskani, sport o‘yingohi, ot sporti maydoni, avtoturargoh va maxsus suv transportlari kabi turli qo‘shimcha xizmatlarni ham o‘z ichiga oladi.
Bu maskanga tashrif buyuruvchilar uchun ochiq osmon ostida bir-biridan qiziqarli konsert va shou dasturlari ham namoyish etiladi. Bularning bari O‘zbekistonda turizm turlarini yana-da rivojlantirish, mahalliy va xorijiy sayyohlar oqimini oshirish barobarida mahalliy aholini qo‘shimcha ish o‘rinlari bilan taʼminlash va shu orqali ularning turmush farovonligini oshirish imkonini beradi.
Taʼkidlash joizki, Aziz Abduhakimov tashabbusi bilan tashkil etilgan info-tur doirasida 40 ga yaqin ommaviy axborot vositalari vakillari va blogerlar To‘dako‘l sohiliga tashrif buyurib, O‘zbekistondagi zamonaviy plyaj kurorti ochilishining yoritilishida faol ishtirok etdi.
Manba: O‘zbekiston Respublikasi Turizm va madaniy meros vazirligi