O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali

Arxiv
2024
Kalendar

Voqealar

Du Se Ch Pa Ju Sh Ya
Portalda yangilik
  • Sen –qudrat manbai, saodat maskani, jonajon O‘zbekistonim! Batafsil>>>
  • Ommaviy savdolar orqali sotilishi belgilangan davlat mulki obyektlari Batafsil>>>
  • "Davlat organlari ijtimoiy tarmoqlarda" sahifasi Batafsil>>>
  • Jonajon O‘zbekistonim, mangu bo‘l omon! Batafsil>>>
  • “Ochiq byudjet” sahifasi Batafsil>>>

Buyuk Britaniya hukumati vakillari bilan uchrashuv bo‘lib o‘tdi

2020-08-17 | Jamiyat

14-avgust kuni Bandlik va mehnat munosabatlari vazirining birinchi o‘rinbosari Erkin Muxitdinov Buyuk Britaniyaning Migratsiya va zamonaviy qullik masalalari bo‘yicha elchisi Jennifer Taunson bilan onlayn-muzokaralar o‘tkazdi. Ushbu muzokaralar davomida vazirlikning Alyans 8.7 ga qo‘shilish istiqbollari, shuningdek, mehnat huquqlarini ta’minlash sohasida O‘zbekiston va Buyuk Britaniya o‘rtasidagi o‘zaro hamkorlik masalalari muhokama qilindi.

Uchrashuv davomida vazirning birinchi o‘rinbosari elchiga fuqarolarning mehnat huquqlarini ta’minlash sohasida amalga oshirilayotgan islohotlarning mazmun va mohiyatini yetkazdi, xususan, hukumat tomonidan majburiy mehnatning barcha shakllariga barham berish, munosib mehnat sharoitlarini yaratish, shuningdek, xavfsiz va uyushgan migratsiyani ta’minlash bo‘yicha amalga oshirilayotgan muhim chora-tadbirlar haqida so‘zlab berdi. U mehnat sohasidagi qonunchilikda qabul qilingan o‘zgarishlarga, mehnat organlaridagi islohotlarga, shuningdek, Davlat mehnat inspektsiyasining ishchilarning huquqlari va qonuniy manfaatlarini ta’minlashdagi roliga e’tibor qaratdi.

O‘z navbatida, Buyuk Britaniya Tashqi ishlar vazirligining Migratsiya va zamonaviy qullik masalalari hamda Hamdo‘stlik ishlari bo‘yicha elchisi J. Taunson so‘nggi yillarda qo‘lga kiritayotgan yutuqlari orqali «O‘zbekiston bolalar va majburiy mehnatga barham berish borasida boshqa davlatlar uchun o‘rnak bo‘layotganini» ta’kidladi.

Uchrashuv kun tartibidagi alohida masala Buyuk Britaniyaning Alyans 8.7 da sherik sifatida qatnashishi tajribasini muhokama qilish bo‘ldi.

Alyans 8.7 - bu majburiy mehnat, zamonaviy qullik, odam savdosi va bolalar mehnatiga chek qo‘yish bo‘yicha tezkor va samarali choralarni ko‘rish uchun global hamkorlik platformasini yaratishga chaqirilgan ko‘p tomonlama tashkilotdir.

Taunson xonimning so‘zlariga ko‘ra, Alyans 8.7 2025-yilga qadar majburiy va bolalar mehnatini tugatish uchun Birlashgan Millatlar Tashkilotining Barqaror Taraqqiyot Maqsadlarining 8.7-bandi bo‘yicha ish sur’atlarini oshirish va global konsensusga erishishni ta’minlaydi.

Shuningdek, Alyansning strategik maqsadlaridan biri - bu bolalar va majburiy mehnatga qarshi kurash bo‘yicha mamlakatlar o‘rtasida tajriba va ma’lumot almashishdir. Jumladan, 2018-yilda Buyuk Britaniya hukumati tomonidan moliyalashtiriluvchi Alliance 8.7 (Delta 8.7) bilimlar platformasi yaratildi.

Xorij tomoni O‘zbekistonning tashkilotga qo‘shilishi mehnat huquqlarini ta’minlash sohasida ilg‘or malaka va tajriba almashish uchun samarali vosita bo‘lib xizmat qilishini, shuningdek, jahon hamjamiyatini mamlakatda amalga oshirilayotgan islohotlar natijalari to‘g‘risida xabardor qilish uchun imkoniyat bo‘lishini ta’kidladi.

Uchrashuv davomida tomonlar bir qator masalalar, shu jumladan ta’minot tizimidagi majburiy mehnat, migratsiya sohasi va fuqarolik jamiyatini mustahkamlash bo‘yicha ikki tomonlama hamkorlik istiqbollarini muhokama qildilar.

Muzokaralar yakunida Taunson xonim Buyuk Britaniya hukumati O‘zbekistonning Alyans 8.7 ga qo‘shilish istagini ma’qullashini va Hukumatning ko‘p tomonlama loyihalar doirasida ham, ikkitomonlama darajadagi sa’y-harakatlarini ham har tomonlama qo‘llab-quvvatlashga tayyorligini bildirdi.

Manba: O‘zbekiston Respublikasi kambag‘allikni qisqartirish va bandlik vazirligi

Поделиться