O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali
Yangi zamonaviy "Silk Road Family Resort" dam olish maskani ochilmoqda
2020-08-14 | Turizm
16-avgust kuni buxorolik faol tadbikorlar tomonidan Navoiy viloyati, Qiziltepa tumani hududida joylashgan To‘dako‘l suv omborini eng so‘nggi zamon talablariga mos ravishda sohil dam olish maskaniga aylantirilgan "Silk Road Family Resort" sayyohlik plyaj zonasining rasmiy ochilish marosimi o‘tkaziladi. Ochilish marosimi Turizmni rivojlantirish davlat qo‘mitasining Buxoro viloyat departamenti hamda Navoiy viloyat boshqarmasi hamkorligida tashkil etilmoqda.
Taʼkidlash joizki, Bosh vazir o‘rinbosari, O‘zbekiston Respublikasi Turizmni rivojlantirish davlat qo‘mitasi raisi Aziz Abduhakimov yaqinda Buxoro viloyatiga tashrifi davomida mahalliy mutasaddilar ishtirokida qator sayyohlik obyektlari singari mazkur dam olish maskanida ham bo‘lib, olib borilayotgan ishlar bilan yaqindan tanishgan va zarur tavsiyalarni bergan edi.
Jahon talablariga javob beruvchi ushbu dam olish maskani loyihasiga ko‘ra, olib borilgan qurilish jarayonlari yakunida sohil bo‘yida barpo etilayotgan plyaj dam olish sog‘lomlashtirish maskani va akvaparkning umumiy qiymati 6 mln dollarni tashkil etadi.
Shuningdek, ushbu sayyohlik obyekti plyaj, basseyn, akvapark, kichik “Disneyland”, 50 o‘ringa mo‘ljallangan mehmonxona, dam olish tapchanlari, restoran, yozgi terassa, SPA-salon, tabiat qo‘ynidagi o‘yingoh, tibbiyot burchagi, sog‘lomlashtirish maskani, sport maydoni, avtoturargoh va maxsus suv transportlari kabi turli qo‘shimcha xizmatlarni ham o‘z ichiga oladi. Ochiq osmon ostida o‘tkaziladigan bir-biridan qiziqarli konsert va shou dasturlari mehmonlarning maroqli dam olishi uchun xizmat qiladi.
Manba: O‘zbekiston Respublikasi Turizm va madaniy meros vazirligi