O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali
Pochta sohasi modernizatsiya bosqichida
2020-08-14 | Texnologiyalar
Bugungi kunda, zamonaviy axborot texnologiyalarining jadal rivojlanishi, shuningdek “elektron tijorat” tushunchasining paydo bo‘lishi natijasida foydalanuvchilarga qulaylik yaratish, ularning ehtiyojlarini tezkorlik bilan qondirish masalasini hal etish dolzarb vazifalardan biriga aylanib bormoqda. Internet orqali savdo xizmatlari rivojlanib borishi bilan tovarlarni iste’molchilargacha yetkazib berish xizmatlariga ehtiyoj tobora ortib bormoqda.
Ushbu vazifalarni amalga oshirishda aholiga eng yaqin, sifatli va qulay infratuzilmaning mavjudligi bunday xizmatlarning yanada rivojlanishi uchun zamin yaratadi.
Milliy pochta operatori - “O‘zbekiston pochtasi” AJ pochta aloqa tarmog‘i respublikamiz aholisiga eng qulay va yaqin joylashgan hamda keng qamrovli infratuzilmaga ega bo‘lgan tarmoq hisoblanadi. Aholi uchun bir qancha xizmatlarni pochta aloqasi ob’ektlari orqali ko‘rsatish esa aholining asosiy va dolzarb bo‘lgan muammolarini tezkorlik bilan hal etish uchun xizmat qiladi.
Shu o‘rinda, hozirda global muammoga aylangan koronavirus (COVID-19) pandemiyasi infeksiyasini tarqalib ketishini oldini olish maqsadida, Respublikamizda karantin choralari e’lon qilingan bir vaqtda, milliy pochta operatori o‘z faoliyatini odatdagidek davom ettirib, jismoniy va yuridik shaxslarga pochta aloqasi xizmatlarini uzluksiz ko‘rsatilishini ta’minlab kelmoqda.
Bugungi kunda pochta aloqasi sohasini yanada rivojlantirish yuzasidan qator tizimli ishlar amalga oshirildi.
O‘zbekiston Respublikasi Bosh vaziri tomonidan tasdiqlangan 2019-yil 24-avgustdagi “O‘zbekiston pochtasi” AJ faoliyatini rivojlantirish yuzasidan kompleks chora-tadbirlar rejasi”da ko‘zda tutilgan tadbirlar amalga oshirilishi natijasida 2019-yil yakunlariga ko‘ra moliyaviy ko‘rsatkichlarning barqarorlashtirilishiga hamda 200 million so‘mga yaqin sof foyda olinishiga erishildi.
2020-yil boshidan iqtisodiy islohotlarni chuqurlashtirish, pochta xizmatlari sifatini oshirish va filiallarning moliyaviy holatini mustahkamlash bo‘yicha belgilab olingan ishlar davom ettirilishi natijasida birinchi yarim yillik yakuniga ko‘ra o‘tgan yilning shu davriga nisbatan 34 foiz ko‘p daromad olishga erishildi, sof foyda miqdori esa 4,5 milliard so‘mni tashkil etdi.
90 ta davlat bilan xalqaro pochta jo‘natmalari almashinuvi amalga oshirilib, 1,6 million dollar miqdorida xizmatlar eksport qilindi.
To‘lov xizmatlari bozorida faoliyat yuritish maqsadida 2020-yil 16-mayda Markaziy bankdan to‘lov tashkiloti faoliyatini amalga oshirish uchun litsenziya olindi.
Pochta jo‘natmalarini oluvchilarga yetkazib berish tizimini takomillashtirish yo‘lida bir qator ishlar amalga oshirilmoqda, jumladan skuter(elektromoped)dan foydalanilgan holda viloyat va tuman markazlariga xizmat ko‘rsatuvchi pochtalonlarni markazdagi saralash bo‘limidan pochta jo‘natmalarini olib, oluvchilarga yetkazib berish amaliyoti tajriba sifatida o‘tkazildi. Hozirgi kunda ushbu amaliyotni keng joriy etish yuzasidan ishlar olib borilmoqda.
Shu bilan bir qatorda, aholiga qulaylik yaratish hamda ko‘rsatilayotgan xizmatlar sifatini yaxshilash maqsadida oxirgi bir yarim yil ichida ish faoliyati vaqtinchalik to‘xtalilgan 34 ta pochta aloqasi bog‘lamalari va 43 ta pochta aloqasi bo‘limlari faoliyati qayta yo‘lga qo‘yildi, 430 dan ortiq yangi ish o‘rinlari yaratildi.
Hozirgi kunda milliy pochta operatori tarmog‘ida 14 ta hududiy va 4 ta ixtisoslashgan filiallar, 153 ta pochta aloqasi bog‘lamalari, 1 793 ta (shu jumladan qishloq joylardagi aloqa bo‘limlari 1 349 ta) pochta aloqasi bo‘limlari faoliyat ko‘rsatmoqda.
Amalga oshirilgan ishlar bilan bir qatorda, pochta aloqasini rivojlantirish borasida bir qator dolzarb vazifalarni amalga oshirish ishlari olib borilmoqda. Birinchi navbatda, mazkur yo‘nalishda normativ-huquqiy baza qayta ko‘rib chiqib, hozirgi kun talablaridan kelib chiqqan holda tegishli o‘zgartirishlarlar kiritilmoqda. Bu borada hozirda yangi tahrirda O‘zbekiston Respublikasining “Pochta aloqasi to‘g‘risida” Qonuni ishlab chiqilmoqda.
Mazkur hujjat loyihasi o‘z ichiga pochta aloqasi sohasida qonunchilikni yanada takomillashtirish, uni zamonaviy pochta xizmatlari bozori talablariga va Umumjahon pochta ittifoqining kongresslarida qabul qilingan qarorlarga muvofiqlashtirish, milliy pochta operatori maqomini, uning vazifalari va huquqlarini belgilovchi hamda milliy pochta tizimining barqaror va samarali ishlashini ko‘zda tutuvchi masalalarini qamrab olgan.
Shuningdek, hujjat loyihasida pochta aloqasi sohasida samarali davlat boshqaruvini amalga oshirish, iste’molchilarning huquqlari va qonuniy manfaatlarini himoya qilinishini ta’minlash, bozorda sog‘lom raqobat muhitini yaratish, ko‘rsatilayotgan xizmatlar sifatini ta’minlash bo‘yicha yagona normalarni belgilash ham ko‘zda tutilmoqda.
Bundan tashqari, joriy yil oxirigacha respublikadagi barcha pochta aloqasi ob’ektlarida zamonaviy xizmatlar, jumladan “gibrid pochta” va kurerlik xizmatlarini rivojlantirish, moliyaviy va boshqa xizmatlarni taqdim etishni yo‘lga qo‘yish, 2020-yil yakuniga qadar mahalliy ishlab chiqaruvchilarning mahsulotlarini “onlayn” sotish va mijozlarga yetkazib berish, shuningdek ularga tovarlarni eksport qilish imkoniyatini beruvchi “Milliy onlayn savdo maydonchasi” yaratilishi, 2022-yil yakuniga qadar mijozlar nomiga kelgan pochta jo‘natmalarini olishi uchun mo‘ljallangan o‘z-o‘ziga xizmat ko‘rsatuvchi avtomatlashtirilgan komplekslar (pochtomatlar) joriy etish loyihalari ustida ish olib borilmoqda.
Bu kabi modernizatsiya ishlari milliy pochta operatori tomonidan ko‘rsatilayotgan xizmatlar soni va sifatining oshishiga, aholining ishonchli, qulay va tezkor pochtaga bo‘lgan talablari qondirilishiga xizmat qiladi.
Manba: O‘zbekiston Respublikasi Raqamli texnologiyalar vazirligi