O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali

Arxiv
2024
Kalendar

Voqealar

Du Se Ch Pa Ju Sh Ya
Portalda yangilik
  • Sen –qudrat manbai, saodat maskani, jonajon O‘zbekistonim! Batafsil>>>
  • Ommaviy savdolar orqali sotilishi belgilangan davlat mulki obyektlari Batafsil>>>
  • "Davlat organlari ijtimoiy tarmoqlarda" sahifasi Batafsil>>>
  • Jonajon O‘zbekistonim, mangu bo‘l omon! Batafsil>>>
  • “Ochiq byudjet” sahifasi Batafsil>>>

Samarqand forumi jahon yoshlarini birlashtirishga xizmat qiladi

2020-08-14 | Yoshlar

“Yoshlar-2020: global hamjihatlik, barqaror taraqqiyot va inson huquqlari” mavzusidagi inson huquqlari boʻyicha Samarqand veb-forumi oʻz ishini yakunladi.

Anjumanning uchinchi va toʻrtinchi yalpi majlis qatnashchilari belgilangan mavzular doirasidagi maʼruzalarni eshitib, qizgʻin muhokama, munozaralarda ishtirok etdi.
 
Dastlab “Yoshlar uchun inson huquqlari boʻyicha taʼlim” mavzusida BMT Inson huquqlari boʻyicha Oliy komissari boshqarmasi, Yevropa Kengashi Yoshlar boʻyicha maslahat Kengashi, Inson huquqlari boʻyicha Oʻzbekiston Respublikasi Milliy markazi mutaxassislarining maʼruzalari tinglandi.

Shuningdek, YEXHTning DIIHB Yoshlar muvofiqlashtirish markazi, Inson huquqlari va gumanitar huquq boʻyicha Pol Uollenberg institutining Yevropa boʻlimi, Afrikalik bolalarning ijodiy taʼlim boʻyicha jamgʻarmasi, YUNESKO kabi nufuzli xalqaro tuzilmalar vakillari, Indoneziya, Tojikiston davlatlari ekspertlarining chiqishlari ham katta qiziqish bilan kutib olindi.

BMT Aholishunoslik jamgʻarmasi (YUNFPA)ning Oʻzbekistondagi vakili Yu Yu va Toshkent davlat yuridik universiteti rektori Rahim Hakimov moderatorlik qilgan majlis yakunida Yoshlar huquqlari taʼlimi sohasidagi xalqaro tajribani tahlil qilish va inson huquqlari masalalarida yoshlar savodxonligi darajasini oshirish boʻyicha tavsiyalar ishlab chiqildi.
 
Forumning soʻnggi yalpi majlisi uchun “Tinchlik va xavfsizlikni ilgari surishda yoshlarning roli: 2030-yilgacha yana-da xavfsizroq kelajakka nazar” mavzusi tanlangan edi. YEXHTning yoshlar boʻyicha maslahatchisi Anastasiya Fusko va Oʻzbekiston Yoshlar ishlari agentligi direktori Alisher Saʼdullayev boshqaruvida oʻtgan yigʻilish Xavfsizlik va hamkorlikka har tomonlama yondashuvni mustahkamlashda yoshlarning rolini oshirishga bagʻishlandi.

Majlisda YEXHT Yoshlar va xavfsizlik masalalari boʻyicha maxsus vakili Keysi Seferi, Afgʻoniston mustaqil inson huquqlari komissiyasi raisi Shaharzod Akbar, Oʻzbekiston Respublikasi Oliy majlisi Qonunchilik palatasi huzuridagi Yoshlar parlamenti raisi Abdulla Aslonov, YUNFPAning Markaziy Osiyo boʻyicha xalqaro dasturlari muvofiqlashtiruvchisi Meder Omurzakov va boshqalar maʼruza qildi.

Munozara, muzokara va savol-javoblarda yoshlarning asosiy eʼtibori Inson huquqlari boʻyicha taʼlimning mohiyati, bu boradagi xalqaro hamkorlikni rivojlantirish, huquq boʻyicha taʼlimga oid zamonaviy dasturlar yaratish, milliy, mintaqaviy va xalqaro miqyosda joriy etishga yoʻnaltirilgan taklif va tavsiyalar ishlab chiqish kabi dolzarb masalalarga qaratildi.

“Yoshlar 2020: global miqyosdagi birdamlik, barqaror taraqqiyot va inson huquqlari” mavzusidagi inson huquqlari boʻyicha Samarqand veb-forumi, shubhasiz, katta ahamiyatga molik voqea boʻldi.

Tadbirda Oʻzbekiston Prezidenti tashabbusi bilan ishlab chiqilgan Yoshlar huquqlari boʻyicha xalqaro konvensiya loyihasi keng muhokama qilindi.

Mazkur loyihaning yaratilishi va Samarqand forumi ishtirokchilari muhokamasiga taqdim etilishi mamlakatimiz oʻz tashabbuslarini nafaqat soʻzda, balki aniq amaliy saʼy-harakatlarda ifodalashga harakat qilayotganidan dalolat.

Anjuman soʻnggida “Yoshlar-2020: global hamjihatlik, barqaror taraqqiyot va inson huquqlari” Samarqand rezolyutsiyasi qabul qilindi.

 

Gʻayrat XONNAZAROV, A.ABDULLAYEV (surat), OʻzA

Manba: O'zA

Поделиться