O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali
Imom Moturidiy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazini tashkil etish chora-tadbirlari toʻgʻrisida
2020-08-13 | Hujjatlar
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining qarori
Buyuk mutafakkir ajdodimiz, moturidiylik taʼlimoti asoschisi imom Abu Mansur Moturidiy va uning izdoshlari merosini chuqur oʻrganish, ularning aqida va kalom ilmi rivojiga qoʻshgan bebaho hissasini tadqiq etish va keng targʻib qilish, milliy-diniy qadriyatlarimizni asrab-avaylash va rivojlantirish, shu asosda yosh avlodni ezgu umuminsoniy gʻoyalar ruhida tarbiyalash, ularda maʼnaviy va maʼrifiy qarashlarimizga yot boʻlgan zararli taʼsirlarga qarshi mafkuraviy immunitetni kuchaytirish maqsadida:
1. Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Din ishlari boʻyicha qoʻmita (keyingi oʻrinlarda – Din ishlari boʻyicha qoʻmita), Oʻzbekiston xalqaro islom akademiyasi, Oʻzbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi va Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazining Oʻzbekiston xalqaro islom akademiyasi huzurida davlat muassasasi shaklidagi Imom Moturidiy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazini (keyingi oʻrinlarda – Markaz) tashkil etish toʻgʻrisidagi taklifi maʼqullansin.
2. Markazning asosiy vazifalari etib quyidagilar belgilansin:
aqida va kalom ilmi rivojiga beqiyos hissa qoʻshgan Imom Moturidiy va uning izdoshlari boʻlgan allomalarning ulkan ilmiy, diniy-maʼnaviy merosini chuqur oʻrganish, ular yaratgan asarlarning ilmiy-izohli tarjima va qiyosiy matnlarini nashr etish, xalq va jahon jamoatchiligi oʻrtasida keng targʻib qilish, ushbu mavzularga doir ilmiy tadqiqotlarni tizimli tashkil etish;
islom dinining insonparvarlik mohiyati, maʼrifiy-madaniy roli va rivojlanish yoʻnalishlarini ilmiy asosda oʻrganish va keng afkor ommaga, jumladan, xalqaro jamoatchilikka yetkazish;
Imom Moturidiy, Abu Muin Nasafiy kabi allomalarning kalom ilmi rivojiga qoʻshgan hissasi va uning taraqqiyotida tutgan oʻrnini chuqur tadqiq etish, yosh avlodni millatlararo va dinlararo bagʻrikenglik, oʻzaro hurmat, tinchlik-totuvlik kabi islom dinining asl qadriyatlari ruhida tarbiyalash;
mamlakatda hamda xorijiy davlatlarning kutubxonalari va arxiv fondlarida saqlanayotgan buyuk allomalarning kalom ilmiga oid merosi hamda islom dunyosi uchun muhim ilmiy ahamiyatga ega boʻlgan qoʻlyozma, toshbosma asarlarning acl hamda elektron nusxalarini toʻplash va kelajak avlodga yetkazish uchun tizimli ilmiy tadqiqotlarni tashkil etish;
islomiy ilmlar, xususan, kalom ilmi tarixi va uning bugungi kundagi ahamiyatini ilmiy tadqiq etish sohasidagi xalqaro hamkorlikni kuchaytirish maqsadida ilmiy-nazariy va uslubiy masalalarga bagʻishlangan anjuman, konferensiya, simpozium, koʻrgazma, ilmiy maʼruza, seminar-trening va tanlovlar hamda boshqa madaniy-maʼrifiy tadbirlarni tashkil etish;
tadqiqot natijalari yuzasidan qomuslar, kataloglar, albomlar, ilmiy-ommabop hujjatli filmlar, axborot-resurs bazasini tayyorlash va ommaviy axborot vositalari, xususan, Internet jahon axborot tarmogʻida eʼlon qilishni tashkil qilish;
islom tarixi va kalom ilmi yoʻnalishidagi yangi tadqiqotlar natijalaridan ilmiy jamoatchilikni keng xabardor etish;
“jaholatga qarshi maʼrifat” gʻoyasi asosida islom dinining ilm-maʼrifat, maʼnaviy poklik, tinchlik-osoyishtalik, taraqqiyot va bunyodkorlikka chaqiruvchi gʻoyalarini xalqqa, ayniqsa, yoshlarga yetkazish, mutaassiblik, ekstremizmning maqsadlari, gʻoyaviy negizlari, zamonaviy koʻrinishlari va faoliyat uslublarini oʻrganish hamda ularga qarshi kurashishning ilmiy-maʼrifiy asoslarini ishlab chiqish va amaliyotda qoʻllash uchun tavsiya etish.
3. Quyidagilar:
Imom Moturidiy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazining faoliyatini qoʻllab-quvvatlash va muvofiqlashtirish boʻyicha vasiylik kengashining tarkibi 1-ilovaga muvofiq;
2020-2024 yillarda Imom Moturidiy va moturidiylik taʼlimotini oʻrganishni qoʻllab-quvvatlash boʻyicha “Yoʻl xaritasi” 2-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
4. Belgilab qoʻyilsinki:
Markaz direktori Din ishlari boʻyicha qoʻmita bilan kelishilgan holda, Oʻzbekiston xalqaro islom akademiyasi rektori tomonidan lavozimga tayinlanadi va lavozimidan ozod etiladi;
Imom Moturidiy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazining faoliyatini qoʻllab-quvvatlash va muvofiqlashtirish boʻyicha vasiylik kengashi Markaz faoliyatini muvofiqlashtiradi, unga yuklangan vazifalarni amalga oshirishda koʻmaklashadi hamda faoliyatining asosiy yoʻnalishlarini belgilaydi.
5. Markaz faoliyatini moliyalashtirish manbalari etib quyidagilar belgilansin:
Oʻzbekiston Respublikasi Davlat byudjeti mablagʻlari;
jismoniy va yuridik shaxslarning homiylik xayriyalari;
qonun hujjatlari bilan taqiqlanmagan boshqa manbalar.
6. Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi ikki oy muddatda:
Imom Moturidiy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazining tuzilmasi va ustavini tasdiqlasin;
Markaz uchun zarur moddiy-texnik baza va infratuzilmani barpo etish boʻyicha tegishli choralarni koʻrsin;
Markazga yuqori malakali mutaxassislarni jalb etish boʻyicha tashkiliy ishlarni amalga oshirsin.
7. Oʻzbekiston xalqaro islom akademiyasi, Oʻzbekiston Respublikasi Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirligi hamda Din ishlari boʻyicha qoʻmitaning xorijiy tadqiqotchi va izlanuvchilar uchun Imom Moturidiy nomidagi xalqaro stipendiyani taʼsis etish toʻgʻrisidagi taklifiga rozilik berilsin.
Belgilansinki:
xalqaro stipendiyaga nomzodlar Imom Moturidiy va moturidiylik taʼlimoti bilan bogʻliq izlanishlarni amalga oshiruvchi xorijiy tadqiqotchi va izlanuvchilar orasidan saralab olinadi;
xalqaro stipendiya sovrindorlarining Oʻzbekistondagi ilmiy izlanishlari xalqaro va xorijiy tashkilotlarning grantlari hisobiga moliyalashtiriladi.
8. Oʻzbekiston xalqaro islom akademiyasi rektoriga:
xorijlik malakali mutaxassislarni ilmiy tadqiqotchi sifatida jalb etib, ularga mehnat bozorining amaldagi konyunkturasini hisobga olgan holda ish haqi va boshqa toʻlovlarni belgilash;
Markaz ilmiy tadqiqotchilari va mutaxassislarining xorijiy taʼlim va ilmiy-tadqiqot muassasalarida malaka oshirishi va stajirovka oʻtashi qiymati hamda shu bilan bogʻliq xarajatlar uchun toʻlovlarni amalga oshirish huquqi berilsin.
9. Oʻzbekiston xalqaro islom akademiyasi Markaz va Oʻzbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligi bilan birgalikda Taʼlim, fan va madaniyat masalalari boʻyicha Islom olami tashkilotiga (ICESCO) aʼzo mamlakatlar va boshqa davlatlarning maxsus muassasalari, universitetlari oʻrtasida samarali xalqaro hamkorlikni oʻrnatish va rivojlantirish boʻyicha aniq choralarni koʻrib borsin.
10. Oʻzbekiston Respublikasi Innovatsion rivojlanish vazirligi ikki oy muddatda:
Markazda noyob qoʻlyozma asarlarni oʻrganish boʻyicha ilmiy-tadqiqot ishlariga davlat buyurtmasi belgilangan tartibda shakllantirilishini;
ilmiy faoliyatga oid davlat dasturlari doirasida bajariladigan maqsadli ilmiy loyihalarga Oʻzbekiston Respublikasi Davlat byudjeti mablagʻlari hisobidan Markazga mablagʻlar ajratilishini taʼminlasin.
11. Oʻzbekiston Respublikasi Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirligi hamda Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Davlat xizmatini rivojlantirish agentligi qoshidagi mutaxassislarni xorijda tayyorlash va vatandoshlar bilan muloqot qilish boʻyicha “El-yurt umidi” jamgʻarmasi muntazam ravishda Markazning asoslantirilgan takliflari asosida ilmiy xodim va tadqiqotchilarning xorijda amaliyot oʻtashi va stajirovkasini tashkil etish hamda xorijlik ilmiy xodim va tadqiqotchilarni Markazga jalb qilish choralarini koʻrib borsin.
12. Markaz ilmiy xodimlari va mutaxassislariga Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2018-yil 16-apreldagi “Diniy-maʼrifiy soha faoliyatini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi PF-5416-son Farmonining 11-bandi amal qilinishi tatbiq etilsin.
13. Din ishlari boʻyicha qoʻmita ikki oy muddatda qonun hujjatlariga ushbu qarordan kelib chiqadigan oʻzgartirish va qoʻshimchalar toʻgʻrisida Vazirlar Mahkamasiga takliflar kiritsin.
14. Ushbu qarorning ijrosini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti maslahatchisi R.S.Qosimov va Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining ijtimoiy rivojlantirish masalalari boʻyicha oʻrinbosari B.A.Musayev zimmasiga yuklansin.
Oʻzbekiston Respublikasi
Prezidenti Sh.MIRZIYOYEV
Toshkent shahri,
2020-yil 11-avgust
Manba: O'zA