O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali

Arxiv
2024
Kalendar

Voqealar

Du Se Ch Pa Ju Sh Ya
Portalda yangilik
  • Sen –qudrat manbai, saodat maskani, jonajon O‘zbekistonim! Batafsil>>>
  • Ommaviy savdolar orqali sotilishi belgilangan davlat mulki obyektlari Batafsil>>>
  • "Davlat organlari ijtimoiy tarmoqlarda" sahifasi Batafsil>>>
  • Jonajon O‘zbekistonim, mangu bo‘l omon! Batafsil>>>
  • “Ochiq byudjet” sahifasi Batafsil>>>

Innovatsion rivojlanish vazirligi tomonidan qishloq xoʼjaligi sohasida amalga oshirilgan ishlar

2020-08-13 | Innovatsiya

Oʼzbekiston Respublikasi Innovatsion rivojlanish vazirligi tomonidan qishloq xoʼjaligida iqtisodiy islohotlarni jadallashtirish va bozor munosabatlarini yanada rivojlantirish borasida qator ishlar amalga oshirilmoqda. Xususan Davlat ilmiy-texnika dasturlari doirasida qishloq xoʼjaligi sohasida 31,9 mlrd. soʼmlik 115 ta loyiha bajarilmoqda. Shu jumladan, yangi mexanizm asosida 6,1 mlrd. soʼmlik 12 ta loyiha moliyalashtirilgan.

Mazkur loyihalar shoʼrlangan tuproq maydonlarida qishloq xoʼjalik hosildorligini oshirish, chorvachilikni ozuqabop sifatli yem-xashak bazasini rivojlantirish, kasalliklarga va qurgʼoqchilikka chidamli oʼsimliklar navlarini yaratish, urugʼchilik sohasini takomillashtirishga qaratilgan.

Vazirlik tomonidan respublikamiz hududlarida qishloq xoʼjaligini rivojlantirishga qaratilgan qator ishlar olib borilmoqda.

Qoraqalpogʼiston Respublikasi

Janubiy Koreyaning KCOOPSAGRO kompaniyasi va Qoraqalpogʼiston Respublikasi Taxiatosh tumanidagi “Nukus AgroSnab” korxonasi hamkorligi natijasida qishda isitish tizimisiz qovun yetishtirish texnologiyasi ishga tushirildi.

Ushbu texnologiya qishning sovuq davrida ham isitish tizimisiz ishlaydi va bunda issiqxona usti bir qavat plyonka bilan qoplanadi. Bundan tashqari, ekinlar ustida maxsus tunel tashkil qilinib, tunel ham bir qavat plyonka bilan qoplanadi va ustidan 12 oz qalinlikdagi koʼrpa bilan yopilib issiq harorat saqlab turiladi. Bu qishda oʼzimiz ishlatadigan oddiy koʼrpalardan koʼra 3-4 baravar qalin demakdir.

Tashqarida -150S boʼlganida issiqxona ichida 14 0S harorat saqlanib, texnologiya yilning xohlagan vaqtida hosil olish imkoniyati yaratildi. Hozirda issiqxona uchun zarur quvurlar, plyonka, izolyatsiya koʼrpalari, yuvib-tozalash mashinalari, avtomatik saralash mashinalari hamda avtomatik qadoqlash mashinalarini ishlab chiqarishni mahalliylashtirish orqali issiqxona narxini arzonlashtirish ustida ishlanmoqda.

Аndijon viloyati

Marhamat tumanidagi «Аndijon tajriba-koʼrgazma maydoni» tashkil etilib, unda innovatsion texnologiyalar namoyish qilinadi. Mazkur maydonda dorivor oʼsimliklarni yetishtirish va qayta ishlash ham koʼzda tutilgan boʼlib, bugungi kunda aholini ish bilan taʼminlash orqali tadbirkorlikni rivojlantirish maqsadida dorivor oʼsimliklar urugʼini aholi xonadonlariga yetkazib berib, aholi tomorqalarda yetishtirish maqsad qilingan. Xususan, Аsaka tumanidagi oilalarga 6,0 mln. soʼmlik 4 ming dona steviya koʼchati yetkazib berildi. Joriy yil yakuniga qadar 30 ta xonadonni, 2021 yilda esa 100 ta xonadonni ish bilan taʼminlash koʼzda tutilgan.

Shuningdek, Hindistonning “Kalash seeds” urugʼchilik kompaniyasi bilan Аsaka tumanida urugʼchilik qoʼshma korxonasi tashkil etish boʼyicha ishlar amalga oshirilmoqda.

Buxoro viloyati

Paxta yetishtirishda tomchilatib sugʼorish texnologiyasini joriy etish boʼyicha vazirlik tashabbusi bilan Turkiyaning «Evrodrip» kompaniyasining tomchilab sugʼorish texnologiyasini qoʼllash boʼyicha Buxoro viloyati Buxoro tumanidagi 5 ta fermer xoʼjaliklarining 2019 yilda 108 gektar maydonda tomchilatib sugʼorish tizimi oʼrnatildi.

Joriy yilda viloyatning «Zarhal» paxta-toʼqimachilik klasterining 50 gektar paxta maydonida, shuningdek Аndijon viloyatining Qoʼrgʼontepa tumanidagi ”Inter agro star” MChJ ning 60 gektar maydonlarida joriy etilmoqda.

Jizzax viloyati

Paxtakor tumanida qishloq xoʼjaligi ekinlari urugʼlik mahsulotlarini qayta ishlovchi zamonaviy «Semrugʼ» koʼp tarmoqli urugʼchilik korxonasi tashkil etildi.

Mazkur istiqbolli loyihaning umumiy qiymati 5,820 mlrd.soʼmni tashkil etib, shundan 2,171 mlrd.soʼm Innovatsion rivojlanish vazirligi grand mablagʼi, 1,200 mlrd.soʼm АT «Аgrobank» kredit mablagʼi va 2,449 mlrd.soʼm investor mablagʼi jalb qilinib, Jizzax viloyati Paxtakor tumanida qishloq xoʼjaligi ekinlari urugʼlik materiallarini qayta ishlovchi zamonaviy ishlab chiqarish korxonasi tashkil etildi va 32 ta ish oʼrni yaratildi.

Ushbu korxona tasarrufidagi 1,5 gektar maydonda gʼalla va paxtaning xom ashyosini qayta ishlashga moʼljallangan bino, omborxona, laboratoriya, ishchilar uchun moʼljallangan dam olish va yuvinish xonalari qurilish ishlari yakunlandi.

Xitoydan urugʼlik gʼalla va paxtani tozalash, saralash, dorilash, quritish hamda qadoqlash texnologiyasi hamda elektron raqamli 50 tonna yuk oʼlchash tarozi olib kelinib, videouskunalar, onlayn tizim asosida gʼalla va paxtani qabul qilish uchun oʼrnatildi.

Qashqadaryo viloyati

Shahrisabz shahrida Oʼzbekiston quyonchilik xoʼjaliklari assotsiatsiyasi va «Ibra Krolь» MChJ bilan birgalikda umumiy qiymati 39,0 mln. yevro boʼlgan innovatsion usulda «Quyonchilik klasteri» loyihasi amalga oshirilmoqda. Loyihaning dastlabki bosqichida «Mikrokreditbank» АT tomonidan ajratilgan 900,0 mln. soʼm kredit mablagʼlari evaziga Yevropadan 8 turdagi 55 dona zotli quyonlar keltirildi (rejada 200 bosh quyon keltirilishi kerak edi, lekin pandemiya sababli toʼxtab turibdi) va maxsus kataklar ishlab chiqarish yoʼlga qoʼyildi.

Loyihada doirasida «Har bir oila tadbirkor» dasturi asosida aholi xonadonlariga klaster usulida 20 tadan ona quyon va 4 ta erkak quyon tarqatish orqali quyonlar sonini 20 ming boshga va keyingi bosqichda 150,0 ming boshga yetkazish rejalashtirilgan. Xususan, joriy yilda sinov tariqasida Shaxrisabz shahar va Shahrisabz, Kitob, Yakkabogʼ, Chiroqchi tumanlarida 100 ga yaqin xonadonga mahalliy iqlim sharoitiga genetik moslashtirilgan quyonlarni uy sharoitida yetishtirish asosida aholining kasanachilik asosida bandligini taʼminlash va daromadining oshishini taʼminlash va keyingi bosqichda oʼquv seminarlar va tajriba orttirish orqali Qashqadaryo viloyatini barcha tumanlarini jalb etish maqsad qilingan.

Shuningdek, Qamashi tumanida «BBU-АZАMАT» xususiy korxonasi tomonidan 9 gektarda Tugmachagul (Malva sylvestris) plantatsiyasi tashkil etildi. Shu bilan birga aholi tomorqalarda 1,5 gektarda 60 dan oshiq xonadonlarga Tugmachagul (Malva sylvestris) oʼsimligini koʼpaytirib, oilalarni ish bilan taʼminlash orqali kambagʼallikni qisqartirish maqsadida «Har bir oila tadbirkor» dasturi asosida tugmachagul ektirib, oilalardan kelishilgan narxda sotib olinmoqda. “Tugmachagul (Malva sylvestris) plantatsiyasini tashkil etish”ni startap loyihasi orqali amalga oshirish rejalashtirilgan.

Navoiy viloyati

АQShning «Valmont Industries» kompaniyasi bilan hamkorlik loyihasiga koʼra «Faxriddin Oybek» fermer xoʼjaligi (Navoiy viloyati, Qiziltepa tumani)ning 100 gektar maydonida yomgʼirlatib sugʼorish tizimini qoʼllash loyihasi amalga oshirilmoqda. Uskunalarni keltirish shartnomasi shartlari ikkala tomon bilan ham kelishilgan va joyida uskunani montaj qilish uchun suv keltiruvchi quvurlar va elektr taʼminoti toʼliq tayyorlandi, pandemiya yumshashi bilan keltirilib oʼrnatiladi. Bunda albatta artezian nasoslarini ishlatishda muqobil energiya turlaridan foydalanish, bunda shamol yoʼnalishiga mos xududlarda shamol energiyasidan, chorvachilik komplekslari mavjud hududda esa biogaz va boshqa energiya turlaridan foydalanish boʼyicha ishlar olib borilmoqda.

Ikkinchi loyiha. Fanlar akademiyasi Navoiy boʼlimi olimlari bilan hamkorlikda Chigitni bentonit gillari kukuni bilan qobiqlab ekish loyihasi amalga oshirilmoqda. «Аzkamar» MChJ bilan tuzilgan litsenziya shartnomasi asosida ishlab chiqarish yoʼlga qoʼyildi.
2020 yil 1 iyulь holatiga 200 mln. soʼmlik 500 tonna mahsulot ishlab chiqarildi.

Uchinchi loyiha, Xatirchi tumanidagi uzumchilikka ixtisoslashgan «Tasmachi», «Oltinobod» va «Uchqora» MFY hududlarida Toshkent davlat agrar universiteti bilan hamkorlikda innovatsion usulda 3 ta mevalarni energiya tejamkor quritish loyihasi amaliyotga joriy etildi.

Shuningdek, vazirlik tashabbusi bilan Xatirchi tumaniga fermer xoʼjaliklariga Genomika va bioinformatika markazi olimlari tomonidan uzumning mahalliy«Oq dum» va «Qizil dum» uzum navlaridan “In vitro” usulida tayyorlangan 1000 dona koʼchat yetkazib berildi.

Namangan viloyati

Koreyaning “Nacle” innovatsion mineral oʼgʼitini paxta va gʼallachilikda qoʼllash boʼyicha Namangan, Navoiy, Fargʼona, Qashqadaryo va Toshkent viloyatining 1048 ta fermer xoʼjaliklariga shartnoma asosida sinov tarzida jami 100 tonna miqdorida 15,3 mlrd. soʼmlik biomineral oʼgʼiti yetkazib berildi.

Loyihani keyingi bosqichini davom ettirgan holda ushbu innovatsion oʼgʼitni Namangan viloyatining Mingbuloq tumanida ishlab chiqarish korxonasini tashkil etish belgilangan.

Namangan viloyatida «Chorvachilik uchun gidroponika usulida tabiiy yashil ozuqa yetishtirish» va «Tarkibida qand miqdori kam boʼlgan sukat tayyorlash» startap loyihalarini Innovatsion rivojlanish va novatorlik gʼoyalarini qoʼllab-quvvatlash jamgʼarmasi mablagʼlari hisobidan moliyalashtirish natijasida chorvachilik uchun toʼyimli va sifatli ozuqa yetishtirishning zamonaviy va samarali texnologiyasi yoʼlga qoʼyiladi.

Shuningdek, Namangan muhandislik texnologiya instituti olimlari tomonidan yaratilgan «Resurs tejamkor bir kamerali ikki silindrli avtomatlashgan jin mashinasi» loyihasini manfaatdor vazirliklar, idoralar, ishlab chiqaruvchilar va paxta-toʼqimachilik klasterlarini jalb qilgan holda, taqdimot marosimini tashkil qilib, innovatsion loyihaning keng targʼibotini amalga oshirgan holda ishlab chiqarishga keng joriy etish belgilangan.

Samarqand viloyati

Jomboy tumanida Janubiy Koreyaning “KJ-Tec Co., Ltd” kompaniyasi tomonidan “KJ Welmut” qoʼshma korxonasi tashkil etildi. «Yarim pakana yongʼoqni innovatsion texnologiyalar asosida yetishtirish» loyihasi umumiy qiymati 2 mln. dollar boʼlib, bugungi kunda Koreyadan 75 ming doll. pakana va yarim pakana yongʼoq urugʼlari keltirildi va 4 gektar maydonga (0,5 gektar issiqxonada) ekildi. Yetishtirilgan koʼchatlarni Samarqand, Qashqadaryo va Jizzax viloyatlari xoʼjaliklariga yetkazib berilishi rejalashtirilgan. Qoʼshimcha koʼchatzor va yongʼoq plantatsiyalari yaratish maqsadida Qashqadaryo va Jizzax viloyatlarida yer maydoni ajratish ishlari olib borilmoqda.

Xorazm viloyati

“KIVA SESAME” MChJ oʼzbek-turk qoʼshma korxonasi negizida moyli ekinlarning (kunjut, sedana, yer yongʼoq va zigʼir) Oʼzbekiston sharoitiga mos yangi navlarini ishlab chiqish hamda ular mahsulotidan eksportbop, raqobatbardosh mahsulot ishlab chiqarishni tashkil etishga yoʼnaltirilgan «Moyli ekinlarni iqtisodiy samarali navlarini yaratish va qayti ishlashni tashkil etish» boʼyicha startap loyiha Xorazm texnoparki bilan hamkorlikda tayyorlandi.

Hozirda Xorazm viloyatining Urganch tumanida 280 gektar yer maydonida kunjut plantatsiyasi tashkil etildi. Shuningdek, olimlar va mutaxassislar bilan hamkorlikda yaratilayotgan yangi navlar sinovdan oʼtkazilmoqda.

Toshkent shahridagi «Yashnobod» innovatsion texnoparki

Mazkur texnoparkdagi ishlar doirasida Qishloq xoʼjaligi yoʼnalishidagi innovatsion loyihalarni amalga oshirish uchun 5 972 mln. soʼm va 300 ming АQSh dollari, shuningdek 6 272 mln. soʼmkredit va grant mablagʼlari jalb qilinishini rejalashtirilgan.

Texnoparkda qishloq xoʼjaligi sohasida quyidagi ishlar amalga oshirilmoqda:

– "One Trip Plow" koʼp funktsiyali plug kompleksi;

– oʼsimliklar, qishloq xoʼjaligi yerlari, chorva mollarini saqlash majmualarida zararkunandalarga qarshi kurashish uchun innovatsion preparatlar ishlab chiqish;

– dronlarda yordamida ekin maydonlarini tasvirlarini tahlil qilish;

– elektr traktor ishlab chiqarish kabi loyihalar amalga oshirilmoqda.

Manba: O‘zbekiston Respublikasi Innovatsion rivojlanish agentligi

Поделиться