O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali
O‘zbekiston va Halqaro Qishloq xo‘jaligini rivojlantirish jamg‘armasi (IFAD) o‘rtasida moliyaviy bitim imzolandi
2020-08-05 | Iqtisodiyot
Joriy yilning 4-avgust kuni O‘zbekiston Respublikasi hamda Qishloq xo‘jaligini rivojlantirish xalqaro jamg‘armasi (IFAD) o‘rtasida qiymati 46,2 million AQSh dollariga teng bo‘lgan “Qishloq xo‘jaligini diversifikatsiya va modernizatsiya qilish” loyihasi bo‘yicha moliyaviy bitim raqamli imzolanishi bo‘lib o‘tdi.
Marosim onlayn formatda o‘tkazilib, mamlakat qishloq xo‘jaligi sohasini rivojlantirish uchun muhim bo‘lgan hujjatlar maxsus planshetlarda raqamli imzolar bilan tasdiqlandi.
- Bugungi onlayn muloqot o‘tgan yili Rimda Qishloq xo‘jaligini rivojlantirish xalqaro jamg‘armasi (IFAD) prezidenti janob Jilber Fossun Ungbo bilan konstruktiv muloqot hamda erishilgan kelishuvlarning mantaqiy davomi, deyish mumkin, deydi Qishloq xo‘jaligi vaziri Jamshid Xodjayev. -Shubhasiz, ushbu loyiha hukumatning "O‘zbekiston Respublikasi Qishloq xo‘jaligini rivojlantirishning 2020-2030-yillarga mo‘ljallangan strategiyasi"ning muhim tarkibiy qismi sifatida sohada kontseptual o‘zgarishlarga erishishga katta e’tibor qaratadi. O‘z navbatida, IFAD bu yo‘nalishda eng yaqin hamkorlardan biridir. Eng asosiysi, loyiha qishloq joylarda yashovchi kam ta’minlangan aholi daromadlarini oshirishga qaratilgan. Loyihaning ikkinchi transhi minglab ayollar va erkaklar uchun moliyaviy xizmatlardan foydalanish imkonini beradi.
Mazkur loyiha Farg‘ona, Andijon, Namangan viloyatlarida amalga oshirilib, klaster va kooperatsiya tizimini tashkil kilish orqali kichik va o‘rta fermerlar va qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini ishlab chikaruvchilarini bir zanjirga birlashtirib, meva va sabzavotchilik mahsulotlarini ishlab chikarish va ularni ichki va tashqi bozorlarga yunaltirishga qaratilgan. Bunda fermerlarga kreditlar imtiyozli tartibda ma’lum muddatga berilib, kooperatsiyaga birlashish sharti bilan takdim etiladi. Har bir kredit mablag‘i 10 ming AQSh dollaridan 50 ming AQSh dollarigacha ajratiladi. Loyihalar uchun imtiyozli kreditlar 10 yil muddatgacha beriladi, shundan 3 yilgacha imtiyozli davr hisoblanadi.
«Qishloq xo‘jaligini diversifikatsiya va modernizatsiya qilish» loyihasi doirasida:
- bir dehqon va fermer xo‘jaligi uchun minimal va maksimal kredit miqdori 10 mingdan 500 ming AQSh dollarigacha;
- tadbirkorlik bilan shug‘ullnayotgan va shug‘ullanish istagida bo‘lgan yoshlarga minimal va maksimal kredit miqdori 5 mingdan 50 ming AQSh dollarigacha;
- mijozning loyihadagi ulushi eng kamida 20 foiz ekvivalentida bo‘lishi kerak.
Manba: O‘zbekiston Respublikasi Qishloq xo‘jaligi vazirligi