O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali
Turizm obyektlarida sanitar xavfsizlikni taʼminlovchi vositalar uchun belgilangan imtiyozlardan foydalaning!
2020-08-04 | Turizm
Hurmatli tadbirkorlar! Xizmat ko‘rsatish jarayonlarini tashkil qilishda O‘zbekiston Prezidenti farmonlari bilan turizm sohasi tadbirkorlari uchun taqdim etilgan imtiyozlardan keng foydalaning!
Maʼlumki, koronavirus pandemiyasi oqibatida sayohatni tashkil qilish va sayyohlarga xizmat ko‘rsatishda yangicha tartib qoidalarni joriy etish, bunda o‘zaro sayyohlar va xizmat ko‘rsatuvchi xodimlar orasidagi masofani saqlash hamda ular tomonidan sanitariya-gigiyena qoidalariga qatʼiy rioya qilish talab etilmoqda.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Koronavirus pandemiyasining salbiy taʼsirini kamaytirish uchun turizm sohasini qo‘llab-quvvatlashga doir kechiktirib bo‘lmaydigan chora-tadbirlar to‘g‘risida” 2020-yil 28-maydagi 6002-son Farmonining 7-bandiga muvofiq, dezinfeksiya ishlarini olib borish uchun jihozlar, texnikalar, ularning butlovchi va ehtiyot qismlari, aloqasiz boshqariladigan (sensorli) jihozlar, shuningdek, hidsiz dezinfeksiyalovchi vositalar 2022-yil 1-yanvarga qadar bojxona to‘lovlarini to‘lashdan ozod etildi. Qonunchilikka ko‘ra, bojxona to‘lovlariga bojxona boji, qo‘shilgan qiymat solig‘i, aksiz solig‘i, bojxona yig‘imlari va qonun hujjatlarida nazarda tutilgan boshqa to‘lovlar kiradi.
Farmonga muvofiq, bunday turdagi tovarlar bojxona rasmiylashtiruvi uchun yig‘imlar va qo‘shilgan qiymat solig‘idan ozod etilmaydi.
Hujjatda belgilangan tadbirkorlar tomonidan olib kirilgan tovarlar «Erkin muomalaga chiqarish» bojxona rejimiga rasmiylashtirayotganda ularga bojxona rejimiga joylashtirilgan kuni amalda bo‘lgan bojxona rasmiylashtiruvi uchun yig‘imlar hamda qo‘shilgan qiymat solig‘i hisoblanadi, qolgan bojxona to‘lovlarining nol stavkalari qo‘llanadi.
Shunday ekan, o‘z faoliyatingizda sanitar xavfsizlikni taʼminlovchi vositalarga nisbatan belgilangan imtiyozlardan foydalaning!
Manba: O‘zbekiston Respublikasi Turizm va madaniy meros vazirligi