O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali
5G telejarrohlik amaliyotini qoʼllashga imkon beradi
2020-08-03 | Texnologiyalar
5G hozirgi mobil internet tezligidan kamida 10 barobar va undan yuqori tezlikda maʼlumotlar uzatmasini amalga oshiradi. Xoʼsh, bu misli koʼrilmagan internet tezligi bizga, umuman insoniyatga nima beradi? Yashash tarzimizni qay tomonga oʼzgartirishi mumkin? Bunga albatta misollar talaygina. Yuqori tezlikdagi mobil internet kundalik yashash tarzimizda keng qoʼllanilishi kutilmoqda. 5Gning eng asosiy xaridorlaridan biri bu — meditsina sohasidir. Аyni damda baʼzi mamlakatlarda shu soha vakillari va shifokorlar tayyor 5G stantsiyalari va tegishli prototiplar hamda robotlar yordamida telemeditsina ustida izlanishlar olib borishmoqda.
Yuqori internet tezligi yordamida real vaqt oraligʼida, hech qanday uzilishlarsiz (maʼlumotlar uzatmasidagi toʼxtalish 1m/s) masofadan turib jarrohlik operatsiyalarini amalga oshirish imkonini beradi. Masalan, Аndijonda amalga oshirib boʼlmaydigan operatsiya uchun Toshkentga kelishning hojati qolmaydi. Koʼp hollarda bemorlarning ahvoli ogʼirligi tufayli boshqa shahar yoki mamlakatlarga borish imkoni boʼlmaydi, bu esa oʼz navbatida bemor salomatligiga salbiy taʼsir koʼrsatadi. Аlbatta ,shu onda 5G tezligi yordamga kelishi va malakali mutaxassis boshqa bir shahar yoki davlatdan turib bemorning ahvolini tegishli yordamchi va robotlar yordamida koʼzdan kechirib, tegishli xulosalar natijasida jarrohlik operatsiyalarini amalga oshirishi mumkin buladi. Bu, albatta, kelajakda telemeditsina rivojlanishiga katta hissa qoʼshadi va bemorlarning ogʼirini yengillashtiradi.
Teletibbiyot endi rivojlanayotgan soha va amaliyotda kamdan-kam hollarda qoʼllanilayotgan deb qaralsada, 1965-yilda buyuk kardiojarroh Maykl DeBakeyning sunʼiy yurakning aorta klapanini almashtirish boʼyicha jarrohlik amaliyoti birinchi marta videokonferentsaloqa orqali namoyish etilgan.
Uzoq masofadan operatsiya qilish amaliyoti esa ilk bor 2001-yili amalga oshirilgan. Bunda АQShda turgan jarroh Frantsiyadagi bemorning oʼt pufagi olib tashlagan. Shifokorning robot bilan aloqasi kabel orqali amalga oshirilgan. Robotlarning miqdori kamligi va ishonchli aloqa tarmoqlarning mavjud emasligi bois oʼsha paytdan beri bunday operatsiyalar qayta qilinmagan.
Biroq yuqori tezlikdagi 5G mobil aloqasining paydo boʼlishi hamda robotlar ishlab chiqarilishini kengayishi natijasida telejarrohlik odatiy holga aylanishi kutilmoqda. Masalan, italiyalik shifokorlar 5G aloqasini konsultatsiyalar uchun qoʼllashni yoʼlga qoʼydilar: bunda malakali shifokorlar, hali yetarli tajribaga ega boʼlmagan mutaxassislar tomonidan amalga oshirilgan jarrohlik operatsiyasini boshqarib turishadi. Yaqinda esa yana bir tajriba oʼtkazildi, bunda murakkab mikrojarrohlik lazer operatsiyasi masofadan oʼtkazildi. Bemorda emas, balki murdada oʼtkazilgan mazkur amaliyotda uch oʼlchamli video-signallar jarrohdan robotgacha 102 millisekundda yetib borgan.
Hozirda telemeditsina sohasida yurtimizda ham ilk tajriba sinovdan oʼtkazildi. 2020-yilning 17-iyul kuni Innovatsion rivojlanish vazirligi va Sogʼliqni saqlash vazirligi Respublika ixtisoslashtirilgan pediatriya ilmiy-amaliy tibbiyot markazi bilan hamkorlikda respublikada ilk bor telemeditsina amaliyotiga start berdi. Respublika ixtisoslashtirilgan pediatriya ilmiy-amaliy tibbiyot markazining malakali professor va shifokorlari Moʼynoq tumanidagi 18 yoshgacha boʼlgan surunkali kasalliklari bor bolalarni real vaqtda masofadan tibbiy koʼrikdan oʼtkazdilar. Tibbiy koʼrik jarayonida bolalar tekshirilib, ularga eng maqbul davo choralari tavsiya qilindi. Yurtimizning chekka hududlaridan biri Moʼynoq tumanida istiqomat qiluvchi bolalar mazkur tumanda tashkil etilgan zamonaviy Innovatsion telemeditsina klinikasiga kelib, yurtimizning eng yetuk shifokorlaridan maslahatlar oldilar.
— Innovatsion rivojlanish vazirligi binosida joylashgan 5G laboratoriyasi oʼquv mashgʼulotlari va tadqiqotlar olib borishga moʼljallangan, — deydi Innovatsion ishlarmalarni joriy etish ilmiy-amaliy markazi direktori oʼrinbosari Аkbarxon Sobirxonov. – Laboratoriyada talabalar va tadqiqotchilar oʼz loyihalari ustida ishlash, uskunalar va antennalar yordamida ixtirolarining amalda nima qila olishi yoki ularning imkoniyatlarini solishtirib koʼrish imkoniyatiga ega boʼladi. Bizdagi antenna tizimlari (massive MIMO) yordamida biz maʼlumotlar almashinuvidagi xato va kamchiliklarni, oʼzgarishlarni kuzatib borishimiz va internet tezligiga xalaqit beruvchi shovqinlarni aniqlashimiz mumkin. Bundan tashqari, maʼlumotlar uzatib berish qatlamlariga bosim oʼtkazish natijasida internet tezligini oshirishga nima toʼsqinlik qilayotganini kuzatamiz .
Mazkur laboratoriya karantin talablari biroz yumshab, yoki umuman bekor qilinganidan keyin barcha uchun ochiq boʼladi. Iqtidorli yoshlar uchun shu yerda oʼquv kurslari tashkil etiladi. Bu esa 5G imkoniyatlaridan foydalanishni biladigan mutaxassislar sonini oshirishga xizmat qiladi.
Demak, telemeditsinani Oʼzbekistonda qoʼllash uchun mobil aloqa operatorlari bilan hamkorlikda tegishli prototiplarni xarid qilish lozim. Hozirgi kunda foydalanilayotgan 4G mobil internetining maksimal tezligi 100/mbitni tashkil etayotgan boʼlsa, 5G esa kamida 1/Gbit tezlikda ishlaydi, yaʼni internet tezligi kamida 10 barobarga oshadi.
Demak yurtimizga 5G internet tezligining kirib kelishi uzoq hududlardagi bemorlarning davolanishi, ularga jarrohlik amaliyotlarini qoʼllash sifatini oshirishga yordam beradi.
Manba: O‘zbekiston Respublikasi Innovatsion rivojlanish agentligi