Yaponiya xalqaro hamkorlik agentligi – O‘zbekiston uchun rivojlanish bo‘yicha ishonchli hamkor
Joriy yilning 30-iyul kuni O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazirining o‘rinbosari – investisiyalar va tashqi savdo vaziri S.Umurzakov va Yaponiya xalqaro hamkorlik agentligining (JICA) prezidenti Sh.Kitaoka o‘rtasida videomuloqot o‘tkazildi.
Muloqot davomida 2019-yil dekabr oyida Yaponiyaga amalga oshirilgan oliy darajadagi tashrif doirasida erishilgan kelishuvlarni ijro etish bo‘yicha joriy hamkorlik masalalari muhokama qilindi. Jahondagi ro‘y berayotgan epidemiologik vaziyatda umumiy tashabbuslar va loyihalarni amalga oshirish bo‘yicha tizimli ravishda olib borilayotgan ishlarni davom ettirishning ustuvorligi ta'kidlab o‘tildi.
O‘zbekistonning energetika, qishloq xo‘jaligi hamda sog‘liqni saqlash tizimini rivojlantirish sohalaridagi loyihalar batafsil ko‘rib chiqildi. Amalga oshirilayotgan loyihalar doirasidagi jarayonlarni yanada jadallashtirish zarurligi yuzasidan o‘zaro fikr almashildi. O‘zbekistonda meva va sabzavotchilik sohasidagi loyihalarni amalga oshirish uchun Yaponiya moliya institutining qo‘shimcha mablag‘larini jalb qilish istiqbollari alohida muhokama etildi.
Shuningdek, yangi loyihalar doirasidagi mablag‘lar O‘zbekiston iqtisodiyotini amaliy qo‘llab-quvvatlashga, xususan, mahsulotlari eng ko‘p talab qilinadigan tarmoqlarda sanoat ishlab chiqarishini faollashtirishga, kichik va xususiy biznesning faolligini qo‘llab-kuvvatlashga hamda tashqi savdoni rag‘batlantirish va yangi ish o‘rinlarini yaratishga yo‘naltirilishi ta'kidlandi.
Shu bilan birga, Yaponiya Hukumatining Markaziy Osiyo va Afg‘onistonga mintaqaviy barqarorlik va xavfsizlikni ta'minlash, barqaror rivojlanish va mintaqada iqtisodiy integratsiyani mustahkamlash borasida ko‘maklashish istagi yuqori baholandi. Tomonlar "O‘zbekiston-Yaponiya-Afg‘oniston" formatida hamkorlikni mustahkamlashga tayyorligini bildirdi.
O‘zbekiston tomoni mintaqaviy ahamiyatga ega, hususan, infratuzilmani takomillashtirish, sanoat kooperatsiyasini rivojlantirish hamda kichik biznes va xususiy tadbirkorlikni qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan istiqbolli loyihalarning amalga oshirilishida Markaziy Osiyo davlatlari va (USDFC) AQSh Xalqaro moliya korporatsiyasi ishtirokida tashkil etilishi rejalashtirilgan Investisiya jamg‘armasi bilan birgalikda Yaponiya xalqaro hamkorlik agentligining (JICA) ham ehtimoliy ishtirokini ko‘rib chiqish tashabbusi bilan chiqdi.
Videomuloqot yakunida o‘zaro hamkorlikni kengaytirish maqsadida yangi loyihalarni birgalikda ishlab chiqish uchun Yaponiya xalqaro hamkorlik agentligi delegasiyasining O‘zbekistonga tashrifini tashkil etish masalasi bo‘yicha kelishib olindi.
Manba: O‘zbekiston Respublikasi investitsiyalar, sanoat va savdo vazirligi