O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali
O‘zbekiston va Turkiya o‘rtasidagi savdo aylanmasini oshirish imkoniyatlari muhokama qilindi
2020-07-29 | Iqtisodiyot
Joriy yilning 28-iyul kuni hukumat delegatsiyasining Turkiyaga tashrifi davomida O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazirining o‘rinbosari - investitsiyalar va tashqi savdo vaziri S.Umurzakov Turkiya Respublikasi savdo vaziri R.Pekjan bilan uchrashdi.
Uchrashuv davomida o‘zaro savdo munosabatlarining joriy sur’atlari hamda ushbu yo‘nalishda aniq chora-tadbirlarni amalga oshirish orqali o‘zaro savdo hajmini yanada ko‘paytirish istiqbollari yuzasidan konstruktiv fikr almashildi.
Muhokama chog‘ida O‘zbekiston va Turkiya o‘rtasidagi savdo-iqtisodiy sheriklikning strategik ahamiyatga ega ekanligi va so‘nggi yillarda uning qo‘lami barqaror o‘sishni namoyon etayotgani alohida ta’kidlandi: 2019-yilda o‘zaro tovar ayirboshlash hajmi 2,5 mlrd dollarni tashkil etib, oldingi yilga nisbatan 22,7% o‘sishni ko‘rsatdi. Tomonlar pandemiyaning ta’siriga qaramay, o‘zaro savdo hajmini qisqa muddatda 5 mlrd dollarga yetkazish niyatlarini tasdiqlashdi. Shu nuqtai nazardan, bugungi kunda har ikki mamlakat tegishli idoralarining ekspert va mutaxassislari tomonidan ishlab chiqilayotgan imtiyozli savdo to‘g‘risidagi Bitim loyihasini tasdiqlash jarayonini tezlashtirish ustuvor ahamiyatga ega ekanligi ta’kidlandi.
Shuningdek, savdo-iqtisodiy sohasidagi ikki tomonlama munosabatlarni qamrab oluvchi boshqa bir qator dolzarb masalalar, jumladan, har ikki mamlakat karantin xizmatlari o‘rtasidagi hamkorlikni faollashtirish bo‘yicha amalga oshirilayotgan chora-tadbirlar muhokama qilindi. Ushbu hamkorlik birgalikda ishlab chiqilayotgan O‘zbekiston Respublikasi hukumati va Turkiya Respublikasi hukumati o‘rtasida o‘simliklar karantini sohasida hamkorlik to‘g‘risidagi Bitim doirasida amalga oshirilishi kutilmoqda. Bitim imzolanishi, shuningdek, har ikki mamlakat bozorlariga mahsulot yetkazib berishda o‘zbek va turk tadbirkorlarining xarajatlarini kamaytirishga olib keladi.
Transport va logistika sohasidagi hamkorlikni mustahkamlashga alohida e’tibor qaratildi: shu o‘rinda joriy yilning yanvar oyida Toshkent shahrida Qirg‘iziston, Turkmaniston, Ozarbayjon, Gruziya va O‘zbekiston temir yo‘l ma’muriyatlari tomonidan yuk tashish uchun 50% dan 70% gacha tarif chegirmalarini joriy etish to‘g‘risidagi bayon imzolanganligi ta’kidlandi. Uchrashuv davomida Turkiya tomoniga mamlakat temir yo‘l ma’muriyatining ushbu bayonga ehtimoliy qo‘shilish masalasini ko‘rib chiqish taklif etildi.
Shuningdek, Turkiya tomoniga O‘zbekistonning Jahon savdo tashkilotiga kirishi bo‘yicha Ishchi guruhining 4-yig‘ilishi chog‘ida mamlakatimizni qo‘llab-quvvatlagani uchun minnatdorchilik bildirildi.
Joriy yilning fevral oyida Turkiyaga amalga oshirilgan oliy darajadagi tashrif davomida imzolangan “O‘zbekiston Respublikasi va Turkiya Respublikasi o‘rtasidagi iqtisodiy hamkorlik bo‘yicha Harakatlar rejasi”ning bajarilishi alohida ko‘rib chiqildi. Tomonlar ushbu hujjatning barcha bandlarini so‘zsiz bajarilishini ta’minlash bo‘yicha sa’y-harakatlarni muvofiqlashtirish va yangi monitoring mexanizmini joriy etishga kelishib oldilar.
Uchrashuv yakunlari bo‘yicha hamkorlikning belgilangan yo‘nalishlari doirasida kelgusida birgalikda amalga oshiriladigan harakatlar rejalashtirilib, ikki mamlakat tashqi iqtisodiy idoralari darajasida o‘zaro hamkorlikni muvofiqlashtirishni yaxshilash bo‘yicha kelishuvga erishildi.
Manba: O‘zbekiston Respublikasi investitsiyalar, sanoat va savdo vazirligi