O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali
Anqarada “Pandemiya sharoitida iqtisodiy diplomatiya: Turkiya va O‘zbekiston tajribasi” O‘zbekiston-Turkiya biznes-forumi bo‘lib o‘tdi
2020-07-29 | Iqtisodiyot
Joriy yilning 27 iyul kuni Anqara shahrida “ECO AVRASYA” Yevrosiyo iqtisodiy aloqalar uyushmasi bilan hamkorlikda Turkiyaning rasmiy, ekspert-tahliliy va ishbilarmon doiralari hamda O‘zbek diasporasi vakillari ishtirokida “Pandemiya sharoitida iqtisodiy diplomatiya: Turkiya va O‘zbekiston tajribasi” mavzusida O‘zbekiston-Turkiya biznes-forumi o‘tkazildi. Shuningdek, forumda Turkiya tomonidan Turkiya Respublikasi savdo vaziri R.Pekdjan, O‘zbekiston tomonidan O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazirining o‘rinbosari S.Umurzakov ishtirok etdi.
Ta’kidlash kerakki, ikki mamlakat biznes hamjamiyatlarining o‘zaro hamkorligi uchun muloqotning ushbu formati an’anaviy bo‘lib qoldi: bundan oldingi tadbir - “Yangi O‘zbekiston: keng ko‘lamli islohotlar va yangilanish” mavzusidagi O‘zbekiston - Turkiya forumi O‘zbekiston - Turkiya savdo-iqtisodiy hamkorlik bo‘yicha ikki tomonlama Hukumatlararo komissiyasining o‘tgan yil iyul oyida bo‘lib o‘tgan uchrashuvi vaqtiga to‘g‘ri kelgan edi.
Forum doirasida turk biznes vakillari bilan bo‘lib o‘tgan munozaralar davomida bir qator tizimli omillar sababli O‘zbekistonga investitsiyalarni jalb qilishning ulkan salohiyatga ega ekanligi ta’kidlandi. Jumladan, asosiy ijtimoiy-iqtisodiy sohalarda olib borilayotgan izchil islohotlar, makroiqtisodiy barqarorlik, jo‘g‘rofik jihatdan qulay joylashuvi, tabiiy resurslarining, katta ichki bozorning mavjudligi va mintaqa mamlakatlari bilan savdo aloqalarining o‘rnatilganligi hamda iqtisodiyot diversifikatsiyasining yuqori darajasi shular orasidandir. Shuningdek, mamlakatdagi investitsiya muhiti va biznes olib borish sharoitlarini yaxshilashning ko‘rsatkichlari hisoblangan investitsiyalar va tashqi savdo, soliq ma’muriyatchiligi va korruptsiyaga qarshi kurash sohasidagi huquqiy bazani takomillashtirish borasida ijobiy o‘zgarishlar qayd etildi.
Shuningdek, tadbir davomida to‘g‘ridan-to‘g‘ri uchrashuvlar va onlayn platformalardan foydalangan holda muntazam muloqot va birgalikda ish olib borishni tashkil etish hisobiga ikki mamlakatning tegishli vazirliklari, idoralari, biznes uyushmalari va kompaniyalari o‘rtasidagi aloqalarni faollashtirish orqali ikki tomonlama iqtisodiy aloqalarni mustahkamlash zarurligi haqidagi umumiy maqsadlar bayon etildi. Forum ishtirokchilarining fikriga ko‘ra, hozirgi global epidemiologik vaziyatda “iqtisodiy diplomatiya” mexanizmlaridan faol foydalanish makroiqtisodiy barqarorlikni saqlash va pandemiyaning davlat iqtisodiyotiga salbiy ta’sirini kamaytirishning eng samarali usullaridan biri hisoblanadi.
O‘zbekiston delegatsiyasi rahbari, O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazirining o‘rinbosari S.Umurzakov forumda so‘zga chiqib, ikki mamlakat hukumatlari va biznes hamjamiyatlarining sa’y-harakatlari tufayli O‘zbekiston va Turkiya o‘rtasidagi munosabatlar tizimli, ko‘p qirrali xususiyatga ega ekanligini va Turkiya Respublikasi investitsiya, savdo-iqtisodiy sohalarda O‘zbekistonning strategik sheriklari qatoriga kirishini ta’kidladi. Sardor Umurzakov shuningdek, o‘zaro manfaatli va uzoq muddatli hamkorlikning negizida xorijiy kapital uchun O‘zbekistonda yaratilgan qulay shart-sharoitlar hamda ikki tomonlama shartnomalarni hamda erishilgan bitimlarni to‘liq va o‘z vaqtida amalga oshirishga qaratilgan izchil yondashuv yotishini ta’kidladi va Turkiya biznes hamjamiyatini barcha sohalarda O‘zbekiston salohiyatidan foydalanib o‘zaro manfaatli investitsiya va savdo sherikligiga sodiq qolishga chaqirdi.
Tadbir yakunida Turkiya Respublikasi Buyuk milliy majlisi a’zosi J.Yilmaz, Savdo va savdo-sanoat palatalari Uyushmasi raisi R.Xisajiklioglu, “Turkiya-O‘zbekiston” ishbilarmonlar Kengashi (DEIK) raisi I.Ekmekchibashi, “Baktat Gida” kompaniyasi direktorlar Kengashi raisi A.Baklan, shuningdek, pandemiya sharoitlarida ikki davlat o‘rtasida “iqtisodiy diplomatiya”ni amalga oshirishda muhim amaliy yordam ko‘rsatgan Turkiya Sog‘liqni saqlash vazirligi hamda Turkiya transport va infratuzilma vazirligi vakillarini faxriy diplomlar bilan taqdirlash marosimi bo‘lib o‘tdi.
Manba: O‘zbekiston Respublikasi investitsiyalar, sanoat va savdo vazirligi