O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali
"O‘zbekiston-AQSh-Afg‘oniston" hamkorligining uch tomonlama formati doirasida iqtisodiyot bo‘yicha kichik komissiyasining yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi
2020-07-24 | Iqtisodiyot
Joriy yilning 21 iyul kuni “O‘zbekiston - AQSh - Afg‘oniston” hamkorligining uch tomonlama formati doirasida iqtisodiyot bo‘yicha kichik komissiyasining videokonferentsiya shaklidagi yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi.
Amerika tomonidan delegatsiya AQSh Davlat kotibining Markaziy va Janubiy Osiyo bo‘yicha yordamchisining o‘rinbosarlari D.Xenik va N.Djekson, AQShning USAID xalqaro taraqqiyot agentligi, AQSh Xalqaro taraqqiyot moliya korporatsiyasi, (CLDP) Tijoriy huquq rivojlanishining dasturi va (SABIT) Ishbilarmon stajirovkalarining maxsus dasturi, AQSh savdo vazirligi, AQShning BMT oziq - ovqat va qishloq xo‘jaligi tashkilotidagi delegatsiyasining vakillaridan; Afg‘oniston tomonidan - Afg‘oniston tashqi ishlar vazirining iqtisodiy hamkorlik bo‘yicha o‘rinbosari M.Nab, Afg‘oniston savdo va sanoat vazirining o‘rinbosari A.Malikiyar; O‘zbekiston tomonidan - O‘zbekiston investitsiyalar va tashqi savdo vazirining birinchi o‘rinbosari L.Kudratov, Tashqi ishlar, transport, energetika, tarmoq idora va birlashmalari rahbarlaridan tashkil topdi.
Kun tartibiga muvofiq keng ko‘lamli masalalar, jumladan davlatlarning bir-biriga bog‘liqligini mustahkamlash, iqtisodiy hamkorlikni kengaytirish, energetika va transport infratuzilmasini rivojlantirish, transchegaraviy savdo, qishloq xo‘jaligi, sog‘liqni saqlash, farmatsevtika, transchegaraviy ishlab chiqarish va sotish zanjirlarini yaratish, ayollarning iqtisodiy huquq va imkoniyatlarini kengaytirish va uchala mamlakat xususiy tadbirkorlari o‘rtasida hamkorlikni yo‘lga qo‘yish masalalari muhokama qilindi.
Tadbir davomida hamkorlikning uch tomonlama formati ishtirokchi mamlakatlar savdo-iqtisodiy sherikchiligini rivojlantirishda yangi bosqichni anglatishi va yuzaga kelayotgan umumiy muammolarni hal etishning samarali mexanizmi bo‘lishga mo‘ljallanganligi ta’kidlandi.
Savdo - investitsiyaviy sheriklik masalalariga alohida e’tibor qaratildi - tomonlar energetika, sog‘liqni saqlash, farmatsevtika va qishloq xo‘jaligida kooperatsiyaning muhim istiqbollarni ta’kidladilar. O‘zbekiston tomoni qo‘shma investitsiya loyihalar miqdorini va o‘zaro savdo hajmini yanada oshirish, shuningdek, energetika va transport infratuzilmasini rivojlantirish bo‘yicha hududiy loyihalarni amalga oshirish bo‘yicha tizimli ishlarni davom ettirishga tayyorligini bildirdi.
Yangi formatdagi ustuvor tashabbuslardan biri sifatida Amerika tomonining ko‘magi bilan O‘zbekistonda hamda Markaziy Osiyo va Afg‘oniston hududida xususiy sektor loyihalarini moliyalashtirishga imkon beradigan Investitsiya jamg‘armasining tashkil etilishi belgilandi.
Tomonlar hududda transport kommunikatsiyalarini rivojlantirishga, xususan, yuk tashishlarni faollashtirish va istiqbolli bozorlarga o‘zaro to‘siqsiz kirishni ta’minlash maqsadida transafg‘on yo‘lagini rivojlantirishga qiziqish bildirdilar.
Ayollarning iqtisodiy huquq va imkoniyatlarini kengaytirish bo‘yicha Ishchi guruh bilan shuningdek, AQSh va Markaziy Osiyo mamlakatlari o‘rtasida savdo va investitsiyalar bo‘yicha hadli bitim kengashi (TIFA) doirasida ko‘p tomonlama yaqin hamkorlik qilish to‘g‘risida kelishuvga erishildi.
Ishbilarmon doiralarning o‘zaro hamkorligini kuchaytirishga alohida urg‘u berildi - yig‘ilish doirasida uch mamlakat ishbilarmon doiralari ishtirokida "O‘zbekiston - AQSh - Afg‘oniston" uch tomonlama biznes-forumini tashkil etish istiqbollari muhokama qilindi.
Yig‘ilish yakuni bo‘yicha tomonlar birgalikdagi faoliyat strategiyasini ishlab chiqish hamda qo‘shma loyihalar va tashabbuslarni amalga oshirishning samarali mexanizmlarini shakllantirishga kelishib oldilar. Tadbir yakunida O‘zbekistonning ushbu formatdagi hamkorlikni rivojlantirishga qiziqishi yana bir bor ta’kidlandi, shuningdek, Amerika va Afg‘oniston tomoniga mintaqada barqarorlik va xavfsizlikni yanada mustahkamlash bo‘yicha ko‘rsatayotgan yordamlari uchun minnatdorchilik bildirildi.
Manba: O‘zbekiston Respublikasi investitsiyalar, sanoat va savdo vazirligi