O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali
Deputatlar faoliyatini monitoring qilish va baholash uchun elektron tizim ishlab chiqiladi
2020-07-23 | Texnologiyalar
Oʼzbekiston Respublikasi Innovatsion rivojlanish vazirligi huzuridagi «Аxborotlashtirish va axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini rivojlantirish» sektsiyasi boʼyicha” Ilmiy-texnik kengashining onlayn yigʼilishi boʼlib oʼtdi. Yigʼilishga t.f.d., professor Sh.X.Fozilov raislik qildi.
Davlat ilmiy-texnik dasturlari doirasida bajariladigan innovatsion loyihalar tanlovining muhokamasi eshitildi. Xususan «Elektron parlament» tizimi doirasida amalga oshiriladigan tegishli loyihalar roʼyxati aniqlandi. Hozirda «Elektron parlament» yagona loyihasi doirasida deputatlar faoliyatini monitoring qilish va baholash uchun elektron tizimni ishlab chiqish zarurati mavjud. Umuman olganda, davlat organlari faoliyatini avtomatlashtirishni va ularning ochiqlik darajasini oshirishni taʼminlaydigan loyihalarni amalga oshirish davlat boshqaruvi tizimini avtomatlashtirishning dolzarb yoʼnalishi hisoblanadi. Bunday tizimning rivojlanishi davlat boshqaruvi tizimining samaradorligini, demokratik jarayonlarning sifatini va vakillik organlarining hisobdorligini oshirishning yangi innovatsion usulini joriy etishga imkon beradi. Shu nuqtai nazaridan bajarilishi ikki yilga moʼljallangan «Qonunchilik palatasi deputatlarining faoliyati samaradorligini baholash va reyting axborot tizimini yaratish» mavzusida innovatsion loyiha taqdim etildi.
Shuningdek, ilmiy faoliyatga oid davlat dasturlarining yagona elektron platformasi uchun maxsus dasturiy mahsulot yaratish masalasi yigʼilish ishtirokchilari tomonidan muhokama etildi. «Ilmiy faoliyatga oid davlat dasturlarining intellektual elektron platformasi yaratish» mavzusida innovatsion loyiha taqdim etildi. Mazkur loyihadan koʼzlangan asosiy maqsad ilmiy -tadqiqot ishlariga davlat buyurtmasi doirasida amalga oshiriladigan fundamental, amaliy va innovatsion loyihalarni (tematik, maqsadli tashabbuskor) shakllantirish, tanlab olish, ekspertizadan oʼtkazish, monitoring qilish, baholash, joriy qilish va tijoratlashtirish uchun tavsiya qilishni oʼz ichiga olgan elektron platformani yaratishdan iborat. Onlayn-platformaning ishga tushirilishi natijasida koʼp vaqt va ortiqcha ishchi kuchi sarflanishining oldi olinadi. Ilmiy loyihalarga oid har qanday statistik, tahliliy va prognozlashtirish bilan bogʼliq maʼlumotlarni tezkorlik bilan olish imkoniyati kengayadi.
Bundan tashqari, yigʼilish ishtirokchilari Аxborot texnologiyalari (АT) sohasining iqtisodiyotning boshqa tarmoqlari bilan integratsiyasini taʼminlash maqsadiga qaratilgan «Mulьtimediali aloqa tarmoqlarini loyihalash va tadqiq etish uchun virtual oʼquv laboratoriya ishlab chiqish» nomli loyihasini muhokama qildilar. Mazkur loyiha АT sohasidan boshqa yoʼnalish (qishloq xoʼjaligi, harbiy, tibbiyot va hk.,)larda tahsil olgan mutaxassislar, masalan, АT+qishloq xoʼjaligi yoki АT+harbiy yoki АT+tibbiyot yoʼnalishda faoliyat olib borishlari uchun АT koʼnikmalarini oʼzlashtirish imkoniyatini beradi.
Bildirilgan fikr mulohazalar, ekspertlar bahosini eʼtiborga olib, Ilmiy - texnik kengashi birinchi ikkita loyihani moliyalashtirishga tavsiya etdilar. Uchinchi loyihaning mavzusi dolzarb boʼlsa-da, bunday majmualarning turli tillarda yaratilgan analoglari mavjudligi qayd etildi. Loyiha doirasida yakuniy innovatsion mahsulot olish koʼzda tutilmagani eʼtiborga olib, innovatsiya mavjud emas degan xulosa qilindi va moliyalashtirishga tavsiya etilmadi.
Moliyalashtirishga tavsiya etilgan loyihalar Innovatsion rivojlanish vazirligi Hayʼatining qarori bilan tasdiqlanganidan soʼng moliyalashtirilishi koʼzda tutilgan.
Manba: O‘zbekiston Respublikasi Innovatsion rivojlanish agentligi